Oliy ta’lim sohasidagi ustuvor vazifalar bo‘yicha o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida yotoqxonalar masalasiga ham to‘xtalib o‘tildi.
Joriy yilda yotoqhona o‘rinlari sonini oshirish hisobiga qo‘shimcha 22 ming, ijara to‘lovini qoplash orqali 60 mingdan ziyod talabaning turar-joy masalasi hal etib berildi. Bunga joriy yilda byudjetdan 50 milliard so‘m ajratiladi.
Shu bilan birga, talabalarga bugungi kunda qo‘shimcha 149 mingta turar joyga ehtiyoj mavjud.
Prezident ushbu muammoli masalani faqatgina tadbirkorlar bilan xususiy sheriklik orqali qisqa fursatlarda hal qilish mumkinligini ta’kidladi.
Bunda, bo‘sh maydoni bo‘lgan oliygohlar o‘z hududida, bo‘sh maydoni bo‘lmaganlari 1,5 kilometrgacha masofada yotoqxonalar tashkil etish uchun tadbirkorlarga auksion orqali yer ajratiladi.
Oliygoh rektori, viloyat hokimlari bu tadbirkorlar bilan kamida 20 yil muddatga shartnoma imzolab, binoning birinchi va ikkinchi qavatini biznes uchun (ko‘ngilochar xizmatdan tashqari) tadbirkorga berish, yuqori qavatlarini arzon turar joy (xostel) tashkil etish shartlari belgilanadi.
Talabalarga turar joyi xarajatlarining 50 foizi byudjetdan qoplab beriladi.
– Bu tadbirkor uchun – kafolatli mijoz, birinchi va ikkinchi qavatidagi biznesi uchun katta bozor, talaba uchun – qulay va arzon sharoit, oliygohga esa – mablag‘ni tejash va ularni ta’lim sifatini oshirish uchun yo‘naltirishga katta imkoniyat, – dedi davlatimiz rahbari.
Viloyat hokimlariga bir hafta muddatda talabalarga qulay hududlarda yotoqxonalar qurish bo‘yicha yer maydonlarini belgilab, auksionga chiqarish topshirig‘i berildi.
Viloyat hokimlari, rektorlar ikki hafta muddatda ushbu yangi tashabbusni tadbirkorlar e’tiboriga yetkazib, xususiy sheriklik asosida qurilishni boshlash vazifasi qo‘yildi.
Videoselektorda ko‘rib chiqilgan barcha masalalar yuzasidan viloyat hokimlari, tarmoqlar rahbarlari va oliy o‘quv yurtlari rektorlarining hisoboti eshitildi.
O‘zA