Milliy matbuot markazida 10 may kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmatining navbatdagi brifingi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining matbuot kotibi Sherzod Asadov davlatimiz rahbari ishtirokida bo‘lib o‘tgan tadbirlar va joriy haftada kutilayotgan muhim voqealar haqida jurnalistlarga ma’lumot berdi.

O‘tgan hafta Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirokida yozgi Olimpiya va Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarlik ishlariga oid taqdimot, chet tillarini o‘qitish tizimini takomillashtirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbari 7 may kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin va Qozog‘istonning Birinchi Prezidenti, Elboshi Nursulton Nazarboyev bilan telefon muloqotlari o‘tkazdi. 9 may kuni Xotira va qadrlash kuni munosabati bilan G‘alaba bog‘ida o‘tkazilgan bayram tadbirida qatnashdi. Ushbu tadbirlar rasmiy press-relizlar va O‘zA kanallari orqali batafsil yoritildi.

Brifingda mazkur voqealar haqidagi rasmiy press-relizlarga kirmagan qiziqarli ma’lumotlar, fikrlar jurnalistlarga yetkazildi. Masalan, chet tillarini o‘qitishni takomillashtirish bo‘yicha videoselektor haqida quyidagi fikrlar bildirildi.

– Nima uchun bu tadbir davlat rahbari darajasida o‘tkazildi? Chunki yoshlarning chet tillarini bilishi hamma sohalar rivojiga asos bo‘ladi. Mana, hozir rivojlangan mamlakatlar bilan hamkorlikda zavodlar, tashkilotlar, universitetlar, klinikalar ochilyapti, texnologiyalar kirib kelyapti. Ularni kim ishlatadi, texnologiyalarni kim tushunadi? Albatta, bularning hammasi uchun chet tilini bilish kerak, buni hayotning o‘zi talab qilyapti. Rivojlangan davlatlarga borsangiz, hamma yoshlar xorijiy tillarni biladi. Bu bo‘yicha kamchiligimiz bugun barcha sohalarda sezilyapti. Agar endiyam e’tibor bermasak, dunyodan orqada qolib ketamiz, – dedi Sherzod Asadov.

Prezidentimizning Rossiya va Qozog‘iston yetakchilari bilan telefon suuhbatlarida ham axborotlarga kirmagan jihat – muloqotlarning ruhi va muhiti bo‘lgani alohida ta’kidlandi.

G‘alaba bog‘ida Xotira va qadrlash kuniga bag‘ishlab o‘tkazilgan bayram tadbiri xalqimizning muzaffar bobolarimiz xotirasi va bugun hayot bo‘lgan urush va front orti mehnat faxriylariga ko‘rsatgan munosib ehtiromi bo‘ldi.

– Avvalo, G‘alaba bog‘ining o‘zi Prezidentimiz tomonidan yaratilgan tarixiy asar, deb e’tirof etilmoqda.  Bu joy ota-bobolarimiz jasoratini ulug‘laydigan, yosh avlodni vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga xizmat qiladigan tabarruk ziyoratgohga aylanib bormoqda, – dedi Prezident matbuot kotibi.

Tadbirda bu haftada kutilayotgan muhim tadbirlar haqida ham ma’lum qilindi. Unga ko‘ra, hafta davomida davlat xizmatlari ko‘rsatish sohasidagi islohotlar natijadorligi, sog‘liqni saqlash sohasida raqamlashtirish jarayonlari hamda davlat-xususiy sheriklik asosida amalga oshirilayotgan loyihalar haqida taqdimotlar, hududlar va tarmoqlarda iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha videoselektor o‘tkazilishi mo‘ljallangan.

Prezident Yaponiya yetakchisi hamda mintaqamiz mamlakatlari rahbarlari bilan muloqotlar o‘tkazishi rejalashtirilgani ham ma’lum qilindi.