Mamlakatimizda Fransiya Respublikasining Yevropa va tashqi ishlar vazirligi huzuridagi tashqi savdo va iqtisodiy jozibadorlik bo‘yicha vakil-vaziri Frank Riyester boshchiligidagi delegatsiya mehmon bo‘lib turibdi.
10 may kuni Frank Riyester boshchiligidagi delegatsiya O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov bilan uchrashdi.
Suhbat davomida siyosiy, savdo-iqtisodiy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalardagi ikki tomonlama munosabatlarning holati va rivojlanish istiqbollari muhokama qilindi.
Avvalgi, shu jumladan, ikki mamlakat tashqi ishlar idoralari rahbarlarining joriy yil 3 may kuni bo‘lib o‘tgan telefon muloqoti doirasida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish jarayoni ko‘rib chiqildi.
Uchrashuvda bo‘lajak turli darajadagi qo‘shma tadbirlarga tayyorgarlik ko‘rish bilan bog‘liq masalalarga alohida e’tibor qaratildi.
Fransiya tomoni 2022 yil kuzida Parijdagi Luvr muzeyida “Markaziy Osiyo ulug‘vorligi. O‘zbekiston karvon yo‘llarida” nomli ko‘rgazmani tashkillashtirishda har tomonlama yordam berishga tayyorligini bildirdi. Mazkur tadbir ikki mamlakat madaniy hayotidagi yorqin voqeaga aylanishi qayd etildi.
Muzokaralar yakunida delegatsiyalar rahbarlari O‘zbekiston va Fransiya Tashqi ishlar vazirliklari o‘rtasida 2021-2022 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturini imzoladilar.
Frank Riyester boshchiligidagi delegatsiya shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri S.Umurzoqov bilan ham uchrashdi.
Uchrashuvda siyosiy, investitsiyaviy, savdo-iqtisodiy, moliyaviy-texnik hamkorlikka oid keng ko‘lamli masalalar muhokama qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil oktyabr oyida Fransiyaga tashrifi O‘zbekiston – Fransiya hamkorligining yangi bosqichga ko‘tarilishi uchun asos bo‘lib xizmat qilgani, tashrif davomida erishilgan kelishuvlarning o‘z vaqtida amalga oshirilishi ikki davlat rahbarlarining nazoratida ekani ta’kidlandi.
Fransiya delegatsiyasi rahbari uning O‘zbekistonga tashrifi pandemiya boshlanganidan buyon ilk xorijiy safari ekanligini ta’kidladi.
Investitsiya sohasidagi hamkorlikni kengaytirishning bugungi holati va istiqbollari atroflicha muhokama etildi. Geologiya, energetika, qishloq xo‘jaligi, chiqindilarni qayta ishlash va turizm sohasida yirik loyihalarni amalga oshirishda ijobiy dinamika kuzatilganligi ta’kidlandi. Tegishli vazirlik, idora va xususiy kompaniyalar rahbarlari o‘rtasida takliflarni o‘rganish va yangi loyihalarni hayotga tatbiq etish yuzasidan shartnomalar tuzishga qaratilgan “G2B” i “B2B” shaklida muzokaralar tashkil etish to‘g‘risida kelishuvga erishildi.
O‘zaro savdo sohasida hamkorlikni rivojlantirishning salmoqli salohiyati qayd etildi. Jumladan, O‘zbekiston Yevropa Ittifoqining “GSP+” preferensiyalar bosh tizimi benefitsiari maqomini olishi o‘zbek to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va boshqa mahsulotlar ishlab chiqaruvchilarining Fransiya bozoriga chiqishi uchun yangi imkoniyatlarni ochdi. Shu nuqtai nazardan, Fransiya tomoni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lishi borasida amalga oshirilayotgan ishlarga ham yuqori baho berdi. JSTga a’zolik O‘zbekiston – Fransiya savdo aylanmasini ko‘paytirish va diversifikatsiya qilish uchun sharoit yaratadi.
Moliyaviy-texnik hamkorlik sohasiga alohida e’tibor qaratildi. Tomonlar Fransiya taraqqiyot agentligi (FTA) bilan muvaffaqiyatli hamkorlikni qayd etib, 2021-2025 yillarga mo‘ljallangan yangi Hamkorlik dasturi imzolanishini ma’qulladilar. Suv resurslarini boshqarish, sanitariya va chorvachilik sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha FTA bilan muzokaralarni faollashtirishga oid kelishuvga erishildi.
Shuningdek, tomonlar o‘zbek tijorat banklarining «Bpifrance», «Credit Agricole» i «Société Générale» kabi Fransiyaning bank-moliya institutlari bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini ta’kidlab, O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash uchun moliyalashtirishni oshirish istiqbollarini muhokama qildilar.
Uchrashuv yakunida barcha darajadagi ikki tomonlama aloqalarni jadallashtirish orqali hamkorlikning belgilangan yo‘nalishlari bo‘yicha munosabatlarni faollashtirishga kelishildi.
Saidmurod RAHIMOV, O‘zA