7 may kuni Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Xitoyning Shensi pedagogika universiteti xodimlari o‘rtasida videomuloqot shaklida davra suhbati tashkil etildi.

Tadbirda Xitoy tomonidan Shensi universiteti prezidenti Yu Syuysyun, vitse-prezident Jen Syaovey, shuningdek, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusi va Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotlar markazi direktori Li Si ishtirok etdi.

So‘nggi yillarda ikki mamlakat rahbarlarining siyosiy irodasi va sa’y-harakatlari tufayli O‘zbekiston – Xitoy strategik sheriklik munosabatlarining yuqori sur’ati qayd etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpinning yaqinda bo‘lib o‘tgan telefon orqali muloqoti mamlakatlarimiz o‘rtasida barcha sohalardagi ko‘p qirrali amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish yo‘lida mustahkam zamin yaratadi.

Tomonlar ta’kidlaganidek, 11-12 may kunlari Sian shahrida “Markaziy Osiyo + Xitoy Xalq Respublikasi” formatidagi Tashqi ishlar vazirlari uchrashuvi o‘tkazilishi, mintaqaviy o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlashga hissa qo‘shadi.

Shensi davlat pedagogika universiteti prezidenti Yu Syuysyun mamlakatimizning mintaqada tutgan o‘rni, Xitoy va O‘zbekiston o‘rtasidagi ko‘p yillik tarixiy, iqtisodiy, madaniy-gumanitar sohalardagi o‘zaro aloqalarning yuksak darajasini qayd etdi.

Bundan tashqari, suhbat chog‘ida Markaziy Osiyo xalqaro instituti va Shensi pedagogika universiteti o‘rtasida o‘zaro hamkorlik istiqbollari muhokama qilinib, buning uchun aniq qadamlar belgilab olindi.

 

O‘zA