Saylov – 2021
Tashqi ishlar vazirligida 11 avgust kuni “Xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining saylovda ishtirokini ta’minlash: me’yoriy-huquqiy asoslar, imkoniyatlar va mexanizmlar” mavzusida davra suhbati bo‘lib o‘tdi.
Videokonferensiya shaklida tashkil etilgan tadbirda vazirlik xodimlari, O‘zbekistonning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari vakillari, Markaziy saylov komissiyasi a’zolari, talabalar ishtirok etdi.
Davra suhbatini tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari F.Sidiqov ochib, bo‘lajak muhim siyosiy tadbir – O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini yuqori darajada tashkil etish, xorijda yashayotgan mamlakatimiz fuqarolarining ushbu tadbirda faol ishtirokini ta’minlashda diplomatik vakolatxonalarimiz zimmasida mas’uliyatli vazifa turganini ta’kidladi.
Saylovni yuksak saviyada tashkil etish, xususan, xorijdagi O‘zbekiston fuqarolarining mazkur siyosiy tadbirda keng ishtirokini ta’minlash maqsadida Tashqi ishlar vazirligi tomonidan izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, 38 mamlakatdagi 55 ta diplomatik vakolatxona hamda ushbu davlatlarning 128 shaharida, shuningdek, O‘zbekistonning diplomatik vakolatxonalari bo‘lmagan 11 davlatda jami 316 ta ko‘chma saylov uchastkalari tashkil etilishi rejalashtirilgan. Hozirda diplomatik vakolatxonalar va konsullik muassasalari tomonidan O‘zbekiston Prezidenti saylovini xorijda yuqori saviyada tashkil etish maqsadida mahalliy hokimiyat, diasporal tashkilotlar va o‘zbekistonlik mehnat migrantlari ishlaydigan korxonalarda uchrashuvlar o‘tkazilmoqda.
Xorijiy davlatlar O‘zbekiston xalqi hayotidagi ushbu muhim siyosiy tadbirga muddatidan oldin ovoz berish jarayonini tashkil etish borasida har tomonlama ko‘maklashishga tayyorligini bildirgan.
Diplomatik vakolatxonalar to‘plagan ma’lumotlar asosida chet eldagi saylovchilarning birlamchi ro‘yxati shakllantirilgan. Ular tomonidan chet eldagi 151 ta o‘zbek diasporal tashkilotlari bilan hamkorlik o‘rnatildi.
Tadbirda Markaziy saylov komissisi raisi Z.Nizomxo‘jayev so‘zga chiqib, yangi O‘zbekiston yuksalishi jarayonida inson huquqlarini ta’minlash, siyosiy-huquqiy hayotni va ommaviy axborot vositalarini erkinlashtirish, jamiyatni demokratlashtirish kabi masalalar islohotlarning ustuvor yo‘nalishlariga aylanganini ta’kidladi.
Bo‘lajak saylov ochiq-oshkora, umume’tirof etilgan demokratik tamoyillar va mezonlar asosida o‘tishi uchun puxta tayyorgarlik ko‘rilgani, jumladan, milliy saylov qonunchiligi takomillashtirilgani qayd etildi.
O‘zbekiston saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartishlar, qabul qilingan yangi Saylov kodeksi, turli sabablarga ko‘ra xorijda yashayotgan O‘zbekiston fuqarolarining saylovda ishtirok etishiga oid tartib-qoidalar haqida batafsil ma’lumot berildi. Chet eldagi O‘zbekiston fuqarolari saylov bo‘yicha yetarli axborotga ega emasligi, shu bois diplomatik vakolatxonalar ularning o‘z konstitutsiyaviy huquqidan foydalanib, ovoz berish jarayonida faol ishtirok etishini ta’minlash uchun zarur targ‘ibot-tushuntirish ishlarini yo‘lga qo‘yishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Tadbirda ishtirokchilar, mamlakatimizning xorijdagi diplomatik vakolatxonalari vakillari o‘zlarini qiziqtirgan savollarga javob oldi.
Matnazar Elmurodov, O‘zA