Prezident rahbarligida yil oxiriga qadar hududlar va tarmoqlarda barqaror iqtisodiy o‘sishni ta’minlash bo‘yicha aniq choralarni belgilashga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi davom etmoqda.

Yig‘ilishda ikkinchi yarim yillikda yirik tarmoq sanoat korxonalarida mahsulotlar ishlab chiqarishni ko‘paytirish lozimligi qayd etildi.

“Minsk traktor zavodi”dan kelayotgan traktorlarni mahalliylashtirish darajasini yil oxiriga qadar 25 foizgacha yetkazish, Toshkent, Buxoro, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida 6 ta issiqlik hamda Navoiy va Samarqandda 2 ta quyosh elektr stansiyasini foydalanishga topshirish hisobiga generatsiya quvvatlarini 1 ming 800 megavattga oshirish, yil yakuni bilan 72,4 milliard kilovatt-soat elektr energiyasi ishlab chiqarish bo‘yicha topshiriqlar berildi.

–“Navoiyazot”da qo‘shimcha 288 ming tonna ammiakli selitra va 427 ming tonna karbamid ishlab chiqarish hamda “Qo‘qon superfosfat zavodi”ni modernizatsiya qilish hisobiga 126,5 ming tonna superfosfat ishlab chiqarish zarur. Shuningdek, tashqi bozordagi qulay narx-navoni inobatga olib, yil yakuni bilan 257 million dollarlik mineral o‘g‘itlar eksportini ta’minlash lozim, – dedi davlatimiz rahbari.

Mutasaddilarga joriy yilning ikkinchi yarmida hududlarda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmini 142 trillion so‘mga yetkazish, buning uchun, “drayver” bo‘lgan yirik mahalliy sanoat korxonalarida 60 trillion so‘mlik yuqori qo‘shilgan qiymatga ega mahsulotlar ishlab chiqarish vazifasi topshirildi.