Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 28 iyul kuni nogironligi bo‘lgan, ota-ona qaramog‘idan mahrum va yetim bolalarni davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashning yangi tizimini joriy etish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi.

Unda vazirlik va idoralar mutasaddilari, joylardagi hokimlar, Mehribonlik uylari rahbarlari va xodimlari ishtirok etdi.

– Biz ushbu masala bo‘yicha ko‘pdan buyon tayyorgarlik ko‘rib, joylardagi hokimlar, mutasaddi tashkilotlar rahbarlari bilan sohadagi muammolarni atroflicha muhokama qildik. Ushbu sohada juda ko‘p muammolar borligini hammamiz bilamiz. Lekin qandaydir tizim qilishga, masalalarning ichiga chuqurroq kirib, ularni ijobiy hal etishga chora-tadbirlar ko‘rmadik. Shularning hammasini inobatga olib, bugun Yunusobod tumanidagi 21-Mehribonlik uyi misolida tizimdagi muammolarni joyida o‘rgandim. Bugun sizlar bilan ushbu muamolarni hal etish bo‘yicha to‘g‘ri chora-tadbirlarni belgilab olishimiz kerak, – dedi davlatimiz rahbari.

Yig‘ilishda shu paytgacha bu sohaning ichiga mukammal kirib, juda chuqur tahlil qilib, kerakli qarorlar qabul qilinmagani ta’kidlandi.

Hozirgi kunda 13 ta Bolalar uyida 3-4 yoshgacha bo‘lgan 560 nafar bola, 16 ta Mehribonlik uyi va 4 ta Bolalar shaharchasida 3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan 1,8 ming nafar o‘g‘il-qiz, 86 ta maxsus internatda 7 yoshdan 18 yoshgacha  bo‘lgan 21 ming nafar bola, homiylik, vasiylik, oila patronati asosida 79 ming nafar bolalar tarbiyalanmoqda.

Yig‘ilishda ushbu mehrga muhtoj bolalar g‘amxo‘rlikni to‘liq his qilmayotgani qayd etildi. Jumladan, Prezident Yunusoboddagi 21-son Mehribonlik uyiga borganida na sohaga mas’ul vazirlik, na hudud sektor rahbarlari bu yerdagi muhit va sharoit bilan ishlamagani ayon bo‘lganini tanqid qildi.

Qayd etilganidek, so‘nggi 10 yilda Mehribonlik uylari va Bolalar shaharchalarining uy-joyga muhtoj 1 ming 188 nafar bitiruvchisidan  610 nafariga yoki  51 foiziga uy-joy ajratilgan. Mehribonlik uylaridagi ta’lim-tarbiya ishlari ham mutlaqo qoniqarsiz. Shuningdek, ushbu muassasalar bitiruvchilarining atigi 1,6 ming nafari  yoki 64 foizi ish bilan ta’minlangan.

Shu kabi, o‘tgan yili ixtisoslashgan maktablarni bitirgan 1,5 mingdan ziyod nogironligi bor yoshlarning atigi 264 nafari ishga joylashtirilgan.

 

O‘zA