Poytaxtimizda O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi siyosiy kengashining navbatdagi plenumi bo‘lib o‘tdi.
Unda joriy yil 24 oktyabrda o‘tkaziladigan O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida partiyaning ishtirokiga oid masalalar ko‘rib chiqildi.
Saylov kodeksining 63-moddasi talablaridan kelib chiqib, “Adolat” sotsial-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatiladigan bo‘lajak nomzod to‘g‘risidagi masalani ko‘rib chiqish yuzasidan muhokamalar o‘tkazildi.
Partiyadan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga ko‘rsatiladigan bo‘lajak nomzod bo‘yicha tegishli ma’lumotlarni Markaziy saylov komissiyasiga taqdim etish bo‘yicha tegishli qaror qabul qilindi.
«Adolat» SDP 2021 yilgi prezidentlik saylovlarida partiya rahbari Bahrom Abduhalimov nomzodini ilgari suradi.
Saylov kodeksiga muvofiq, Markaziy saylov komissiyasi partiya tomonidan taqdim etilgan hujjatlarni 5 kunlik muddatda ko‘rib chiqib, ariza qanoatlantirilgan holatda siyosiy partiyaning vakolatli vakiliga ro‘yxatga olinganlik guvohnomasi va belgilangan namunadagi imzo varaqalarining blankalarini beradi.
N.Nasriyev, O‘zA