Nukusda qayta tashkil qilingan Qoraqalpog‘iston Respublikasi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatining ochilish marosimi bӯlib ӯtdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi o‘rinbosari A.Davletov, O‘zbekiston Badiiy akademiyasi raisi A.Nuridinov so‘zga chiqib, yig‘ilganlarni maktab-internatning ochilishi bilan qutladi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda yoshlar masalasiga davlat siyosati darajasida e’tibor qaratilmoqda. O‘zbekiston yoshlari xalqimizning boy ma’naviy-ma’rifiy merosini, zukkoligi, mehnatsevarligi, vatanparvarlik kabi yaxshi tuyg‘ularni o‘zida jamlagan holda jamiyatimizda munosib o‘rin egallamoqda. Jumladan, 2017 – 2021 yillarda Ӯzbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini «Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturida belgilangan vazifalarni, yosh avlodning ilmga bo‘lgan qiziqishini oshirish, ijodiy salohiyatini namoyon qilish borasidagi tajribali san’at sohasi mutaxassislari bilan birgalikda mahorat darslari, har xil ko‘rik-tanlov va ko‘rgazmalar o‘tkazilib kelinmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yili 9 yanvardagi “Ixtisoslashtirilgan san’at va madaniyat maktablari hamda maktab-internatlarining faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorning 3-ilovasi bilan tasdiqlangan Nizom asosida o‘quvchilarni mutaxassislik fanlari bo‘yicha chuqurlashtirilgan va kasbga yo‘naltirgan holda o‘qitish, ularning intellektual jihatdan kamol topishini va ma’naviy rivojlanishini ta’minlash hamda yuksak vatanparvarlik ruhida tarbiyalash maqsad qilib belgilangan. Shuningdek, tasviriy va amaliy san’at, dizayn va musiqa, shuningdek, musiqa ijrochiligi sohalaridagi mutaxassisliklar bo‘yicha o‘quvchilarga chuqurlashtirilgan ta’lim berishni ta’minlash, o‘quvchilarning ijodiy salohiyatini namoyon qilish, oliy ta’lim muassasalariga kirishlari uchun yetarli sharoit yaratish hamda tanlagan kasbi va ixtisosligiga muvofiq mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishi uchun yuqori darajada sifatli bilimlar olishini va kasbiy tayyorgarligini ta’minlaydigan davlat ta’lim talablari doirasida ixtisoslashtirilgan o‘quv dasturlarini amalga oshirish vazifalari belgilangan.

Ushbu maqsad va vazifalarni amalga oshirish borasida Qoraqalpog‘iston Respublikasi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internatida o‘quvchilarning har tomonlama kamol topishi uchun qulay sharoit, shu jumladan, o‘quvchilarning o‘z ustida yakka tartibda ishlashi va qo‘shimcha bilim olishi uchun imkoniyatlar yaratilgan. Mazkur maktab-internatida ta’lim oluvchi o‘quvchilar xalqaro, respublika miqyosida o‘tkazilib kelinayotgan ko‘rik-tanlovlar, ko‘rgazmalar va boshqa tadbirlarda faol ishtirok etib kelmoqda.

Hozirgi kungacha maktabda ta’lim olayotgan o‘quvchilarning aksariyati Nukus shahridan edi. Orolbӯyining boshqa tumanlaridan san’at sohasiga qiziquvchi iqtidorli bolalarni aniqlash va ularni qamrab olish maqsadida, shuningdek, tumanlardan iqtidorli bolalar va ularning ota-onalari tomonidan bildirilgan murojaatlarini ijobiy hal etish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashining farmoyishi hamda O‘zbekiston Badiiy akademiyasining tegishli buyrug‘iga asosan 2021/2022 o‘quv yilidan Qoraqalpog‘iston Respublikasi ixtisoslashtirilgan san’at maktab-internati sifatida qayta tashkil qilindi. Maktab-internati uchun qurilgan o‘quv binosi 330 nafar, turar joyi 100 nafar o‘quvchiga mo‘ljallangan bo‘lib, bu yilgi o‘quv yilida 250 nafar o‘quvchi ta’lim olmoqda.

–Ӯquv yurtimiz O‘zbekiston Badiiy akademiyasi tizimidagi san’at sohasidagi tasviriy va amaliy san’at, dizayn hamda musiqa ijrochiligi yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassis tayyorlaydigan ta’lim muassasasi hisoblanadi, – deydi maktab-internati direktori J.Dosbergenov.–  Maqsadimiz san’atga qobiliyatli ijodkor yoshlarni aniqlash va ularni O‘zbekiston Respublikasi, xalqaro miqyosida o‘tkaziladigan tanlovlar, ko‘rgazmalar va boshqa tadbirlarda faol ishtirokini ta’minlash, ularning ijodiy ishlarini yuzaga chiqarish orqali xalqimizning milliy san’atini yanada keng jamotchilikka tanishtirishdan iborat.

Tadbir ishtirokchilari ta’lim oluvchilarga yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdi.

Nukus garnizoni harbiy orkestri jamoasi hamda iqtidorli yolar tomonidan konsert dasturi namoyish etildi.

 

Dovud ABIBULLAEV,  

Maqsad HABIBULLAEV (surat), O‘zA