Prezident Shavkat Mirziyoyev XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlari ishtirokchilari bo‘lgan sportchi va murabbiylar bilan uchrashuvda Oksana Chusovitinaning sportdagi shon-shuhrati, yurtimiz sportiga qo‘shgan munosib hissasi, xalqimizning unga bo‘lgan mehri haqida alohida to‘xtaldi.
– Hammamiz yaxshi bilamiz, u ilk Olimpiada o‘yinlaridagi ishtirokini 1992 yili Barselonada boshlagan. Shundan buyon tanaffussiz sakkiz marta Olimpiada o‘yinlarida ishtirok etdi. Bu haqiqatan ham Ginnes rekordlar kitobiga kirgan dunyo sporti tarixidagi ulkan hodisadir. Bu uchun qancha iroda, mehnat kerak.
Oksana Aleksandrovnaning Tokio Olimpiadasidagi navbatdagi ishtiroki muhim voqea sifatida e’tirof etildi. Dunyo jamoatchiligi Oksananing o‘ziga qat’iy ishonchini namoyon qilgan har bir chiqishini hayrat va havas bilan to‘lqinlanib kuzatib bordi.
Biz bunday afsonaviy sportchilarimiz bilan haqli ravishda faxrlanamiz. Uning jasorati, g‘alabaga bo‘lgan intilishi yosh sportchilar uchun o‘ziga xos yuksak natijalar va shon-shuhrat maktabi bo‘lib xizmat qiladi, – dedi Prezident.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev Oksana Chusovitinani sportdagi fidokorona xizmatlari uchun “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sport ustozi” faxriy unvoni bilan taqdirladi. Oksana Chusovitinaning kelgusi murabbiylik faoliyatiga omad tilab, uning sport olamidagi katta tajribasi bo‘lajak chempionlarni tarbiyalashga hissa qo‘shishiga ishonch bildirdi.
Mutasaddilarga Oksana Chusovitina va Bahodir Jalolov sport mahorati maktabini tashkil qilish va ularning faoliyati uchun barcha zarur shart-sharoitlarni yaratish bo‘yicha topshiriq berildi.
O‘zA