Inson har doim e’tiborga, g‘amxo‘rlikka ehtiyoj sezadi. Samimiy munosabatni, yaxshilik, mehr-oqibatni his qiladi.
Islohotlar, o‘zgarishlar va yangiliklar ijobatini avvalo, o‘z hayotida ko‘rishni istaydi. Hozirgi va o‘tgan zamonni taqqoslaydi. Muhokama qiladi. Balki, Insonning boshqa mavjudotlardan farqi ham shundadir.
Axborot texnologiyalarining rivojlanishi, ijtimoiy tarmoqlar taraqqiyoti Insonning ongini zabt etdi. O‘zbekiston dunyo hamjamiyati nazarida yopiq mamlakat edi. Axborot va so‘z erkinligi yo‘q davlat sifatida qaralardi. 2016 yildan axborotlar to‘siqsiz tarqatila boshlandi.
O‘zbekistonda chorak asr vaqt davomida “xalqimiz uchun uy-joylar qurildi”, “xalqimiz uchun ish o‘rinlari yaratildi”, “xalqimizga imtiyozli kreditlar berildi”, “xalqimiz turmush darajasi yaxshilandi”. kabi mavhum tushunchalar hukmronlik qildi.
“Xalq uchun uy-joy” qurilgani aytilsa-da, uy olishga ehtiyojmand oilalar soni kundan-kunga ko‘payib bordi. “Xalq uchun berilgan imtiyozli kreditlar”ni olish uchun odamlar banklar eshigida yillab sarson bo‘lardi. “Turmush darajasi yaxshilangan xalq” oylab elektr energiyasisiz yoki tabiiy gazsiz yashashga mahkum edi. Achchiq bo‘lsa ham aytishimiz, tan olishimiz kerakki, davlat bilan fuqaro o‘rtasida jarlik paydo bo‘lgandi. Biror bir sohada tizim yaratilmagandi. Muammolar ko‘paysa-da, uni bartaraf etish mexanizmlari yo‘q edi.
Dahshatlisi Insondagi ishonch tuyg‘usi yo‘qotildi. Inson “ertaga yaxshi bo‘ladi” safsatasidan to‘ygandi. Inson uchun erta hech qachon kelmasdi. Bir so‘z bilan aytganda, ertaning ertasi ko‘p edi.
Bu dunyoda ishonchsiz yashashdan og‘iri bo‘lmasa kerak. Chunki, ishonch tushunchasi Insonni hayotga bog‘lab turadi. Ishonch Insonda yashashga muhabbat uyg‘otadi. Ishonch nimalarda namoyon bo‘ladi? Avvalo, davlatning inson uchun kafolatlagan huquqlarida, ta’minotlarida yaqqol ko‘zga tashlanadi.
Yaqin tariximizda… Bolalar tug‘iladi, lekin bolalar bog‘chasi yo‘q. Bori ham talabga javob bermaydi. Farzand ulg‘ayadi, oliy o‘quv yurtida o‘qishga o‘rin yo‘q. Qabul jarayonlarida adolatsizlik hukmron. Oliy ta’lim muassasalarida ish o‘rinlari qisqartirilgan. Professor-o‘qituvchi ko‘chada. Maoshlar o‘ta past. Vaqtida berilmaydi. Majburiy mehnat hammani sillasini quritgan. Muallim ko‘cha supiradi. Vrach ariq tozalaydi. O‘quvchi, student paxta teradi. Kasalga davolanishga shifoxona yoki mutaxassis yo‘q. Chet elga borishga mablag‘ yo‘q. Ish yo‘q, uy yo‘q, tijorat qilaman, desa yo‘l yo‘q. Ha, mana shular Insonda davlatga bo‘lgan ishonchni o‘ldirdi.
Odamlar ertaga yoki kelajakda emas, bugun yaxshi yashashni istaydi… Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak…
Bu hayotiy g‘oyalarni ilgari surgan O‘zbekiston Prezidentiga odamlar ishondi, ergashdi. Shavkat Mirziyoyevning millatimiz oldidagi tarixiy xizmatlaridan yana biri bu – Insonga qaytarilgan ishonch edi.
2016 yilga kelib, inson qadr-qimmati bosh maqsadga aylandi. Bu jarayon qanday yuz berdi?. Birinchidan, rahbarlarning hayotdan uzoq, yolg‘on va asossiz hisobotlari va ma’lumotlariga chek qo‘yildi. Ikkinchidan, Prezident Shavkat Mirziyoyevning aholi bilan bevosita muloqotlari boshlandi. Chekka, sharoiti og‘ir tumanlarga mamlakat rahbarining borishi, oddiy odamlarning xonadoniga kirishi, Inson qalbiga yorug‘lik olib kirdi. Insonga umid bag‘ishladi. Ishonch berdi.
Prezident Mirziyoyev Mo‘ynoq, Tomdi, Qo‘shrabot, Nurobod… bo‘ladimi, eng chekka hududlargacha borib, oddiy insonlar qalbiga quloq tutdi.
Vazirlik va idora rahbarlarini poytaxt va viloyat markazlaridagi kabinetlaridan chiqishga majbur qildi. Uzoq, sharoiti og‘ir bo‘lgan qishloqlar, mahallalar, ovullarda ham O‘zbekiston fuqarolari yashayotganligini, orzu-umidlari borligini, davlatni ularning oldida burch va mas’uliyati mavjudligini anglatdi.
O‘zbekistonda Inson tushunchasi paydo bo‘ldi. Insonga Konstitutsiyada belgilangan yashash, fikr aytish imkoniyati berildi.
O‘zbekiston rahbari Shavkat Mirziyoyev tomonidan, tarixda birinchi marta mamlakatimizda demokratiyaning eng oliy nuqtasi hisoblanadigan Prezident va odamlar muloqoti institutiga asos solindi.
O‘zbekiston uchun sobiq tuzumdan meros chegara muammosi, qo‘shnilar bilan munosabatlar masalasi doim dolzarb ahamiyat kasb etgan.
Markaziy Osiyodagi mamlakatlarning joylashuvi, aholisining qon-qardoshligi, dini, tili birligi, tabiati, geografiyasidagi uzviylik, butunlik, bir daryodan suv ichishi, tog‘larining tutashganligi, yaylovlaridan birgalikda foydalanishi…Qanday qilib, bu bir butunlikni ajratib bo‘ladi? Qanday qilib, Markaziy Osiyo mamlakatlarini ayri tasavvur qilish mumkin? Axir bu Yaratganning taqdiri, hukmi emasmi?
Ming afsuski, mustaqillik yillarida Markaziy Osiyo davlatlari o‘rtasiga sun’iy to‘siqlar qo‘yildi. Chetdan aralashuvlar, ichki nizolar bir bo‘lib. Dushmanchilik vaziyati paydo bo‘ldi. Cheklovlar o‘rnatildi. Noto‘g‘ri siyosat yuritildi. Buni mamlakatlarimizga yetkazilgan juda katta iqtisodiy ziyonidan tashqari, hisobsiz ma’naviy yo‘qotishlari ham borligini unutmasligimiz kerak.
Bir paytlar tog‘ oshib, kelin olib kelgan, quda-anda bo‘lganlar, yoki qirning narigi tomonida uka, bu tomonida aka, daryoning bir qirg‘og‘ida ota-ona, boshqa qirg‘og‘ida farzand, bu qishloqda opa, boshqa qishloqda singil…yaqin jigarlari bilan salkam 25 yil ko‘rishmaslikka mahkum qilindi. Chegaralar yopildi. Tog‘lar minalashtirildi. Yo‘llar buzib tashlandi. Daryolar suvi to‘xtatildi. Markaziy Osiyoni birlashtirib turuvchi hamma tarmoqlardan uzildik. Qisqasi o‘z qobig‘imizga o‘ralib oldik. Mantiqan olib qaraganda, bu xalqlarni ajratib tashlashni, alohida tasavvur qilishning hech qanday iloji yo‘q edi.
Urgut tumanida yashovchi muallim ko‘zida yosh bilan bir voqeani aytib bergandi. Ularning qishlog‘iga Tojikistonning Panjikentidan kelin tushgan ekan. Chegaralar yopilgandan keyin, betob bo‘lib yotib qolgan ota qizini ko‘rish uchun ruxsat ololmagan. Shunda qandaydir yo‘l topib, bog‘lanib, u narigi, qizi bu tomondan chegarada bir-biri bilan gaplashmoqchi bo‘lgan. Lekin o‘rtada turgan harbiylar ularning to‘siqlarga yaqinlashishga qo‘ymagan. Uzoqdan bir-birini ko‘rib, faqat yig‘lashgan. Chegaradan uyga qaytib borgan ota vafot etgan…
Bunday fojiali voqealarni o‘zbek-qirg‘iz, o‘zbek-qozoq, o‘zbek-turkman chegaralarida ham ko‘rish mumkin edi. Dunyoda bundan ortiq adolatsizlik bormi? Azob, qiyinchilik, xo‘rlik-chi? O‘sha paytlarda targ‘ibot mashinalari har ikkala tomonda chegaralar ochilsa, urush bo‘ladi, qurol – yarog‘ kirib keladi, deb odamlarni qo‘rqitardi. Bunday nohaq siyosat qurboniga aylangan odamlar ilojsiz va nochor edi.
Prezident Mirziyoyev Markaziy Osiyodagi barcha to‘siqlarni parchaladi. U bugun butun dunyoda e’tirof etilayotgan o‘zbek diplomatiyasida yangi sahifa ochdi.
O‘zbekiston Prezidenti Mirziyoyev tarixda Markaziy Osiyoni birlashishga da’vat etgan, bu yo‘lda barcha imkoniyatlarni ishga solgan davlat rahbari sifatida qoladi. Men ishonaman, Markaziy Osiyo mamlakatlari o‘rtasidagi chegaralar, yo‘llar endi hech qachon yopilmaydi. Tarix takrorlanmaydi. Markaziy Osiyo davlatlarida 25 yil davom etgan inson huquqlarini xalqaro darajada buzilishlariga O‘zbekiston rahbari tomonidan butunlay chek qo‘yildi..
O‘zbekiston rahbari nafaqat tashqi siyosatda balki ichki masalalarda ham insonlar manfaatini o‘ylab qarorlar qabul qildi.
Butunlay yo‘qotib yuborilgan maktabgacha ta’lim tizimi qayta tiklandi. Ming afsuski, Prezidentning mazkur islohoti, uning tarixiy ahamiyati yetarlicha tahlil etilgani, yoritilgani yo‘q.
Tasavvur qiling bola ayni shakllanayotgan payti ya’ni 3-7-yoshida u bilan hech kim shug‘ullanmaydi. Bu aslida kelajakka xiyonat emasmi? Bu o‘z ixtiyorimiz bilan o‘zimizga yomonlik qilish emasmi? O‘tgan yillar davomida sobiq tuzumdan qolgan bolalar bog‘chalari talon-taroj qilindi. Natijada kamida yigirma yil davomida bolalarimizni, ertangi kunimizni to maktab yoshiga yetkuncha uyda qoldirdik. Qani endi, bu yo‘qotishlarni o‘rnini biror bir moddiy boylik bilan qoplab bo‘lsa. O‘zbekistonda bugun maktabgacha ta’lim vazirligi va uning viloyat, tuman, shahar tuzilmasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu borada xorij tajribasi o‘rganilib, sohaga zamonaviy texnologiyalar joriy etilmoqda. Xususiy sektorga ham keng yo‘l ochildi. Buning natijasida maktabgacha yoshdagi bolalarning 62,4 foizi maktabgacha ta’lim muassasalariga qamrab olindi.
Prezident Mirziyoyevning talabi, tashabbusi bilan mamlakat fuqarosi vazir, deputat, hokim. kabi amaldorlarni ko‘rish va ularga dardini aytishga muyassar bo‘ldi. Prezident qayerga bormasin, oldindan tayyorlab qo‘yilgan joylarni emas, balki Prezident borishi amaldorlarning yetti uxlab tushiga kirmagan manzillarga yo‘lni burdi. Navoiy viloyatining Tomdi tumaniga borgan Prezident insonlar bilan uchrashib, bir gapni aytgan edi: Menga Tomdiga borish qiyin, ob-havo yomon, deb aytishlariga qaramasdan oldingizga keldim. Sizlarni o‘ylantirayotgan muammolarni shaxsan eshitgim, sharoitlaringizni o‘z ko‘zim bilan ko‘rgim keldi…
Bunday vaziyat keyingi 5 yil ichida ko‘plab marta yuz berdi. Insof bilan aytganda, insonning hayot darajasi ko‘tarildi, o‘zgara boshladi, turmush tarzi yaxshilandi. Eng muhimi insonda ishonch paydo bo‘ldi. Insonga umid berildi.
O‘zbekistonda yopiq mavzular bo‘lgan. Bulardan biri muhojirlar mavzusi. Bu borada statistika yuritilmas, hatto majbur bo‘lib xorijga ishga ketganlar qaytib kelganda ularga ish berilmasdi. Xorijda bo‘lgan vaqtida nimalar bilan shug‘ullanganligi haqida so‘roqlar, mahkamalar bo‘lardi. Bularning chetga borib, ishlagani uchun biz gunohkormiz, deb hech kim aytmasdi. Ularga yetarli sharoit yaratib berolmaganimizdan, ish yo‘qligidan, bola-chaqasini boqish uchun chet elga ketgan, degan haqiqatdan yuz o‘girilardi.
Davlatning bu kamchiligini birinchi bo‘lib Prezident Mirziyoyev tan oldi. Mamlakatda statistika yuritila boshlandi. O‘zbekistonning chet eldagi elchixonalari ham chorak asr davomida muhojirlar uchun yopiq edi. Mana shu temir eshiklar ochildi. Ilojsizlikdan muhojirlikni bo‘yniga olgan o‘zbekistonliklarni chet elda ham huquqini himoya qilish mexanizmlari yaratildi. Bir paytlar nima ish qilishini bilmaydigan Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligiga juda ko‘plab vazifalar yuklatildi. O‘zbekistonda chet elga borib, ishlab kelayotgan fuqarolarga nisbatan munosabat o‘zgardi. Yaratilayotgan ish o‘rinlari tufayli chetga chiqish nisbatan kamaydi. Inson uni himoya qiladigan davlati, Prezidenti borligini birinchi marta his etdi.
O‘zbekistonda yana bir yopiq mavzu bor ediki, hatto, bu so‘zni ishlatishga ham yo‘l qo‘yilmas edi. Bu kambag‘allik mavzusi.
Prezident Mirziyoyev tarixda birinchi marta mamlakatda yashayotgan har bir kambag‘alni hisobga olishni buyurdi va kambag‘allikka qarshi O‘zbekistonda kurash boshlandi. Kambag‘allikni bartaraf etish uchun davlat bosh islohotchiga aylandi. O‘zbek tili lug‘atidan chiqarib tashlangan kambag‘allik so‘zi kun tartibiga chiqdi.
Eng ayanchli tomoni, kambag‘allar borligini hamma bilardi. Kambag‘allarning nochor hayotidan barcha xabardor edi. Davlat idoralariga, mahalliy hokimliklarga yordam so‘rab, kambag‘allardan to‘xtovsiz shikoyat arizalari kelardi. Lekin davlatda o‘zi tan olmagan kambag‘al fuqarolarining hayotini o‘zgartirish borasida hech qanday strategiya mavjud emasdi. Eng yomoni chora ko‘rilmasa kambag‘allar hayot tarzi yanada nochorlashib borar ekan. Bu borada tizimning yo‘qligi tufayli har zamonda qilingan xayr-ehson yoki yordam bilan kambag‘allikni bartaraf etib bo‘lmasdi.
AQSH ning 16-Prezidenti Avraam Linkoln qullikni tugatish borasidagi tarixiy xizmatlari bilan amerikaliklar qalbidan chuqur joy olgan edi. Prezident Mirziyoyevning nomi ham O‘zbekiston tarixida kambag‘allikni bartaraf etish strategiyasini ishlab chiqqanligi bilan e’tirof etiladi.
Kambag‘allikni tugatish borasida “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” loyihalari mamlakat bo‘ylab tatbiq etildi. To‘g‘ri, barcha muammolarni qisqa vaqt ichida yechish mushkul. Lekin hamma vaqt ilk qadamni qo‘yish oson bo‘lmaydi. Birinchi qadam tashlandimi, demak, ish oldinga siljiy boshlaydi.
Insonlarning hayotidan rozi bo‘lishi tamoyilini ham birinchilar qatorida Prezident Mirziyoyev ishlab chiqdi va hayotga tatbiq qildi. O‘zbekistonda salkam 30 yil davomida biror marta insondan “Sen hayotingdan rozimisan? Sening biror bir muammoing bormi, e’tirozing-chi, taklifing-chi?” – so‘ralmagan edi. Bu maqsad ham juda mavhum tarzda ishlatilardi. “Xalqni rozi qilish”, “xalqning fikri” tarzida. Lekin inson va shaxs tushunchasi tobora yo‘qolib borar, bizdan uzoqlashardi. Iste’moldan chiqib ketgandi. Bu haqiqatni tan olish, bu adolatsizlikka chek qo‘yish uchun juda katta jasorat zarur edi. Bag‘rikenglik, insoniylik kerak edi. Bu mas’uliyatli vazifani o‘z bo‘yniga olgan Prezident Mirziyoyevni hech kim yo‘lidan qaytarolmadi. Uning insonlarga uzatgan qo‘li manzili, kimligi aniq bo‘lgan insonga yetib bordi.
O‘tgan besh yil O‘zbekistonda inson qadrini, sha’nini, huquqlarini tiklash davri bo‘ldi. Shundan bo‘lsa kerak, bunday o‘zgarishlarni ba’zan noto‘g‘ri talqin qiluvchilar, noshukurlar ham uchrab turadi. Lekin bu Prezident Mirziyoyev uchun muhim emas. Uning insonga qaratilgan islohotlari, insonga mehri, muhabbati hech qachon so‘nmaydi. Aksincha, insonni tinglash, inson bilan muloqot, insonni anglash, davlat rahbari uchun juda muhim ekanligini tushunib yetgan Prezident Mirziyoyev bu boradagi ishlarini harakatlarini yanada rivojlantirmoqda. Davlat boshqaruvida asosiy e’tiborni inson omiliga qaratmoqda. Inson taklif-mulohazalaridan foydalanmoqda. Bu O‘zbekistonda davlat bilan inson o‘rtasidagi jarlikni yo‘qolishiga olib keldi.
Bugun halqaro ekspertlar Prezident Mirziyoyev boshqaruvidagi o‘ta betakror uslublarni tahlil qilmoqda, o‘rganmoqda va O‘zbekiston tajribasini davlat rahbarlariga o‘rnak qilib ko‘rsatmoqda.
Demokratiya o‘ta rivojlangan jamiyatlarda ham inson omiliga juda katta e’tibor qaratiladi va inson tushunchasi muqaddas hisoblanadi. Shundan bo‘lsa kerak, jahon tarixida, adabiyotida ozod inson, inson huquqi tushunchalariga alohida yondashiladi. Ehtiyotkorlik bilan qaraladi.
O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev siyosiy arbob sifatida xalqaro miqyosdagi global masalalarni hal etayotgani, bugun butun dunyoda e’tirof etilmoqda, tan olinmoqda. Bu surunkali davom etayotgan Afg‘oniston muammosi, tojik-qirg‘iz chegarasidagi tahlikali vaziyatni bartaraf etish, mintaqani ekologik fojiasiga aylangan Orol dengizi dardini BMT minbarida ko‘tarish, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashiga O‘zbekistonning a’zo bo‘lishi, Markaziy va Janubiy Osiyo birdamligiga da’vat kabi jahon siyosiy maydonida paydo bo‘lgan mutlaqo yangi qarashlar… Barcha-barchasida O‘zbekiston rahbarining pozitsiyasi muhim ahamiyat kasb etmoqda. Hal qiluvchi o‘rin tutmoqda.
O‘zbekistonning xalqaro tashkilotlar faoliyatidagi o‘rni va nufuzi ham tobora ortib bormoqda. Buning natijasida manfaatlar muvozanati yaratilmoqda. O‘zbekiston tutgan yo‘l, qarashlari bilan hisoblashilmoqda. Ha, bularning barchasiga tarix uchun juda qisqa davr bo‘lgan besh yil ichida erishdik…
Bugun dunyo o‘zgardi. Mana shu dunyo uzra O‘zbekiston butunlay o‘zgardi. INSON qadr qimmati Prezident, davlat darajasida e’zozlanmoqda. O‘zbekiston fuqarosining ruhiyatida Vatanga muhabbat, davlatga, Prezidentga ishonch paydo bo‘ldi. Eng muhimi, bu tarixiy jarayon davom etmoqda, takomillashmoqda, boyimoqda.
Rustam XOLMURODOV,
Samarqand davlat universiteti rektori, professor,
Oliy Majlis Senati a’zosi.