O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashida «Respublika yoshlari onlayn forumi» o‘tkazildi. Unda partiyaning «Yoshlar qanoti» faollari, Yoshlar parlamenti a’zolari, yosh deputatlar hamda joylardagi faol yoshlar ishtirok etdi.

Forumni partiya Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov kirish so‘zi bilan ochar ekan, mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur sharoit va imkoniyatlar yaratish borasida qator ishlar amalga oshirilayotganini, joriy «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili» Davlat dasturida ham muhim vazifalar belgilanganini qayd etdi.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining huquqlar va imkoniyatlar tengligi, manzilli qo‘llab-quvvatlash va faollikni rag‘batlantirish kabi ustuvor g‘oyalari yoshlar manfaatlariga har tomonlama uyg‘undir. Shuning uchun partiyaning dastur va loyihalarini takomillashtirishda, yangi tashabbuslarni ilgari surishda, ijtimoiy masalalarga yangicha yechimlar topishda yoshlarning fikr-mulohazalari, takliflari nihoyatda muhim ekaniga urg‘u berildi.

Onlayn forumda 14 ta hududiy studiyadan ulangan yigit-qizlar turli mavzu va masalalar bo‘yicha taklif va tashabbuslarini bildirdi. Masalan, farg‘onalik yoshlar qator qonun hujjatlarini kodifikatsiyalab, yagona «Yoshlar kodeksi»ni qabul qilish taklifini bildirgan bo‘lsa, qoraqalpog‘istonlik yoshlar hududlarda ta’lim sifatini oshirish, buxoroliklar mediasavodxonlikni rivojlantirish va mediata’limni joriy etish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.

Shuningdek, navoiylik yoshlar ekologik toza binolar qurish va chiqindilarni qayta ishlashni rivojlantirish, xorazmlik faollar esa iqtisodiyot tarmoqlarida tejamkor va yuqori samaraga ega innovatsion texnologiyalarni keng tatbiq qilish yo‘nalishlari yuzasidan taqdimotlarini asoslab berdi. Samarqand viloyati vakillarining harakatlanishda maxsus aravachalardan foydalanuvchilarni turizmga jalb qilish borasidagi aniq takliflari ham o‘ziga xosligi bilan e’tiborga molik.

Faol yoshlarning ilgari surgan har bir g‘oya va tashabbusi partiya tashkilotlari va deputatlik korpusi faoliyatini kuchaytirishda dolzarb ahamiyatga ega bo‘lishi ta’kidlandi.

Yoshlar forumi hududlar vakillarining o‘zaro taklif va fikr-mulohaza almashishlari uchun alohida platforma bo‘ldi. Yoshlar qator takliflarini bildirish bilan birga, o‘zlarini qiziqtirgan savollariga ham javoblar oldi.

 

Muhtarama Komilova, O‘zA