O‘zbekiston Ekologik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Narzullo Oblomurodov Qashqadaryo viloyatida saylovchilar bilan uchrashuvda saylovoldi dasturida «yashil» iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish xususida ta’kidlab o‘tdi.

– «Biz kelajak uchun javobgarmiz» shiori ostida saylovoldi dasturimizning bosh maqsadi – mamlakatda ekologik barqarorlikni ta’minlash hamda tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, yashil taraqqiyot tamoyillarini iqtisodiyotni barcha sohalariga keng joriy etish orqali xalqimiz va kelajak avlod uchun munosib turmush sharoitlari yaratish hamda farovon jamiyat barpo etishdan iborat.

Ekologik partiya O‘zbekistonning «yashil» iqtisodiyotga o‘tish strategiyasi, «2030 yilgacha bo‘lgan davrda O‘zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish Konsepsiyasi» va boshqa istiqbolli davlat dasturlarini izchil amaliyotga joriy etilishini qo‘llab-quvvatlaydi.

Ushbu maqsadlarda ilm-fanni jadal rivojlantirish, yuqori malakali kadrlarni tayyorlash hamda sanoat, transport, qurilish va boshqa sohalarda ekologik modernizatsiyalashni amalga oshirish, eng zamonaviy ekologik toza texnologiyalarning joriy etilishini ta’minlash talab etiladi.

Ekologik partiya «Yashil taraqqiyot – farovonlik asosi!» shiori ostida ekologik barqaror rivojlanishga yo‘naltirilgan «yashil» siyosatni hayotga tatbiq etish g‘oyasini ilgari suradi.

Unda ustuvor vazifalar qatorida ekologik toza transport vositalaridan foydalanishni keng joriy etish, yoqilg‘i sifatini xalqaro standartlarga moslashtirish, shuningdek, elektr transportini rivojlantirish bo‘yicha dasturlarni qabul qilish; tejamkor sug‘orish texnologiyalarini keng joriy etish orqali asosiy turdagi qishloq xo‘jaligi mahsulotlarining hosildorligini o‘rtacha 25-30 foizgacha oshirish; chekka va olis hududlarda qayta tiklanuvchi va muqobil energiya manbalaridan foydalanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash; energetika sohasida yalpi ichki mahsulotga nisbatan uglerod sarfi hajmining kamayishiga va 2050 yilga to‘liq voz kechishiga erishish, sohada innovatsion yechimlarni tatbiq etishni rag‘batlantirish kabi muhim yo‘nalishlar belgilangan.

 

O‘lmas Barotov, Jamshid Norqobilov (surat), O‘zA