Prezident Shavkat Mirziyoyevning XXXII yozgi Olimpiya o‘yinlarida ishtirok etgan sportchi va murabbiylarimiz bilan uchrashuvi davom etmoqda.

Bu yilgi Olimpiya o‘yinlari qanday qiyin va murakkab vaziyatda o‘tganini barchamiz yaxshi bilamiz. Global pandemiya, avvalo, sportchilar uchun kutilmagan jismoniy va ruhiy muammolarni keltirib chiqardi.

Shu ma’noda, bu galgi Olimpiada chinakam mardlik va matonat sinovi, halol va keskin bellashuvlar maydoni bo‘ldi. Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, ko‘plab musobaqalar muxlislar ishtirokisiz o‘tdi. Bunday holat Olimpiada tarixida avvallari hech qachon kuzatilmagan.

– Ana shunday o‘ta og‘ir vaziyatda O‘zbekiston sportchilari faqat g‘alabaga intilib, haqiqiy mardlik va jasorat namunasini ko‘rsatganiga barchamiz guvoh bo‘ldik. Farzandlarimiz ona xalqimizning mehri va ishonchi, millionlab muxlislarning qo‘llab-quvvatlashini har daqiqa yurak-yurakdan his etib turdi va bu ularga cheksiz kuch va madad berdi. Fursatdan foydalanib, Tokiodagi musobaqalarda Vatanimiz sharafini munosib himoya qilgan, barchamizga hayajonli va unutilmas damlarni taqdim etgan O‘zbekiston Olimpiya terma jamoasining barcha a’zolari va ustoz-murabbiylarga o‘z nomimdan, xalqimiz nomidan samimiy minnatdorlik bildiraman, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Albatta, erishilgan natijalarda Olimpiada o‘yinlariga oldindan puxta tayyorgarlik ko‘rilgani, buning uchun davlatimiz tomonidan barcha sharoitlar yaratib berilgani muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Ana shunday e’tibor tufayli O‘zbekiston vakillari 17 ta sport turi bo‘yicha 71 ta Olimpiya yo‘llanmasini qo‘lga kiritgani milliy sportimiz tarixidagi eng yuqori ko‘rsatkichdir.

Yana bir muhim jihati – ayollar o‘rtasida sportni rivojlantirish maqsadida amalga oshirayotgan katta ishlar ham ijobiy natija bermoqda. Buni 28 nafar sportchi qizlarimiz Tokio Olimpiadasiga yo‘llanmani qo‘lga kiritgani ham tasdiqlaydi. Bu mustaqil O‘zbekiston tarixidagi rekord natijadir.

Bokschi qizlarimiz ilk bor Olimpiadaga 3 ta yo‘llanmani qo‘lga kiritdi. Natijada boks bo‘yicha jami litsenziyalar soni 11 tani tashkil etdi.

Ushbu Olimpiya o‘yinlarida faqat uchta davlat shuncha bokschi bilan ishtirok etganini hisobga olsak, bu alohida e’tiborga loyiq ko‘rsatkich.

Bularning barchasi O‘zbekistonda Olimpiada harakati tobora rivojlanib, yangi, yuksak bosqichga ko‘tarilayotganidan dalolat beradi.

– Shu munosabat bilan Vazirlar Mahkamasining qarori asosida Tokio Olimpiadasida g‘olib va sovrindor bo‘lgan sportchilarimiz ta’lim olgan  maktab va oliy o‘quv yurtlarida, voyaga yetgan mahallalarda ularning ibratli faoliyatini targ‘ib etishga bag‘ishlangan ko‘rgazmalar tashkil qilish maqsadga muvofiq, – dedi Prezident.

 

O‘zA