2021 yil 3 iyun kuni Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senatining Raisi Maulen Ashimbayev rasmiy tashrif bilan O‘zbekistonga keldi.

Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida yuksak martabali mehmonni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev, Qozog‘iston Respublikasining O‘zbekiston Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Darxan Satibaldi hamda boshqa rasmiylar kutib oldilar.

Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayev O‘zbekiston Respublikasiga rasmiy tashrifi chog‘ida Toshkentdagi Mustaqillik va ezgulik monumenti poyiga gul qo‘ydi.

Shundan so‘ng O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva va Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayevning uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvda O‘zbekiston ham, Qozog‘iston ham ikki tomonlama hamkorlikni kengaytirishga katta ahamiyat qaratayotgani ta’kidlandi. Xususan, so‘nggi to‘rt yil ichida siyosiy, savdo-iqtisodiy va madaniy-gumanitar sohalarda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi o‘zaro aloqalar yuqori darajaga ko‘tarildi.

Ta’kidlash joizki, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi parlamentlararo muloqotlar faollashdi. Tomonlar parlament faoliyati tajribasini o‘rganish uchun doimiy ravishda delegatsiyalarning o‘zaro tashriflarini uyushtirmoqda, turli xalqaro konferensiyalar va parlament tashkilotlari ishida ishtirok etish orqali uchrashuvlar o‘tkazib kelinmoqda.

Muloqot chog‘ida transport kommunikatsiyalari va tranzit tashuvlari, mehnat migratsiyasi, suvdan foydalanish, madaniyat, ta’lim, gender tenglik sohasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi. Tomonlar Samarqandda Qozog‘iston Konsulxonasi, Chimkent shahrida esa O‘zbekiston Bosh konsulxonasi ochilishini ma’qulladilar.

Shuningdek, hamkorlikni rivojlantirish va kengaytirish, shu jumladan, ixtisoslashgan qo‘mitalar o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish, xalqaro parlament tuzilmalari (PI, YeXHT PA, MDH PA), shuningdek boshqa qator xalqaro tashkilotlar doirasida umumiy tashabbuslarni ilgari surish, deputatlar o‘rtasida hududlararo hamkorlik o‘rnatish, pandemiyaning salbiy oqibatlarini yumshatishga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar ko‘rilishini ta’minlash masalalari muhokama qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qozog‘iston Parlamenti bilan hamkorlik bo‘yicha parlamentlararo komissiyasi hamda yangi tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati bilan hamkorlik bo‘yicha komissiyasi muvaffaqiyatli faoliyat olib borayotir.

Hozirgi vaqtda qonun ijodkorligini takomillashtirish borasida, iqtisodiyot, sayyohlik, madaniy va gumanitar sohalarda hududlararo hamkorlikni rivojlantirishda parlament rolini oshirish bo‘yicha maqsadli ishlar olib borilmoqda.

Yuqorida sanab o‘tilgan va boshqa tadbirlarni amalga oshirish uchun 2021-2022 yillarda parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” tasdiqlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Qonunchilik muammolari va parlament tadqiqotlari instituti hamda Qozog‘iston parlamenti huzuridagi Parlamentarizm instituti o‘rtasida hamkorlik to‘g‘risida memorandum imzoladilar.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi Tanzila Norboyeva hamda Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Senati Raisi Maulen Ashimbayev uchrashuvi yakunlari bo‘yicha jurnalistlar uchun brifing tashkil etildi.

 

Saidmurod RAHIMOV, O‘zA