Pensiyaning eng kam miqdorlari minimal iste’mol xarajatlari miqdoriga yetkazildi. Bu bo‘yicha Prezident Farmoni qabul qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ayrim hujjatlariga o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»  2024-yil 30-aprel kuni (PF–69-son) Farmoni  qabul qilindi.

Farmonga ko‘ra, 2024-yilning 1-mayidan boshlab minimal iste’mol xarajatlari 648 ming so‘m miqdorda belgilanganligi sababli quyidagi pensiyalarning miqdori oshirildi:

— ish staji to‘liqsiz chog‘dagi yoshga doir pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 648 ming so‘m;

— boquvchisini yo‘qotganlik pensiyasi oluvchi bir nafar mehnatga qobiliyatsiz oila a’zosi uchun pensiyaning eng kam miqdori – oyiga 648 ming so‘m etib belgilandi.

Buning natijasida 751 ming nafar yoshga doir  va 110 ming nafar boquvchisini yo‘qotganlik pensiyalarini oluvchi fuqarolarning pensiyalari minimal iste’mol xarajatlari miqdoriga yetkaziladi.

Pensiyalarni oshirish uchun Pensiya jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan 180 mlrd. so‘m qo‘shimcha mablag‘lar ajratiladi.

Yaqinda Statistika agentligi Matbuot xizmati 2024-yil may oyidan hisoblangan minimal iste’mol xarajatlari qiymati bir oyda kishi boshiga 648 ming so‘mni tashkil qilgani haqida xabar bergan edi.  (2024-yil yanvarda e’lon qilingan qiymat 621 ming so‘mni tashkil etgan).

Ma’lumki, minimal iste’mol xarajatlari ko‘rsatkichidan pensiyalar va nafaqalarning eng kam miqdorini belgilash, shuningdek, kambag‘al oilalarga beriladigan boshqa turdagi moddiy ko‘maklarni ko‘rsatishda mezon sifatida foydalaniladi.

O‘zA