Joriy yil 18 sentyabr kuni Nukus opera va baxshichilik san’atiga ixtisoslashtirilgan maktabda II xalqaro baxshichilik san’ati festivali doirasida «Baxshichilik san’atining jahon madaniyati sivilizatsiyasida tutgan o‘rni» mavzusida II xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya tashkil etildi.

O‘nlab davlatlarning olimlari onlayn tarzda konferensiya ishida ishtirok etdi va so‘zga chiqdi.

Konferensiyaning ochilishida  O‘zbekiston Respublikasi madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi madaniyat vaziri Qalbay Turdiyev, YUNESKOning Turkiya Milliy qo‘mitasi raisi, filologiya fanlari doktori, professor O‘jal Og‘uz, Qirg‘iziston Respublikasi Fanlar akademiyasi bo‘lim boshlig‘i, filologiya fanlari doktori, professor Talantaali Bakchiyev so‘zga chiqib, konferensiya ishlariga muvafaqiyatlar tiladi.

Ta’kidlanganidek, yosh avlodni milliy qadriyatlarimizga muhabbat ruhida tarbiyalashda ezgulikga chorlovchi, vatanparvar, adolatli, mard, jasur bo‘lishga undovchi dostonlarning va, umuman, baxshichilik san’atining o‘rni behad katta.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining tashabbusi bilan  xalqimizning yuksak badiiy  dahosi ila yaratilgan baxshichilik san’atini  asrab-avaylash va rivojlantirish bo‘yicha mәmlakatimizda muayyan ishlar amalga oshirilmoqda.

Mazkur anjumanda Rossiya, Turkiya, Ozarbayjon, Qozog‘iston kabi davlatlarning nufuzli ilm maskanlaridan tashrif buyurgan taniqli folklorshunos olimlar baxshichilik san’atining tarixi va jahon madaniyati taraqqiyotida tutgan o‘rni haqida ma’ruzalar o‘qidi.

Xususan, filologiya fanlari doktori, professorlar Metin Ekiji, Jabbor Eshonqulov, Xuseyin Baydemir, Sarigul Bahadirova, Erdog‘an Altыnqaynaq, Halil Ibrahim Shahin, Tamara Basangova, Talantaali Bakchiyev kabi xalqaro miqyosda taniqli folklorshunos olimlar sohaning dolzarb muammolari haqida to‘xtaldi.

Shuningdek, anjumanda mamlakatimizning turli oliy o‘quv yurtlarida, ilmiy-tadqiqot institutlarida faoliyat yuritayotgan folklorshunos olimlar, baxshichilik va xalq og‘izaki ijodi masalalariga qiziquvchi tadqiqotchilar ham sohaga aloqador ilmiy-nazariy maqolalari bilan faol ishtirok etdi.

– Biz bir necha soha xodimlari bilan festivalga keldik. Festivalning ochilish marosimida qatnashib, anjumanning yuqori saviyada tashkillashtirilganligining guvohi bo‘ldik,– deydi turkiyalik mutaxasis Rejep Erdog‘an.  – O‘tkazilayotgan konferensiyaning qadim san’at turi bo‘lgan baxshichilik va jirovchilikni keңg targ‘ib qilishda ahamiyati katta, albattda. Olimlar tomonidan olib borilayotgan sohaga oid izlanishlar to‘g‘risida kengroq ma’lumotlar olish imkonini beradi.O‘zbekistonda, shu jumladan, Qoraqalpog‘istonda qadim san’at turi bo‘lgan baxshichilik va jirovchilikning necha ming yillardan beri ajdodlardan avlodlarga o‘tib, mukammal  yaxshi saqlanganligi barchamizni quvontirmoqda.

Anjuman yakunida baxshichilik san’ati istiqboli bilan bog‘liq muhim rezolyutsiya qabul qilindi.

 

A.Jiyemuratov,

Qoraqalpog‘iston axborot agentligi