Joriy yilning 4 oyi davomida Qoraqalpog‘iston Respublikasida fuqarolik ishlari bo‘yicha tumanlararo sudlarida jami 4863 ta ish ko‘rilib, shundan 244 tasida prokuror ishtiroki ta’minlangan.

Sudlarga prokurorlar tomonidan 69 million 420 ming so‘m yetkazilgan zararni undirish haqida da’vo ariza kiritilib, barchasi qanoatlantirildi. Prokuratura organlariga kelib tushgan murojaatlarni o‘rganib chiqish natijasiga ko‘ra, 11 ta fuqarolik ishlari bo‘yicha sud qarorlariga apellyatsiya va kassatsiya tartibida protest keltirildi.

Masalan, fuqaro J.Turemuratovaning ishga tiklash haqidagi da’vo arizasi fuqarolik ishlari bo‘yicha Nukus tumanlararo sudining hal qiluv qarori bilan qanoatlantirilmasdan qoldirilgan. Mazkur sud qarorini fuqaroning murojaatiga asosan o‘rganib chiqish natijasiga ko‘ra, birinchi instansiya sudining qarorini bekor qilish va ishga tiklash haqidagi da’vo talablarini qanoatlantirish haqida apellyatsiya protesti keltirildi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha apellyatsiya instansiyasining 2021 yil 4 martdagi ajrimi bilan prokuror protesti qanoatlantirildi. Natijada fuqaro J.Turemuratova Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasiga o‘z lavozimiga qayta tiklanib, mehnat huquqi qonuniy tartibda himoya qilindi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA