O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasining majlisi bo‘lib o‘tdi.
Majlisda Senatning o‘n beshinchi yalpi majlisida muhokama qilinishi nazarda tutilgan masalalar dastlabki tarzda ko‘rib chiqildi. Xususan, “O‘zbekiston Respublikasining Saylov kodeksiga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni muhokama qilindi.
Ta’kidlanishicha, amaldagi saylov to‘g‘risidagi qonunchilikning tahlillari saylovchilar bilan uchrashuvlar o‘tkazish hamda saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan shikoyatlar berish borasida ayrim muammolar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Muhokama qilingan qonun bilan yuqori turuvchi saylov komissiyalarining vakolatlaridan quyi turuvchi saylov komissiyalarining harakatlari va qarorlari ustidan berilgan shikoyatlarni ko‘rib chiqishni chiqarib tashlash, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazish bo‘yicha okrug saylov komissiyasi komissiya raisi, rais o‘rinbosari, kotibi va o‘n bir – o‘n sakkiz nafar komissiya a’zosidan iborat tarkibda tuzilishini belgilash nazarda tutilmoqda.
Shuningdek, saylov byulletenida nomzodning egallab turgan lavozimi (mashg‘ulotining turi), ish joyi ko‘rsatilishi haqidagi normani chiqarish, saylovlarda siyosiy partiya yoki nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishda fuqarolar pasport bilan bir qatorda identifikatsiya kartasi orqali ham shaxsini tasdiqlashi mumkinligi belgilanmoqda.
“O‘zbekiston Respublikasining fuqaroligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritish haqida”gi qonun ham muhokama qilindi.
2005 yil 1 yanvarga qadar O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashash joyi bo‘yicha ro‘yxatga olingan va muqaddam chet davlat fuqaroligiga ega bo‘lmagan shaxslarni, shuningdek, o‘n besh yil davomida O‘zbekiston Respublikasi hududida fuqaroligi bo‘lmagan shaxs maqomida yashab kelayotgan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga tan olish mexanizmlari yaratiladi.
Ta’kidlash joizki, fuqarolikni tan olish instituti mutlaqo yangi institut bo‘lib, MDHga a’zo davlatlarning qonunchiligida nazarda tutilmagan, bir so‘z bilan aytadigan bo‘lsak, mamlakatimiz hududida o‘n besh yil davomida istiqomat qilayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga tan olish, qonuniy asoslarga muvofiq, to‘g‘ridan-to‘g‘ri fuqarolikka olishning huquqiy asoslari yaratiladi va o‘n besh yil doimiy yashab kelayotgan fuqaroligi bo‘lmagan shaxs tomonidan O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligini umumiy tartibda qabul qilish uchun iltimosnoma bilan murojaat qilish zaruriyati qolmaydi.
Shuningdek, yig‘ilishda Davlat xizmatlari ko‘rsatilishi holati yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalari to‘g‘risidagi masala muhokama qilindi.
Elektron identifikatsiya tizimi hamda elektron raqamli imzo bilan ishlash tizimini takomillashtirib, amaliyotga to‘liq joriy etishni yo‘lga qo‘yish, davlat xizmatlari portalining mobil ilovasini rivojlantirib, jismoniy va yuridik shaxslarga qulay va tez davlat xizmatlari ko‘rsatilishini ta’minlash, idoralararo integratsiya darajasini oshirish, qog‘oz shaklidagi arxiv hujjatlarini to‘liq raqamlashtirib, axborot texnologiyalari tizimini yanada rivojlantirish zarurligi qayd etildi.
Davlat xizmatlari ko‘rsatilishi holati va bu bilan bog‘liq jarayonning shaffofligini kuchaytirish maqsadida Davlat xizmatlari agentligining hududiy boshqarmalari tegishincha xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga muntazam ravishda axborot berib borish amaliyotini tizimli yo‘lga qo‘yish kerakligi aytildi.
N.Nasriyev, O‘zA