Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumanidagi “Hoji Abdulla Akbar” fermer xo‘jaligi birinchilardan bo‘lib g‘alla topshirish bo‘yicha davlat shartnoma rejasini bajardi.

Tumanda joriy yilda 3800 gektar yerda bug‘doy yetishtirilgan bo‘lsa, shundan 316,7 gektarini urug‘lik tashkil qiladi.O‘rim-yig‘im ishlarida 14 ta otryad shakllantirilgan bo‘lib, g‘allani manzilga yetkazishda 42 ta texnika jalb qilindi.

Joriy yilda tumanda yangi Tritikale bug‘doy navi ham ekildi. Krasnodardagi oliygohdan olib kelingan bug‘doyning ushbu navining bo‘yi 170-180 santimetr bo‘lib, asosan chorvachilikka mo‘ljallangan. Sovuq havoga, o‘simliklarda uchraydigan har xil kasalliklarga chidamli hisoblanadi. Jami 5,7 gektar maydonga ekilgan ushbu navdan yuqori hosildorlik kutilmoqda.

G‘alla o‘rim-yig‘imiga bag‘ishlangan ko‘rgazmali seminarda mutasaddilar va soha vakillari bug‘doy dalalarini ko‘zdan kechirib, g‘alla hosildorligi bo‘yicha o‘zlarining fikr- mulohazalarini bildirdi. Tadbir yakunida davlatga g‘alla topshirish bo‘yicha shartnoma rejasini birinchilar qatorida bajargan “Hoji Abdulla Akbar” fermer xo‘jaligi raisiga qimmatbaho sovg‘alar topshirildi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA