Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tomonidan matbuot anjumani tashkil etildi.

Unda qayd etilishicha, ko‘p kvartirali uylarda umumiy mol-mulkni saqlash, undan foydalanish va uni ta’mirlash hamda ko‘p kvartirali uyga tutash yer uchastkasini obodonlashtirish uchun majburiy badallar yoki to‘lovlarning eng kam miqdorlari belgilandi.

To‘lovlar binodagi qavatlar soniga bog‘liq. Masalan, Toshkent shahrida kommunikatsiyalari mavjud bo‘lgan ikki qavatli uylar uchun tarif 1 kv metr uchun 1147−1149 so‘m, 3 qavatli binolar uchun 1303−1305 so‘m, 4 qavatli binolar uchun 1514−1518 so‘m, liftsiz 5 qavatli binolar uchun 1512−1514 so‘m, liftli 6 qavatli binolar uchun 1110 so‘m, 7 qavatli binolar uchun 1703−1709 so‘m, 8 qavatli uchun 1701−1707 so‘m, 9 qavatli uchun 1700−1706 so‘m, 10 qavatdan boshlangan binolar uchun esa 1828−1830 so‘mni tashkil etadi.

Bugungi kunda respublikada 1 million 400 mingdan ziyod xonadondan iborat 42 ming 57 ta ko‘p kvartirali uylar mavjud bo‘lib, shundan 38 ming 686 ta uylarga 819 ta boshqaruvchi tashkilotlar, 836 tasiga 156 ta uy-joy mulkdorlari shirkatlari xizmat ko‘rsatadi. 1 ming 130 ta uylar o‘zini o‘zi boshqarish va 1 ming 405 ta uylar idora va tashkilotlar balansida.

Boshqaruvchi tashkilotlar tomonidan bugungi kunga qadar ma’muriy bino qurish va ta’mirlash uchun 58 milliard so‘m mablag‘ sarf qilindi. Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda boshqaruvchi tashkilotlar balansida jami 17 mingtadan ziyod zarur moddiy-texnika va uskunalar mavjud. Shuningdek, boshqaruvchi tashkilotlarda 11 ming nafardan ortiq ishchi-xodimlar faoliyat yuritib kelmoqda.

2023-2024-yillar respublikadagi 5 ming 684 ta ko‘p kvartirali uylarda jami 278,6 milliard so‘m mablag‘ hisobidan ta’mirlash ishlari amalga oshirildi. Shu bilan birga, boshqaruv tashkilotlari mablag‘lari hisobidan 2024-yil 30-aprel holatiga 1 ming 8 ta ko‘p kvartirali uylarda ta’mirlash ishlari olib borildi.

Shuningdek, respublika bo‘yicha 2024-2025-yillarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik doirasida boshqaruv tashkilotlarining 5 ming 493 ta ko‘p kvartirali uylarini 126,6 milliard so‘m mablag‘ hisobidan joriy ta’mirlash rejalashtirildi. Hozirgi kun holatiga ko‘ra mazkur ishlarning 20 foizi bajarildi.

Davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga asosan “Mening uyim” billing tizimi joriy qilindi. Tizimga uy-joy mulkdorlarining shaxsiy identifikatsiya va ularning tegishli mol-mulki kadastr raqamidan foydalangan holda respublikadagi 38 ming 984 ta ko‘p kvartirali uylar kiritildi.

“Mening uyim” billing tizimi orqali 2022-yilda 238,9 milliard so‘m, 2023-yilda 460,4 milliard so‘m va 2024-yil 30-aprel holatiga 240 milliard so‘m, ya’ni rejaga nisbatan 95 foiz majburiy badal to‘lovlari kelib tushgan.

Aholining boshqaruv organlari oldidagi majburiy badal to‘lovidan 2024-yil 30-aprel holatiga 207 milliard so‘m debitor qarzdorligi mavjud. Debitor qarzdorlikni undirish tadbirlari davom etmoqda. Hozirgi kunda tushum o‘rtacha 95 foizni tashkil etadi.

O‘tgan yil 15-avgustda davlatimiz rahbarining “Ko‘p kvartirali uylar boshqaruvini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi dagi qarori qabul qilindi.

— Mazkur qaror ijrosini ta’minlash maqsadida vazirligimiz tomonidan ko‘p kvartirali uylarni boshqarish tizimini yanada takomillashtirish, boshqaruv organlari va mulkdorlar o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlikni kuchaytirish, aholiga sifatli xizmat ko‘rsatish va ko‘rsatilgan xizmatlar uchun to‘lov intizomini ta’minlash maqsadida majburiy badallar yoki to‘lovlarning eng kam miqdorini belgilandi, — deydi qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vaziri o‘rinbosari Ozoda Jo‘rayeva. — Bunda vazirlik huzurida ishchi guruhi tuzilib, respublikadagi ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari tomonidan umumiy mulkni saqlash xarajatlarini tumanlar bo‘yicha, shuningdek, ko‘p kvartirali uylarning qavatlari soniga qarab Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrida tahlil qilindi. Shuningdek, ta’kidlash lozimki, abonentlarning o‘tgan davrdagi mavjud majburiyatlari, ya’ni qarzlari bo‘yicha qarz majburiyatlarini qayta hisob-kitob qilish amalga oshirilmaydi.

Matbuot anjumanida qayd etilishicha, eski tariflar bo‘yicha mavjud qarz saqlanib qoladi, faqat umumiy mulkni boshqarish va saqlash bo‘yicha boshqaruv tashkiloti tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun 1-maydan boshlab to‘lov miqdori ortadi. Shunga ko‘ra, mulkdorlarning umumiy mulkni saqlash bo‘yicha majburiyatlari joriy yilning 1-mayidan boshlab yangi tarif bo‘yicha hisoblab chiqiladi va mavjud qarzga qo‘shiladi. 2024-yil 1-maydan boshlab eng kam tarifni qo‘llash barcha ko‘p qavatli uylarni boshqarish organlari uchun majburiy hisoblanadi.

Hozirda Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi tarkibida “Kommunal ta’minot markazi” tashkil etilib, aholi orasida majburiy badalning eng kam miqdori va uning uylarni lozim darajada saqlashdagi ahamiyati bo‘yicha tushuntirish ishlari olib borilmoqda. Shuningdek, markaz tomonidan metodologik qo‘llanma ishlab chiqilib, sohada qabul qilinayotgan yangi qonunchilik hujjatlari yuzasidan batafsil ma’lumotlar berilmoqda.

Shahnoza Mamaturopova, O‘zA