O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro madaniyat forumi va Xalqaro baxshichilik festivaliga tayyorgarlik jarayonlariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov O‘zbekistonning madaniyati, asrlar davomida ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan madaniy merosi, qadriyat va urf-odatlari, turizm salohiyatini jahon hamjamiyatiga namoyish etish dolzarb ekanini ta’kidladi.

Shu maqsadda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan mazkur soha rivojiga katta e’tibor qaratilmoqda. Yurtboshimizning BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasida 2021 yilda Xiva shahrida YUNESKO bilan hamkorlikda “Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro madaniyat forumini o‘tkazish taklifi hamda o‘zbek milliy baxshichilik va dostonchilik san’atining noyob namunalarini asrab-avaylash va rivojlantirish maqsadidagi “Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish to‘g‘risida”gi qarorning qabul qilinishi tarixiy voqea bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “Markaziy Osiyo dunyo sivilizatsiyalari chorrahasida” xalqaro madaniyat forumiga tayyorgarlik ko‘rish va uni yuqori saviyada o‘tkazish to‘g‘risida”gi qaroriga asosan, mazkur xalqaro madaniyat forumi joriy yilning 14-16 sentyabr kunlari Xiva shahrida o‘tkazilishi belgilandi.

Forum doirasida bir qator tadbirlarning ham o‘tkazilishi belgilangan. Xususan, Xiva shahrida TURKSOY tashkilotiga a’zo davlatlar madaniyat vazirlarining navbatdagi majlisini o‘tkazish ko‘zda tutilgan. Mazkur tadbirda ham bir qancha faxriy mehmonlar va ishtirokchilar mamlakatimizga tashrif buyuradi. Festivalda ishtirok etish uchun bugungi kunga qadar YUNESKO hamda Ta’lim, fan va madaniyat masalalari bo‘yicha Islom tashkiloti (AYSESKO) kabi xalqaro tashkilotlardan ijrochilar, konferensiya ishtirokchilari, hakamlar hay’ati a’zolari, Xalqaro tashkilotlardan faxriy mehmonlar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari ro‘yxatdan o‘tkazilgan.

Shuningdek, Toshkent shahrida O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va targ‘ib qilish bo‘yicha butunjahon jamiyatining V xalqaro kongressi, Xiva shahrida YUNESKO bilan hamkorlikda Madaniy meros masalalari bo‘yicha xalqaro maslahat qo‘mitasi kengashining yig‘ilishi, Nukus shahrida “Arxeologiya va turizm: salohiyatni belgilash va merosni boshqarish” xalqaro arxeologiya konferensiyasi hamda II Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish belgilangan.

Bu ijodiy loyiha baxshichilik san’atini respublika va xalqaro miqyosda keng targ‘ib qilish, Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini respublikaning boshqa hududlarida ham o‘tkazish, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Qashqadaryo, Samarqand, Surxondaryo va Xorazm viloyatlarida mavjud bo‘lgan o‘ziga xos ijro uslublari asosida ijodiy maktablarni «ustoz-shogird» an’analari asosida qayta tiklash va rivojlantirish imkonini berishi shubhasiz.

Ikkinchi Xalqaro baxshichilik san’ati festivalini o‘tkazish joyi etib Nukus shahri belgilandi. Festivalda O‘zbekiston Respublikasi nomidan ishtirok etuvchi mahoratli baxshilarni saralab olish maqsadida joriy yilning 12-14 sentyabr kunlari Nukus shahrida baxshilar o‘rtasida respublika miqiyosida ko‘rik-tanlov tashkil etiladi va baxshilar saralab olinadi.

Madaniyat vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, mazkur tadbirda ilmiy-amaliy konferensiyalar, xorijiy va O‘zbekiston san’ati ustalari hamda baxshi-shoirlar konsertlari o‘tkaziladi. Shuningdek, sayillar, mamlakatimizning dunyoga mashhur shaxslari hayoti va ijodiy faoliyati haqida zamonaviy usulda sahnalashtirilgan dasturlar, baxshichilik san’ati tarixiga oid ko‘rgazma, o‘zbek, fors, arab, ingliz va rus tillarida nashr etilgan ilmiy-tadqiqot asarlari hamda ilmiy-ma’rifiy adabiyotlar namoyishi bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.

Festival doirasida o‘tkazilishi rejalashtirilgan konferensiyani epidemiologik vaziyatni inobatga olgan onlayn va offlayn (gibrid) shaklda o‘tkazish rejalashtirilgan.

Matbuot anjumanida mazkur ijodiy loyiha yuzasidan batafsil ma’lumot berildi.

 

N.Usmonova, O‘zA