Bu haqda bugun, 6 may kuni bo‘lib o‘tgan videoselektor yig‘ilishida aytib o‘tildi.

Yig‘ilishda nodavlat ta’lim tashkilotlari va xususiy maktablar faoliyatini rag‘batlantirish bo‘yicha vazifalar belgilandi. Bunda kredit foizlari xarajatlarining bir qismi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvvatlash jamg‘armasi hisobidan qoplab beriladi.

Shuningdek, ijarada turgan o‘quv markazlari ijara to‘lovi xarajatlarining 50 foizgacha qismiga subsidiya ajratiladi hamda davlat mulki ob’ektlarida faoliyat yurituvchi tashkilotlar ijara to‘lovidan ozod etiladi.

Videoselektorda har bir vazirlik, idora, davlat kompaniyalari va yirik xususiy korxonalarda chet tillarini o‘rganishni ommalashtirish zarurligi qayd etildi. Buning uchun haftaning bir kuni xorijiy tillarni o‘zlashtirish va o‘rganish kuni etib belgilanishi ma’lum qilindi.

Davlat rahbari vazirlik va idoralar, hokimliklarga oliygoh va xususiy ta’lim tashkilotlari mutaxassislarini shartnoma asosida jalb qilib, xodimlarga chet tilini o‘rgatishni va xorijiy tillarda ishlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha topshiriq berdi.

Kelgusi yildan boshlab, davlat idoralariga ishga qabul qilish va yangi lavozimga tayinlashda xorijiy tilni bilishning majburiy talabi kiritilishi belgilandi. Chet tilini chuqur egallagan xodimlarning ish haqiga 20 foizgacha qo‘shimcha ustama belgilash tartibi joriy etiladi.

Yil yakuniga qadar xususiy sektor bilan hamkorlikda tilni o‘rgatuvchi interaktiv materiallar internet platformasi va mobil ilovalari yaratilib, maktab va bog‘chalarda ommabop videodarslardan keng foydalanish yo‘lga qo‘yiladi.

– Bu chet tillarni o‘rganish sifatini oshirishda muhim qadam bo‘ladi, – dedi Prezident.

 

O‘zA