Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tmoqda. Tadbirni ochar ekan, davlatimiz rahbari pandemiyani yengib o‘tish doirasida olib borilayotgan ishlarga alohida to‘xtaldi.

“Pandemiya davrida dunyo bo‘ylab koronavirus aniqlangan 200 million nafar bemorning 4,2 million nafari vafot etdi. Mamlakatimizda ham iyun oyining ikkinchi yarmi va iyul oyidan kasallanish ko‘rsatkichlari keskin o‘sib, kunlik yangi kasallanish holatlari o‘rtacha 750-800 tani, pnevmoniya esa 450-500 tani tashkil etmoqda.

bugungi kunda 10 mingga yaqin bemor shifoxonada, 3 ming nafari uy sharoitida davolanayotgan bo‘lsa, 2,4 ming nafari og‘ir, 890 nafari o‘ta og‘ir ahvolda.

Shunday bo‘lsada, kasallikni davolash va uni oldini olish bo‘yicha yetarli tajriba orttirdik. Sog‘liqni saqlash tizimi shay holatga keltirilib, barcha zarur vositalar, yetarli dori-darmon va tibbiyot jihozlari bilan ta’minlandi. Ijtimoiy soha ob’ektlari va iqtisodiyot tarmoqlari keskin karantin cheklovlarisiz faoliyatini davom ettirmoqda.

Pandemiyadan imkon qadar yo‘qotishlarsiz o‘tishimiz va keyingi to‘lqinlarga yo‘l qo‘ymaslik uchun, xalqimizdan 3 ta muhim shartga qat’iy amal qilish talab etiladi.

Birinchidan, virusdan himoyalanish va uni yengishning eng muhim sharti – bu albatta vaksinatsiya. Qanchalik mashaqqatli bo‘lmasin, ushbu maqsadlar uchun bugungi kunga qadar 4 turdagi 13 million doza vaksina olib keldik. Qaysi turdagi vaksina bilan emlanish bo‘yicha aholida tanlash imkoniyati paydo bo‘ldi.

–Shu bois emlash tadbirlarini keng joriy etish maqsadida kuni kecha maxsus qonunni imzoladim. Ushbu qonun orqali ish beruvchilarga profilaktik emlashni rad etgan xodimlarini ish joyiga kiritmaslik huquqi berildi”, – dedi davlatimiz rahbari.