Xivada TURKSOY xalqaro tashkiloti doimiy kengashining 38-majlisi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston, Qozog‘iston, Turkiya, Turkmaniston, Ozarbayjon va Qirg‘iziston davlatlarining madaniyat vazirlari ishtirok etdi.

Mazkur xalqaro darajadagi yig‘ilishda TURKSOYning vaqtinchalik koordinatorini o‘zgartirish, “Turkiy dunyo madaniyati poytaxti” maqomini topshirish, xalqaro madaniy hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash kabi masalalar muhokama etildi.

TURKSOY xalqaro tashkiloti doimiy kengashining 38-majlisida muhokama etilgan masalalar yuzasidan har bir davlat madaniyat vaziri o‘z taklif va tavsiyalarini kiritdi.

Yig‘ilish yakunida, 2022 yilning “Turk dunyosi madaniyat poytaxti” maqomini Turkiya davlatining Bursa shahriga berish taklifi bildirildi va bir ovozdan ma’qullandi. Shuningdek, Ozarbayjon, Turkiya va Qirg‘iziston tomonidan turkiy tilli davlatlarda taniqli shaxslar tavalludining yubiley sanalarini tantanali nishonlash taklifi bildirildi. Ushbu taklifga oid qarorni 2022 yilda TURKSOY doimiy kengashining Bursada bo‘lib o‘tadigan yig‘ilishida qabul qilish belgilab qo‘yildi.

Yig‘ilish so‘nggida, mazkur xalqaro tashkilotga a’zo davlatlar Madaniyat vazirlari tomonidan yakuniy qarorlar bo‘yicha hujjat va deklaratsiyalar imzolandi.

O‘ylaymizki, 2022 yilda  “Turk dunyosi madaniyat poytaxti” deya e’lon qilingan Bursa shahri ham Xiva singari samarali hamkorliklarga zamin yaratib, unutilmas taassurotlar hadya etadi.

 

  N.Usmonova,O‘zA