Hurmatli yig‘ilish ishtirokchilari!
Bugungi yig‘ilishimiz mamlakatimiz hayotidagi muhim voqea – O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni arafasida o‘tkazilmoqda.
Avvalo, sizlarni va barcha yurtdoshlarimizni ana shu umumxalq bayrami bilan chin qalbimdan samimiy tabriklashga ruxsat bergaysiz.
Bundan roppa-rosa bir yil avval mana shu o‘quv yurtida – O‘zbekiston Qurolli Kuchlari akademiyasida mamlakatimiz Qurolli Kuchlarini yanada isloh qilish bo‘yicha oldimizda turgan vazifalarni atroflicha muhokama qilgan edik.
Uchrashuvda harbiy kadrlar tayyorlash sohasidagi dolzarb vazifalardan biri sifatida Akademiya faoliyatini takomillashtirish masalasi ko‘rib chiqilgan edi. Bugungi yig‘ilishimiz mutlaqo yangilangan Akademiyada o‘tkazilayotgani hammamizni quvontirmoqda. Bu yerda tashkil etilgan zamonaviy situatsion markaz yil davomida amalga oshirgan ishlarimiz natijasidir.
O‘tgan yil mobaynida biz bu borada erishgan yutuq va ijobiy misollarni ko‘plab keltirish mumkin. Shu bilan birga, mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash sohasida hali ancha muammolar borligini qayd etish zarur. Ularni hal qilish yuzasidan 2018-yilda va kelgusi yillarda qattiq ish olib borishimiz lozim.
Men yil davomida Qurolli Kuchlarning jangovar tayyorgarligi va qobiliyatini tahlil qilib bordim. Harbiy o‘quv mashqlarini Kattaqo‘rg‘on poligonida kuzatdim, Janubi-G‘arbiy, Sharqiy va Toshkent harbiy okruglarida Mudofaa vazirligi va chegara qo‘shinlari bo‘linmalarini, bugun esa Chirchiq shahridagi harbiy qismni borib ko‘rdim. Harbiy xizmatchilar bilan suhbatlashdim, mansabdor shaxslarning hisobotlarini eshitdim. Natijada ko‘p yillar davomida yig‘ilib qolgan jiddiy, tizimli muammolar aniqlandi. Bular – kadrlar masalasi, qo‘shinlarni zamonaviy qurol-yarog‘lar bilan ta’minlash, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish, yoshlar va harbiy xizmatchilarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga taalluqli muammolardir.
Albatta, o‘tgan yili birinchi navbatda hal etilishi kerak bo‘lgan ko‘plab masalalar bo‘yicha aniq qarorlar qabul qilindi.
Lekin, tan olishimiz kerak, ularning barchasi tizimli emas, balki ma’lum bir yo‘nalish va bo‘g‘indagi muammolarni bartaraf etishga qaratilgan ishlardir. Ana shu holatni hisobga olib, Vatanimiz xavfsizligini mustahkamlash, uning mudofaa qobiliyatini kuchaytirishdek g‘oyat muhim sohada ko‘plab muammolar mavjudligini anglagan holda, biz yangi Mudofaa doktrinasini qabul qildik. Ushbu hujjatda mamlakatimizning harbiy qurilishi va Qurolli Kuchlarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha asosiy yo‘nalish va zamonaviy yondashuvlar aks ettirildi.
2017-yil 12-dekabrda Prezident farmoni qabul qilinib, unda mavjud murakkab holatdan chiqishning ta’sirchan va samarali chora-tadbirlari belgilab berildi.
Bugun sizlar bilan o‘tgan yilda amalga oshirgan ishlarimizga yakun yasab, kelgusidagi vazifalarimiz haqida gaplashib olishimiz zarur.
Hurmatli yig‘ilish qatnashchilari!
Hozirgi vaqtda mintaqamizda va dunyoda hukm surayotgan, oldindan aytib bo‘lmaydigan murakkab sharoitda mamlakatimiz xavfsizligi va hududiy yaxlitligini ta’minlash, jamiyatimizda tinchlik va hamjihatlikni mustahkamlash qanchalik katta ahamiyatga ega ekanini barchamiz chuqur anglaymiz. Bu esa o‘tgan davr mobaynida erishgan yutuqlarimiz va yo‘l qo‘ygan kamchiliklarimiz, to‘planib qolgan muammolarni chuqur tahlil qilish, bugun hayotning o‘zi ilgari surayotgan talablarni hisobga olishni taqozo etmoqda.
Biz ayni shu asosda mamlakatimiz mudofaa salohiyatini mustahkamlashni O‘zbekistonni rivojlantirish bo‘yicha Harakatlar strategiyasining ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilab oldik. Strategiyaga binoan 2017-yilda boshqa sohalar qatorida harbiy qurilish borasida ham keng ko‘lamli o‘zgarishlar amalga oshirildi. Qisqa muddatda dastlabki aniq natijalarga erishdik va yangilanayotgan Qurolli Kuchlarimiz bo‘yicha strategik yondashuvni ishlab chiqdik.
Birinchidan, tashqi siyosatimizning moslashuvchanlik va ochiqlik prinsiplariga, eng asosiysi, qo‘shni davlatlar bilan do‘stona va amaliy munosabatlarni rivojlantirish, Vatanimiz suvereniteti va mustaqilligini mustahkamlashdek biz uchun ustuvor bo‘lgan tamoyillarga tayangan holda, mamlakatimiz Mudofaa doktrinasi sifat jihatidan yangilandi. Bu doktrinaning ma’no-mazmuni birinchi marta ochiqlik xususiyatiga ega bo‘ldi. Bu esa bizning mudofaa siyosatimizning ochiqligini namoyish etmoqda. Doktrinada O‘zbekistonning mudofaa sohasidagi siyosati bo‘yicha prinsipial yondashuvlar, ularni qo‘llash asoslari, Qurolli Kuchlar oldida turgan vazifalar, shuningdek, milliy armiyamiz qurilishi va rivojlanishini davom ettirish bo‘yicha istiqbolli yo‘nalishlar belgilab berildi.
Barchangizning e’tiboringizni muhim bir masalaga qaratmoqchiman: Mudofaa doktrinasi qoidalari qog‘ozda qolib ketmasligi, biz ularni hayotga so‘zsiz joriy etishni ta’minlashimiz shart.
Shu munosabat bilan Oliy Majlis Mudofaa doktrinasini amalga oshirish, bu masala bo‘yicha muntazam ravishda parlament nazoratini olib borishi maqsadga muvofiqdir. Umuman olganda, deputat va senatorlarimiz mudofaa va harbiy qurilish masalalariga befarq bo‘lmasdan, bu borada o‘z faoliyatlarini kuchaytirishlari, har bir chorakda ikki marta Oliy Majlis palatalarining yig‘ilishlarida ushbu yo‘nalishdagi ishlarning ahvolini muhokama qilib borsalar, ayni muddao bo‘lardi.
Quyi palata hamda Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari bo‘yicha qo‘mitalari raislari, mudofaa vaziri va boshqa tegishli tuzilmalar rahbarlari quyidagi vazifalarni amalga oshirishlari zarur:
– amaldagi qonunchilikka tegishli o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish, Mudofaa doktrinasi asosida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlarini strategik qo‘llash bo‘yicha hujjatlar qayta ishlab chiqilishini ta’minlash;
– harbiy xizmatchilar, jamoatchiligimiz va chet ellik hamkorlarimiz o‘rtasida mudofaa siyosatimizning asosiy prinsiplarini tushuntirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlarni tashkil etish lozim. Bu borada mazkur siyosatning ochiqligi hamda xavfsizlik va mudofaa sohasida boshqa xorijiy mamlakatlar bilan amaliy munosabatlarni rivojlantirish biz uchun ustuvor ahamiyatga ega ekaniga e’tibor qaratish darkor.
Ikkinchidan, Mudofaa doktrinasi qoidalari va mamlakatimizning geostrategik joylashuvini hisobga olgan holda, harbiy okruglarning tarkibiy tuzilishi va vazifalari tubdan qayta ko‘rib chiqildi.
Xususan, Mudofaa vazirligining barcha birlashma va qismlarining tarkibiy tuzilmasi to‘liq yangilandi. Biz bo‘linmalarga jangovar tayyorgarlik bilan to‘laqonli shug‘ullanish, harbiy xizmatchilarning kasbiy malakasini oshirish va o‘z yo‘nalishi bo‘yicha vazifalarni aniq bajarish uchun tayyor bo‘lishiga alohida e’tibor qaratdik. Bunga imkon bermagan tuzilmalardan butunlay voz kechdik.
Shundan kelib chiqqan holda, harbir ofitser va serjant egallab turgan lavozimidan qat’i nazar, o‘z faoliyatiga tanqidiy baho berishi kerak. Ular “Men kelgusida xizmatni davom ettirishga munosibmanmi yoki yo‘qmi?” degan savolga javob berishi shart.
Men harbiy xizmatchilarimizning jismoniy va ruhiy tayyorgarligi bilan bog‘liq bir qator muammolarga e’tibor qaratmoqchiman. Nega deganda, jismoniy tayyorgarlik harbiy xizmatchilar uchun xizmat faoliyatida, harbiy karerasida va umuman, turmush tarzida hal qiluvchi omillardan biri bo‘lishi zarur.
Harbiy xizmatchilarning ruhiy jihatdan chidamli bo‘lishi haqida gapirganda, keyingi paytda dunyoning turli mintaqalarida sodir bo‘layotgan qurolli to‘qnashuvlarda ko‘zga tashlanayotgan bir holatga e’tiboringizni qaratmoqchiman. Ya’ni, jangovar harakatlar davomida shaxsiy tarkib o‘rtasidagi yo‘qotishlarning asosiy qismi kuchli ruhiy ta’sir va zarbalar bilan bog‘liq ekani ma’lum bo‘lmoqda. Bunday ruhiy jarohatlarni hatto tinch hayot sharoitida ham davolash juda murakkab masaladir.
Shu munosabat bilan tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari barcha toifadagi harbiy xizmatchilarning jismoniy va ruhiy tayyorgarligi bo‘yicha prinsipial jihatdan yangi me’yoriy hujjatlar ishlab chiqishi zarur. Bu borada asosiy e’tiborni harbiy-amaliy masalalarni hal etishga yo‘naltirish lozim. Harbiy xizmatchilar har tomonlama sog‘lom va chidamli bo‘lishi, har qanday murakkab jismoniy va ruhiy sinovlarga bardosh berishi kerak.
Qo‘shinlardagi tashkiliy-shtat o‘zgarishlariga oid masalalarga yana bir bor e’tibor qaratib, ta’kidlab aytmoqchiman: hozirgi paytda Mudofaa vazirligi tomonidan qo‘shinlarni yangi tashkiliy tuzilmaga o‘tkazish ishlari boshlandi. Bu ishlar yangi o‘quv yiliga qadar yakunlanishi zarur.
Ana shu chora-tadbirlar haqida gapirganda, mudofaa vaziri va uning o‘rinbosarlari e’tiborini ushbu vazifalarning naqadar muhim ekaniga qaratmoqchiman. Ularning ijrosini shaxsan o‘zim nazorat qilib boraman.
Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i P.Ergashev bu borada faqat mexanizm yaratish emas, balki uni samarali ishlatish o‘ta muhim ahamiyatga ega ekanini chuqur anglab yetishi kerak. Qo‘shinlar istalgan daqiqada o‘z oldiga qo‘yilgan vazifalarni bajarishga qodir bo‘lishi kerak. Ular jangovar tayyorgarlikning yangi tizimi bo‘yicha muntazam shug‘ullanib borishi, barcha harbiy xizmatchilar haqiqiy professional kadr bo‘lishi uchun o‘z sohasini puxta egallashi shart.
Nima uchun bu talablar bugun kun tartibiga keskin qilib qo‘yilmoqda? Chunki, Mudofaa vazirligidagi ko‘plab mansabdor shaxslar ishonchni oqlamagani, o‘zlarini ko‘rsatishda sustkashlikka yo‘l qo‘ygani, ularda tashabbus yo‘qligi, mustaqil qarorlar qabul qilishni, mas’uliyatni o‘ziga olishga tayyor emasligi bunga sabab bo‘lmoqda.
Holbuki, ularga o‘z qobiliyatini amalda namoyon etishi uchun barcha imkoniyatlar yaratib berilgan edi. Bunday kamchiliklar mudofaa vazirligi sobiq rahbariyati faoliyatining natijasi, desak xato bo‘lmaydi. Ochiq aytish kerak, ular asosan eski usullar bilan ishlab, qo‘shinlar bilan muntazam aloqa o‘rnatmagan, harbiy kadrlar tayyorlash masalasiga jiddiy e’tibor qaratmagan, zarur hollarda mustaqil qaror qabul qilishda ularga qat’iyat yetishmagan.
Afsuski, buning oqibatida bizda ko‘p hollarda harbiy boshliqlar tepadan buyruq kutib o‘tirishga o‘rganib qoldi. Yana bir bor takrorlab aytaman: har bir komandir va qo‘mondon o‘z harbiy qismi va okrugining sharoitidan, mavjud jangovar vaziyatdan kelib chiqqan holda, tezkorlik bilan har tomonlama asoslangan, mustaqil qaror qabul qilishga qodir bo‘lishi shart.
Men mudofaa vazirining tavsiyasiga binoan, vazirning ikkita o‘rinbosari, Qurolli Kuchlar akademiyasi rahbari va Chirchiq harbiy bilim yurti boshlig‘ini lavozimidan ozod qildim. Hozirgacha harbiy okrug qo‘shin qo‘mondoni vazifasini vaqtincha bajarib kelayotganlardan biri bu lavozimga tasdiqlanmadi.
Ayni paytda, qo‘yilgan talablarga javob bermayotgan va qo‘shinlar bilan faol ishlashdan o‘zini chetga olgan 40 ga yaqin harbiy xizmatchi mudofaa vaziri tomonidan ishdan bo‘shatilgani, 36 nafarining lavozimi pasaytirilgani nimadan dalolat beradi? Bu birinchi navbatda, sohada harbiy kadrlar faoliyatini aniq baholashning reyting tizimi mavjud emasligini, oqibatda kadrlarni tanlash va joy-joyiga qo‘yish ishlari qoniqarsiz ekanini ko‘rsatadi.
Mana shu va boshqa mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, tizimda barcha ishlarni zamon talablari darajasida tashkil etish, harbiy sohada islohotlarni yanada chuqurlashtirish maqsadida men Bosh shtab boshlig‘i hamda barcha harbiy okrug qo‘mondonlarini yangitdan tayinladim.
Shu munosabat bilan barchangizni ogohlantirib aytmoqchiman: 2018-yil sizlar uchun katta sinov yili bo‘ladi. Nega deganda, har qaysi okrug oldida turgan vazifalar, mavjud tahdid va xavf-xatarlar bir-biriga o‘xshamaydi. Buni har qaysi rahbar chuqur bilishi va o‘z faoliyati uchun zarur xulosa chiqarib olishi darkor.
Yana bir muhim masala – Mudofaa vazirligi qismlari va muassasalari sonini optimallashtirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar doirasida harbiy shaharchalarni inventarizatsiyadan o‘tkazish zarurati yuzaga kelmoqda.
Shu munosabat bilan Bosh vazirning birinchi o‘rinbosari A.Ramatov va joylardagi davlat hokimiyati organlari rahbarlari mudofaa vaziri A.Azizov bilan birgalikda barcha istiqbolli harbiy shaharchalardagi mavjud holatni, masalaga jiddiy yondashgan holda, puxta tahlil qilishi zarur.
Bu borada bo‘shayotgan harbiy shaharchalarni belgilangan tartibda tegishli idoralarga berish va kelgusida ulardan maqsadli va oqilona foydalanish bo‘yicha nazorat o‘rnatish Bosh vazir A.Aripov zimmasiga yuklanadi.
Keyingi paytlarda Qurolli Kuchlarning tashkiliy tuzilmasi bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar haqida so‘z yuritganda, Milliy gvardiya tashkil etilganini alohida ta’kidlash lozim. Ma’lumki, bu maxsus harbiy bo‘linma faoliyati jamiyat va davlat xavfsizligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini ro‘yobga chiqarish, aholini turli terrorchilik xatarlaridan, jinoiy va boshqa noqonuniy xatti-harakatlardan himoya qilishga qaratilgan.
Qisqa vaqt ichida Milliy gvardiya mamlakat xavfsizligini ta’minlash tizimidagi muhim bo‘g‘inga aylandi va Qurolli Kuchlar tarkibiy qismlari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatdi.
Afsuski, oxirgi 15-20 yil davomida jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash masalalariga noto‘g‘ri yondashuv tufayli bu muhim masala e’tiborimizdan chetda qolib keldi. Jumladan, Xavfsizlik kengashi ham bunga yetarlicha e’tibor bermaganini ochiq aytish kerak. Bu tizimning aniq egasi bo‘lmagan, bu masalalar bilan shug‘ullanadigan bo‘linmalar goh Ichki ishlar vazirligi, goh Mudofaa vazirligi tasarrufida bo‘lib kelgan. Shu sababli ushbu bo‘linmalar o‘z o‘rnini topolmadi. Jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash bo‘yicha o‘quv mashqlari deyarli o‘tkazilmagan. Tezkor vazifalarni bajarish zarur bo‘lgan paytda turli byurokratik to‘siqlarga duch kelingan. Natijada tezkor qarorlar o‘z vaqtida qabul qilinmagan, vazifalar samarali bajarilmagan.
Holbuki, butun dunyoda mamlakat ichida tartib-intizom va jamoat xavfsizligini ta’minlash bilan armiya emas, Mudofaa vazirligi emas, balki alohida tuzilmalar shug‘ullanadi.
Ma’lumki, bugungi kunda biz “Xavfsiz shahar – xavfsiz mamlakat” konsepsiyasi asosida yurtimizda jamoat tartibini ta’minlashga qaratilgan katta ishlarni amalga oshirmoqdamiz. Shu munosabat bilan mana shu yangi tuzilma, ya’ni, Milliy gvardiya tashkil etildi. Endi bundan buyon har bir shahar va viloyatda xavfsiz hudud loyihasini amalga oshirish, jamoat tartibini saqlash uchun Ichki ishlar vazirligi bilan birga Milliy gvardiya mas’ul va javobgar etib belgilanadi. Bu vazifalarni bajarish uchun Milliy gvardiya joylardagi davlat hokimiyati idoralari, jamoat tashkilotlari bilan yaqin hamkorlikda faoliyat olib boradi.
Shu munosabat bilan Milliy gvardiya qo‘mondoni B.Toshmatovga tashkiliy ishlarni tezroq yakunlab, o‘zining bevosita vazifasi bo‘lgan jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash masalasi bilan yaqindan shug‘ullanish topshiriladi. Bundan buyon mamlakatimizda jamoat tartibi va xavfsizligini saqlash masalasiga ichki ishlar vaziri P.Bobojonov va Milliy gvardiya qo‘mondoni B.Toshmatov shaxsan javobgar bo‘ladi.
Hozirgi paytda Milliy gvardiya tomonidan qo‘shinlar faoliyatining samaradorligini oshirishga yo‘naltirilgan tadbirlar amalga oshirilmoqda, shuningdek, o‘z Vataniga sadoqatli, yuqori malakali harbiy kadrlar tayyorlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha ishlar davom ettirilmoqda.
Uchinchidan, mamlakatimizdagi barcha turdosh korxonalarni birlashtirgan Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasining tashkil qilinishi milliy mudofaa-sanoat kompleksini shakllantirish yo‘lidagi birinchi va muhim qadam bo‘ldi.
Shuni ochiq tan olish kerakki, tegishli ilmiy va sanoat salohiyatiga ega bo‘lgan holda, biz 25 yil davomida mamlakatning mudofaa-sanoat kompleksini tashkil qilishga umuman e’tibor qaratmadik. Bu esa, tabiiyki, Qurolli Kuchlarni harbiy texnika va qurol-yarog‘lar bilan ta’minlash darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatdi.
Masalan, radio aloqa uskunalarini ishlab chiqarish bo‘yicha biz amalga oshirgan loyihani olaylik. O‘zingiz guvoh bo‘lganingizdek, uni hayotga joriy etish uchun bor-yo‘g‘i to‘qqiz oy yetarli bo‘ldi. Bu haqda jiddiy o‘ylab ko‘rish kerak.
Jahon tajribasidan ma’lumki, rivojlangan mudofaa sanoati innovatsion va yuqori texnologiyalarga asoslangan iqtisodiyotning eng muhim tarkibiy qismlaridan biri hisoblanadi.
Ishonchim komilki, iqtisodiyotning to‘laqonli mudofaa sektorini shakllantirish bo‘yicha biz boshlagan ish yaqin kelajakda milliy armiyamizni qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlash bilan birga qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratish, mamlakatimiz iqtisodiyotini diversifikatsiya qilish imkonini ham beradi.
Ushbu yo‘nalishda harbiy va ikki xil maqsadda foydalanish mumkin bo‘lgan, import o‘rnini bosadigan, raqobatbardosh va eksportga yo‘naltirilgan mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirishga qaratilgan kompleks vazifalarni ham hal qilishimiz kerak.
Mamlakatimizda mudofaa sanoati kompleksini rivojlantirish bo‘yicha ulkan salohiyat va imkoniyatlar mavjud. Biroq biz ulardan umuman foydalanmayapmiz. Masalan, joylardagi davlat hokimiyati organlari rahbarlari hududlarda harbiy xizmatchilar uchun maxsus kiyim-kechaklar, ekipirovka, turli asbob-uskunalar, quruq payoklar ishlab chiqarish, ikki xil maqsadda foydalanish mumkin bo‘lgan mahsulotlarni tayyorlaydigan sexlarni tashkil qilish bo‘yicha katta imkoniyatlarga ega. Bularning barchasi bizga qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratishda juda qo‘l keladi. Prezidentning yaqinda e’lon qilingan farmoni bilan sizlarga bu borada tegishli vakolatlar berilgan. Sizlar harbiy qo‘shin turlarining talab va ehtiyojlarini o‘rganib, bu yo‘nalishda ishni to‘g‘ri tashkil etishingiz mumkin-ku!
Endi viloyat hokimlari va okrug rahbarlarining faoliyatiga shu vazifa qanday bajarilayotganiga ham qarab baho beramiz.
Biz Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasini Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi hududida joylashtirish haqida qaror qabul qildik. Nega deganda, mazkur qo‘mitaning boshqaruv apparati bevosita ishlab chiqarish muhitida doimiy faoliyat olib borishi lozim.
Bosh vazir o‘rinbosari N.Otajonov va Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi A.Ibodullayev 2018-yilda qo‘mita faoliyatini samarali tashkil qilish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” ishlab chiqishni qisqa muddatda yakunlab, Qurolli Kuchlarning bugungi holati va kelajak istiqbollarini hisobga olib, uni amalga oshirishga kirishishi zarur.
Bu borada tegishli muassasalar va xorijiy hamkorlarimizning yetakchi tashkilotlari bilan bitimlar tuzish va davlatlararo qo‘mitalar yig‘ilishlarini o‘tkazgan holda, to‘g‘ridan-to‘g‘ri yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘yish kerak.
Bosh vazir A.Aripov, Bosh vazir o‘rinbosari N.Otajonov, Xavfsizlik kengashi kotibi V.Mahmudov, Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi raisi A.Ibodullayev, Fanlar akademiyasi prezidenti B.Yo‘ldoshev 15 kun muddatda bu masala bo‘yicha tegishli hujjatlarni tayyorlab, ko‘rib chiqish uchun kiritsin.
To‘rtinchidan, mamlakatimizning mudofaa qobiliyatini mustahkamlashda joylardagi davlat hokimiyati organlarining faolligini va rolini oshirish bo‘yicha ishlar sifat jihatdan butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi. “Milliy armiyamiz – bizning iftixorimiz va g‘ururimiz” tamoyili asosida hududlarda mudofaa sohasida yagona davlat siyosatini yuritish, armiya va xalqning yakdilligini ta’minlash maqsadida harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etildi.
Barchamiz bir fikrni yaxshi anglab olishimiz kerak: el-yurtimizning tinchligini ta’minlash maqsadida bugun mudofaa sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarning qanchalik samara berishi armiya va xalqning birdamligiga bog‘liq.
Afsuski, yoshlarni, umuman, mamlakatimiz aholisini harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash ishlariga Mudofaa vazirligi va boshqa daxldor idoralar tomonidan yetarli ahamiyat berilmagan, desak, haqiqatni aytgan bo‘lamiz.
Biz bu borada quyidagi holatlarni hisobga olgan holda, harbiy-ma’muriy sektorlar tashkil etish haqida qaror qabul qildik.
Birinchidan, harbiy okruglar va joylardagi davlat hokimiyati organlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik darajasi qo‘shinlarda vujudga kelgan dolzarb muammolarni hal qilish bo‘yicha ishlarni samarali olib borish imkonini bermayotgan edi.
Bu tadbirlar asosan muddatli harbiy xizmatga chaqiruvlar, harbiy xizmatchilarni zaxiraga bo‘shatish va shuningdek, bayramlar paytidagi birgalikdagi faoliyat bilan cheklanar edi.
Ikkinchidan, harbiy okruglar va qismlarning mansabdor shaxslari tomonidan aholi bilan muloqot yo‘lga qo‘yilmagan edi. El-yurtimizni harbiy qurilish va mamlakatimiz mudofaa qobiliyatini mustahkamlash sohasidagi o‘zgarishlardan xabardor qilish, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va fuqarolik jamiyati institutlari bilan o‘zaro hamkorlik bo‘yicha ishlar olib borilmagan edi.
Uchinchidan, mahalliy byudjetlar mablag‘larini harbiy qismlardagi ustuvor ahamiyatga molik loyihalarni moliyalashtirish uchun jalb qilish bo‘yicha amaliy mexanizm yo‘q edi. Bu hol harbiy-vatanparvarlik, harbiy xizmatchilarni ijtimoiy himoya qilish, harbiy infratuzilmalarni rivojlantirish bilan bog‘liq masalalarni tez va samarali hal etish imkonini bermas edi.
To‘rtinchidan, eng yomoni, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik va ma’naviy-axloqiy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalash va o‘qitish, navqiron avlodimizni bizning xalqimizga mutlaqo begona bo‘lgan buzg‘unchi g‘oyalardan himoya qilish masalalariga zarur darajada e’tibor qaratilmadi.
Ayniqsa, diniy ekstremizm g‘oyalariga berilib, yo‘ldan adashgan yoshlarni sog‘lom turmush tarziga qaytarishda biz Qurolli Kuchlar safida xizmat qilayotgan askar va ofitserlarimizning salohiyatidan foydalana olmayapmiz.
Holbuki, Vatan himoyasida toblangan mard o‘g‘lonlarimiz o‘zining mardlik va jasurlik fazilatlari, yuksak vatanparvarlik tuyg‘usi bilan obro‘-e’tibor qozongan harbiy xizmatchilarimiz yoshlarga har tomonlama ibrat va o‘rnak namunasi bo‘lishi mumkin.
Bir fikrni hech qachon unutmasligimiz kerak: armiyani moddiy jihatdan barcha zamonaviy zarur texnika va jihozlar, qurol-yarog‘lar bilan ta’minlash mumkin. Ammo shaxsiy tarkib ma’naviy jihatdan zaif bo‘lsa, ya’ni, askar va ofitserlarimizda jangovar ruh, Vatanga mehr va sadoqat, uning taqdiri uchun mas’uliyat bo‘lmasa yoki ularning o‘rtasida beparvolik hukm sursa, bunday holat nihoyatda noxush oqibatlarga olib kelishi mumkin.
Bugungi yig‘ilishning barcha ishtirokchilari va joylardagi davlat hokimiyati organlari rahbarlari ushbu masalani ulkan hayotiy ahamiyatga ega, mamlakatimiz va fuqarolarimiz xavfsizligiga, milliy armiyamizning mudofaa qobiliyatiga bevosita ta’sir ko‘rsatadigan o‘ta muhim vazifa sifatida qabul qilsin.
Beshinchidan, yosh avlodimizda qat’iy hayotiy pozitsiya va Vatanimiz taqdiri uchun yuksak mas’uliyat tuyg‘usini shakllantirish alohida muhim ahamiyatga ega. Shuni hisobga olib, mamlakatimizda o‘rta maktabdan boshlab oliy o‘quv yurtlarigacha qamrab oladigan uzluksiz harbiy ta’lim va vatanparvarlik tarbiyasi bo‘yicha o‘ziga xos noyob va yaxlit tizim yaratilmoqda. Ushbu tizim mutlaqo yangi Qurolli Kuchlar akademiyasini shakllantirishni, harbiy bilim yurtlari, litsey va kollejlar faoliyatini takomillashtirishni, “Temurbeklar maktabi” harbiy akademik litseylari tashkil etishni ko‘zda tutadi.
Ayni vaqtda, aytish joizki, ko‘rilayotgan chora-tadbirlarga qaramasdan, harbiy kadrlarni tayyorlash tizimi zamon talablariga to‘liq javob bermaydi. Buning sababi – ayrim mansabdor shaxslar, masalaning mohiyati va ahamiyatini yetarli darajada tushunmagani bilan bog‘liq desak, to‘g‘ri bo‘ladi.
Akademiyada o‘quv jarayonini tashkil qilishda eskicha yondashuvlar hali ham bartaraf etilmagan. Bunday holat bilan murosa qilib bo‘lmaydi. Biz bu masalada doimo zamon bilan birga qadam tashlashimiz, kerak bo‘lsa, undan oldinda yurishimiz zarur. Akademiyada va boshqa harbiy o‘quv yurtlarida zamonaviy shart-sharoitlarni xo‘jako‘rsinga yaratganimiz yo‘q. Aksincha, kursantlarimiz va tinglovchilarimiz ta’lim sohasida eng ilg‘or, innovatsion bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lishi zarur. Mana, bizning asosiy maqsadimiz.
Bundan tashqari, harbiy qo‘shinlarni zamonaviy texnika va qurol-yarog‘ bilan ta’minlash masalasining dolzarb ahamiyatga ega ekanini hisobga olib, yuqori malakali ofitser kadrlarni tayyorlashda xorijiy tillar, jumladan, rus tilini o‘rganishga alohida ahamiyat berish darkor.
Shuningdek, avlodlar o‘rtasida uzviylik va ustozlik an’analari yo‘qolgani ham o‘tkir muammo bo‘lib qolmoqda. Buning sababi, birinchi navbatda, ayrim rahbarlarning o‘ziga o‘rinbosarlar tayyorlash, o‘zining “issiq joyi”ni yoshlarga bo‘shatib berishni xohlamasligi bilan bog‘liq. Ular yoshlarning malakasini oshirish va xizmat pillapoyalaridan ko‘tarilishiga ongli ravishda to‘siq bo‘lmoqda, desak, buyam haqiqat.
Men e’tibor qaratmoqchi bo‘lgan yana bir masala, bu – kadrlarimizni xorijiy davlatlarda tayyorlash bilan bog‘liq. Ma’lumki, biz oshib-toshib ketgan boy davlat emasmiz. Shuning uchun bu masalaga chuqur o‘ylamasdan yondashishga haqqimiz yo‘q. Bu borada nomzodlarni har tomonlama puxta saralashimiz va tayyorlashimiz kerak. Toki, ular olgan bilim va tajribalarini keyinchalik amalda qo‘llash va joriy etishga qodir bo‘lsin. Shu bilan birga, yangi bilim va g‘oyalarni yanada keng yoyish maqsadida harbiy o‘qituvchilarimizni chet ellarda tayyorlash masalasiga katta e’tibor qaratish zarur.
Bosh vazir A.Aripov, Davlat maslahatchisi R.Qosimov, mudofaa vaziri A.Azizov Akademiya faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha ishlarning birinchi bosqichini o‘z vaqtida va sifatli yakuniga yetkazishni, navbatdagi chora-tadbirlarni amalga oshirish, jumladan, tegishli infratuzilmalarni yaratishni ta’minlasin.
Milliy gvardiya qo‘mondoni B.Toshmatov Harbiy-texnika instituti faoliyatini takomillashtirish bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlarni sifatli va to‘liq amalga oshirishni ta’minlasin. Bu jarayonda o‘zi shaxsan ishtirok etib, mazkur institutni mamlakatimizning eng yaxshi oliy o‘quv yurtlaridan biriga aylantirishi lozim. Kelgusida armiyamiz uchun yuksak malakali tayyor kadrlar, kerak bo‘lsa, Qurolli Kuchlar qo‘mondonlari darajasidagi nomzodlar zaxirasi aynan mana shu o‘quv yurtidan yetishib chiqishi zarur.
Bosh vazir A.Aripov, Bosh vazir o‘rinbosari J.Qo‘chqorov, Davlat maslahatchisi R.Qosimov, Milliy gvardiya qo‘mondoni B.Toshmatov Harbiy-texnika institutining moddiy-texnik bazasi va kadrlar salohiyatini oshirish bo‘yicha bir oy muddatda Prezident qarori loyihasini tayyorlab, belgilangan tartibda kiritsin.
Mudofaa vaziri o‘rinbosari A.Ikromov:
– yuqorida aytib o‘tilgan muammolarni hisobga olgan holda, kadrlar bilan ishlash, ularni tayyorlash va malakasini oshirish bo‘yicha samarali tizim faoliyatini ta’minlasin, oliy harbiy ta’lim muassasalarimiz bilan mamlakatimizdagi va xorijdagi yetakchi oliy o‘quv yurtlari o‘rtasida yaqin hamkorlikni yo‘lga qo‘ysin;
– boy amaliy tajribaga ega bo‘lgan harbiy xizmatchilar va xodimlar orasidan eng munosib shaxslarni o‘qituvchilik faoliyati uchun tanlab olish bo‘yicha samarali tizimni joriy etsin. Tanlab olingan o‘qituvchilar malakasini oshirishni shunday yo‘lga qo‘yish kerakki, ular yosh kadrlarni tayyorlashda o‘z salohiyatini yanada to‘liq safarbar etishga erishsin. Shu munosabat bilan biz ba’zi harbiy pensionerlarni o‘qituvchilik faoliyatiga jalb etish bo‘yicha qaror qabul qildik.
Milliy gvardiya qo‘mondoni B.Toshmatov Milliy gvardiya o‘quv yurtlarida ham xuddi shunday tizimni joriy etsin.
Shu munosabat bilan Qurolli Kuchlar akademiyasi qoshida mamlakatimizdagi barcha harbiy ta’lim yo‘nalishidagi oliy va o‘rta maxsus bilim yurtlari faoliyatini o‘quv jarayoni va ilmiy nuqtai nazardan muvofiqlashtiradigan Ilmiy-metodik kengash tashkil etilsin. Ushbu kengashga raislik qilish Xavfsizlik kengashi kotibi V.Mahmudovga, kengash raisining o‘rinbosari vazifasi esa Davlat maslahatchisi R.Qosimov zimmasiga yuklatilsin.
Oltinchidan, yoshlarga oid davlat siyosati samaradorligini oshirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan sa’y-harakatlarimizning mantiqiy davomi sifatida Qurolli Kuchlar tizimida O‘zbekiston yoshlar ittifoqining boshlang‘ich tashkilotlari tashkil etildi va o‘z faoliyatini boshladi. Bu, o‘z navbatida, yosh harbiy xizmatchilarni vatanparvarlik ruhida tarbiyalash, ularni mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga jalb etish, intellektual va ijodiy salohiyatini ro‘yobga chiqarishga xizmat qilmoqda.
Ma’lumki, hozirgi vaqtda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan mamlakatimizdagi harbiy tuzilmalar bilan birgalikda unib-o‘sib kelayotgan yosh avlodni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash bo‘yicha ish olib borilmoqda va uning samarasini oshirish lozim.
Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashining mintaqaviy tuzilmalarini tashkil etish orqali mazkur kengashning vazifalari qayta ko‘rib chiqildi va kengaytirildi. Ushbu kengash va uning tuzilmalari bugungi kunda jamoat birlashmalari, fuqarolik jamiyati institutlari va harbiy qismlar o‘rtasida yaqin hamkorlikni ta’minlash bo‘yicha ishonchli ko‘prikka aylandi. Ular harbiy xizmatchilar va chaqiriqqacha bo‘lgan yoshlar o‘rtasida yuksak ma’naviy-axloqiy fazilatlarni shakllantirish, harbiy xizmat nufuzini oshirish, harbiy xizmatchilarni huquqiy va ijtimoiy jihatdan himoya qilishni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Ushbu yo‘nalishda amalga oshirilayotgan ishlarning samarasini oshirish maqsadida Prezidentning Davlat maslahatchisi Q.Quronboyev, Mudofaa vazirligi huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi I.Mirzaaliyev, Respublika Ma’naviyat va ma’rifat markazi rahbari A.Qodirovga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda alohida dastur ishlab chiqish vazifasi topshiriladi.
Yettinchidan, xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlik aloqalarimiz sezilarli darajada faollashdi. Chet ellik sheriklarimiz bilan harbiy va harbiy-texnik hamkorlikni mustahkamlash bo‘yicha 13 ta amaliy harakatlar rejasi yoki “yo‘l xaritasi” amalga oshirilmoqda.
Bu o‘rinda shuni ta’kidlash kerakki, harbiy sohada xalqaro miqyosdagi tadbirlar soni ko‘payishiga qaramasdan, Mudofaa vazirligi qo‘shinlari faoliyatiga ilg‘or xorijiy tajribalarni amaliy jihatdan joriy etish darajasi pastligicha qolmoqda. Orttirilgan tajribani o‘rganish va joriy qilish borasidagi ishlar tizimli asosda olib borilmayapti.
Shu munosabat bilan mudofaa vaziri A.Azizov bu masalaga ham alohida e’tibor qaratishi zarur. Milliy armiyamizni zamonaviy qurol-yarog‘ va texnikalar bilan ta’minlash jarayonida harbiy xizmatchilarimizni professional jihatdan shunga mos ravishda tayyorlash hal qiluvchi vazifalardan biri bo‘lib turibdi.
Qurolli Kuchlar Bosh shtabi boshlig‘i P.Ergashev qo‘shinlarning jangovar tayyorgarligi bo‘yicha tizimni takomillashtirish doirasida ushbu masalaga ham jiddiy e’tibor qaratsin. Ayniqsa, harbiy xizmatchilar tomonidan zamonaviy texnika va qurol-yarog‘larni puxta egallash, ularni asrab-avaylab ishlatish, bu borada yoqilg‘i-moylash materiallari, o‘q-dori va boshqa resurslardan oqilona foydalanish ustidan qat’iy nazorat o‘rnatishga alohida ahamiyat berish zarur.
Sakkizinchidan, mamlakatimizda harbiy xizmatchilarni, ularning oila a’zolari va faxriylarni ijtimoiy himoyalashni kuchaytirish bo‘yicha katta ishlar amalga oshirilmoqda.
Hududlarda ko‘p qavatli uylar bosqichma-bosqich foydalanishga topshirilmoqda. Harbiy xizmatchilarni uy-joy bilan ta’minlash borasida, jumladan, uzoq muddatli imtiyozli ipoteka kreditlari berilishini ko‘zda tutadigan yangicha yondashuvlar joriy etilmoqda.
Hozirgi kunga qadar mamlakatimiz hududlarida 28 ta ana shunday uy-joy foydalanishga topshirildi, 522 nafar harbiy xizmatchining oilasi zamonaviy, shinam kvartiralar bilan ta’minlandi.
Yaqin ikki oy ichida yana 720 nafar harbiy xizmatchining oilasi yangi uylarga ko‘chib o‘tadi. Bu ishlar doimiy asosda davom ettirilib, har yili 1500 nafar Vatan himoyachisining oilasi uy-joy bilan ta’minlanadi.
Afsuski, bu masalada ham barcha rahbarlar berilgan topshiriqning ma’no-mohiyati va ahamiyatini to‘liq tushunib yetmayapti. Natijada ushbu loyihani boshlash hech bir sababsiz bir necha oyga cho‘zilib ketdi va shaxsan o‘zim ushbu masala bilan shug‘ullanishimga to‘g‘ri keldi.
2018-yil uchun rejalashtirilgan uylarni qurish bo‘yicha ishlar bugunoq boshlanishi kerak. Nega deganda, joriy yilda harbiy xizmatchilarning oilalari uchun yurtimizning barcha hududlarida 100 ta ko‘p qavatli uy qurish belgilangan. Bu borada qandaydir bahona yoki sabablarni ro‘kach qilishga hech kimning haqqi yo‘q, bu masala bo‘yicha talab qattiq bo‘ladi.
Bundan tashqari, qo‘shinlarni oziq-ovqat bilan ta’minlash bo‘yicha birinchi marta autsorsing tizimi joriy qilindi. Autsorsing degani shuki, harbiy xizmatchilarga kunlik ovqat tayyorlab berish bilan endi armiyaning o‘zi emas, balki mustaqil tashkilotlar shug‘ullanadi. Bu ishni tashkil qilish joylardagi hokimiyatlarga topshiriladi. Bunday tizimning joriy etilishi shaxsiy tarkibni unga xos bo‘lmagan vazifalardan ozod qilib, harbiy xizmatchilarning butun kuch-g‘ayratini o‘z professional malakasini oshirishga qaratish imkonini beradi. Biz bu yo‘nalishdagi ishlarni albatta davom ettiramiz.
Hurmatli majlis ishtirokchilari!
Barchangizning e’tiboringizni muhim bir masalaga qaratmoqchiman. Bundan buyon men qaysi hududga xizmat safariga boradigan bo‘lsam, birinchi kuni joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar qanday borayotgani bilan tanishaman. Ikkinchi kuni esa, shu hududdagi harbiy-ma’muriy sektorlardagi ahvolni har tomonlama o‘rganib chiqaman. Yil davomida shunday tartibda ish olib boramiz. Hokimlar, okrug qo‘mondonlari va boshqa tegishli mutasaddi rahbarlar buni albatta e’tiborga olishi lozim.
Sizlarga ma’lumki, amalga oshirilayotgan chuqur o‘zgarishlar natijasida O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari jamiyatimizning ajralmas bir qismiga, mamlakatimiz barqarorligi va taraqqiyotining kafolatiga, harbiy xizmatchilar va yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalashning muhim institutiga aylanmoqda.
Ayni paytda butun dunyoda, jumladan, yon-atrofimizda xalqaro terrorizm, ekstremizm va radikalizm xavfi tobora ortib bormoqda, ayrim hududlarda qurolli to‘qnashuvlar hamon davom etmoqda. Ana shunday keskin vaziyatdan kelib chiqqan holda, mavjud tahdidlarga qarshi munosib zarba berishga tayyor bo‘lishimiz, O‘zbekistonning tinch va barqaror rivojlanishini ta’minlash maqsadida Qurolli Kuchlarimizni yanada isloh qilish, uning jangovar tayyorgarligi va qobiliyatini yuksaltirish bo‘yicha kelgusida amalga oshiradigan ishlarimizni izchil davom ettirishimiz zarur.
Shu munosabat bilan asosiy sa’y-harakatlarimizni quyidagi ustuvor vazifalarga qaratishni g‘oyat muhim, deb hisoblayman.
Birinchidan, mamlakatimiz mudofaa qudratini mustahkamlashda fuqarolik jamiyati va joylardagi davlat hokimiyati organlarining rolini oshirish va faollashtirish lozim.
Barcha bo‘g‘indagi hokimiyat organlari rahbarlari qo‘shinlarning kundalik hayotida, harbiy shaharchalar barpo etish va ularning infratuzilmasini yaxshilash, yoshlarni harbiy-vatanparvarlik ruhida tarbiyalash va harbiy xizmatchilarda g‘urur, sadoqat va vatanparvarlik tuyg‘usini, jangovarlik ruhi va istalgan paytda Vatan himoyasiga tayyorgarlikni tarbiyalashda faol ishtirok etishi shart.
Ushbu sohada yagona davlat siyosatini ishlab chiqishda asosiy mas’uliyat Mudofaa vazirligi zimmasiga yuklanadi. Bu borada amalga oshirilayotgan kompleks chora-tadbirlar keng dunyoqarash va yuksak intellektual darajaga ega bo‘lgan, o‘z fuqarolik burchini ado etishga mas’uliyat bilan yondashadigan yoshlarni tarbiyalashga xizmat qilishi darkor.
Shu bilan birga, harbiy xizmatni o‘tab qaytgan yoshlarning ijtimoiy muammolarini hal etish, jumladan, ularni ish bilan ta’minlashga alohida e’tibor qaratish lozim. Qurolli Kuchlarimiz barcha davlat idoralari, muassasa va korxonalar uchun yetuk kadrlar tayyorlaydigan haqiqiy mardlik va yuksak vatanparvarlik maktabiga aylanishiga erishishimiz zarur.
Harbiy xizmatchilarni harbiy-vatanparvarlik va ma’naviy-axloqiy jihatdan tarbiyalashni yanada kuchaytirishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirishda xalqimizning qadimiy tarixi, buyuk ajdodlarimiz merosi va ularning harbiy san’atni rivojlantirishga qo‘shgan hissasini chuqur o‘rganish muhim ahamiyatga ega.
Hech shubhasiz, Vatan oldidagi burchini ado etish chog‘ida yurtimiz ozodligi, xalqimizning bugungi tinch va osoyishta hayotini ta’minlash yo‘lida halok bo‘lgan mard va jasur o‘g‘lonlarimizning aziz xotirasiga ehtirom ko‘rsatish biz uchun ham farz, ham qarzdir.
Shu munosabat bilan tegishli vazirlik va huquq-tartibot idoralari, mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari ana shunday qahramonlarimizning xotirasini abadiylashtirish, ularning oilasi va yaqinlariga har tomonlama g‘amxo‘rlik ko‘rsatish va qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlarni yanada kuchaytirishi lozim.
O‘z xizmat burchini bajarish chog‘ida mardlarcha halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarimiz jasoratini ulug‘lash, yosh avlod uchun ibrat namunasiga aylantirish maqsadida Bosh vazir A.Aripov, Davlat maslahatchisi X.Sultonovga tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda bir oy muddatda shu mavzuga bag‘ishlanganXotira kitobini yuqori saviyada nashr etish bo‘yicha taklif tayyorlash vazifasi topshiriladi.
Ikkinchidan, harbiy okruglar qo‘shinlarining jangovar tarkibini yanada takomillashtirish, jangovar shayligi va harbiy qobiliyatini kuchaytirish, shuningdek, qo‘shinlarni boshqarish tizimini avtomatlashtirish va optimallashtirish orqali armiyamizning o‘z zimmasiga yuklatilgan vazifalarni samarali bajarish salohiyatini oshirishimiz zarur.
Uchinchidan, mamlakatimiz xavfsizligini ta’minlash va tashkiliy-shtat tuzilmalarini takomillashtirish bo‘yicha konseptual hujjatlar yangilangani munosabati bilan Qurolli Kuchlarni rejalashtirish va ularni qo‘llashning me’yoriy-huquqiy asoslarini qayta ko‘rib chiqish lozim.
To‘rtinchidan, qo‘shinlarning jangovar va tezkor tayyorgarlik tizimini yanada takomillashtirish, o‘quv mashqlari faolligini, ularning samaradorligini oshirish – muhim vazifadir.
O‘quv mashg‘ulotlari harbiy bo‘linmalarni imkon qadar to‘liq qamrab olgan va o‘zaro hamkorlikda harakat qiladigan tuzilmalarni jalb etgan holda o‘tkazilishi lozim. Shu asosda boshqaruv organlari va bo‘linmalar imkoniyatlari, askardan tortib komandirgacha bo‘lgan har bir harbiy xizmatchining xatti-harakati va jangovar vazifalarni bajarishda qo‘llanayotgan taktikaning maqsadga muvofiqligi va to‘g‘ri ekanini baholash mumkin bo‘ladi.
Beshinchidan, qo‘shinlarning real ehtiyojlarini tizimli ravishda tahlil qilib borish, ularning zamonaviy qurol-yarog‘ va texnika bilan ta’minlanish darajasini oshirish doimo e’tiborimiz markazida bo‘lishi kerak.
Bu borada Mudofaa vazirligi, Mudofaa sanoati bo‘yicha davlat qo‘mitasi tomonidan 2018-2021-yillarga mo‘ljallangan qo‘shinlarni modernizatsiya qilish va zamonaviy qurol-yarog‘ va harbiy texnika bilan ta’minlash bo‘yicha kompleks dasturni to‘liq amalga oshirish lozim.
Oltinchidan, harbiy xizmatchilarning ijtimoiy ta’minot tizimini yanada takomillashtirish biz uchun eng muhim vazifa bo‘lib qoladi. Bu borada 2020-yilgacha mo‘ljallangan Qurolli Kuchlarni ijtimoiy rivojlantirish tizimini takomillashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlarni qabul qilish dolzarb ahamiyatga egadir.
Hurmatli majlis qatnashchilari!
Bugungi yig‘ilishni yakunlar ekanmiz, quyidagi masalalarni alohida ta’kidlash zarur, deb hisoblayman.
Birinchidan, Qurolli Kuchlar, harbiy okruglar qo‘mondonligi, davlat hokimiyati organlari rahbarlari va ushbu yig‘ilishda ishtirok etayotgan barcha mansabdor shaxslar chuqur tushunib olsin: bizning barcha kuch va imkoniyatlarimiz men bugun qisqacha bayon qilgan, kuni kecha qabul qilingan aniq chora-tadbirlar kompleksini amalga oshirish uchun to‘la safarbar etilishi shart.
Ikkinchidan, yaqinlashib kelayotgan Vatan himoyachilari kunini nishonlash masalasiga alohida to‘xtalib o‘tish lozim, deb hisoblayman.
Ma’lumki, hozirga qadar biz ushbu sana munosabati bilan Toshkent shahrida respublika miqyosida tantanali bir tadbir o‘tkazish bilan cheklanar edik. Bunday tajriba endi eskirib qoldi va undan voz kechish vaqti keldi, deb o‘ylayman.
Bu masalaning hayotimizdagi o‘ta muhim, aytish mumkinki, hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini inobatga olib, Vatan himoyachilari kunini rasmiyatchilikdan xoli, ko‘tarinki va ta’sirchan ruhda, haqiqiy xalq bayrami sifatida, yangicha shaklda tashkil etish zarur. Bunday tadbirlarni ayniqsa hududlarda, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va viloyatlarda harbiy-ma’muriy sektorlar – mahalliy davlat hokimiyati organlari rahbarlari ishtirokida, yuksak saviyada o‘tkazishga alohida e’tibor qaratish darkor.
Qadrli do‘stlar!
So‘zimning yakunida sizlarni va oila a’zolaringizni yana bir bor O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26 yilligi va Vatan himoyachilari kuni bilan samimiy tabriklayman.
Sizlarning sharafli va mas’uliyatli xizmatingizda ulkan yutuqlar va oilaviy baxt tilayman.