Ma’lumki, Davlat ekologik ekspertiza markazi tomonidan eco-service.uz tizimi ishga tushirilgan va endilikda u orqali obyektlarni ekologik talablarga muvofiqligini aniqlash uchun onlayn ekspertizadan o‘tkazish mumkin.

Xo‘sh, mazkur tizimga arizalar qay tartibda topshiriladi?

Davlat ekologiya ekspertizasi markazi matbuot xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, “eco-service.uz” sayti bosh sahifasidagi “buyurtma yuborish” tugmasi orqali keltirilgan ketma-ketlikda buyurtmachi ma’lumotlari, ekspertiza obyekti ma’lumotlari, texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlari va atrof-muhitga ta’siri to‘g‘risidagi ma’lumotlarni to‘ldirib chiqish zarur bo‘ladi.

Buyurtmachi (tashabbuskor) rejalashtirilayotgan yoki amalga oshirilayotgan faoliyat bo‘yicha hujjatlarni davlat ekologik ekspertizasiga taqdim qiladigan yuridik yoxud jismoniy shaxs hisoblanadi.

Ariza topshirish jarayonining 2-bosqichida ekspertizadan o‘tkazish kerak bo‘lgan obyekt haqida ma’lumotlar kiritiladi. Bunda atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatuvchi “Faoliyat toifasi” va “Faoliyat turi” tanlanadi. Agar faoliyat turi atrof-muhitga ta’sir ko‘rsatishning 4-toifasiga mansub bo‘lsa, bir vaqtning o‘zida bir nechta faoliyat turlarini tanlash mumkin va ekspertiza obyektiga tegishli yer ustki suvlar to‘g‘risida ma’lumot, muhofaza etiladigan tabiiy hududlar, “qizil kitob”ga kiritilgan o‘simlik va hayvonotlar, qurilish ostiga tushadigan daraxtlar kabi bir qancha ma’lumotlarni ham kiritish lozim bo‘ladi.

Tizimning keyingi texnik-iqtisodiy ko‘rsatkichlar bo‘limida buyurtmada ko‘rsatilgan faoliyat turiga mos ma’lumotlarni kiritish kerak. Ya’ni, hududning umumiy maydoni, binolar qurilishi uchun maydon, ko‘kalamzorlashtirilgan maydon, obyektning ishlash vaqti, ishchilar soni va chiqindilar ro‘yxati kabi bir nechta ma’lumotlar zarur bo‘ladi.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA