30 aprel kuni mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishida Prezident Shavkat Mirziyoyev mazkur tarmoqni rivojlantirish bo‘yicha aniq vazifalarni belgilab berdi.
Qayd etilishicha, viloyatlarda qurilish materiallari sohasida 5 milliard dollarlik 1 mingdan ziyod loyiha takliflari shakllantirilgan. Viloyat hokimlari yil yakuniga qadar 900 ta loyihani ishga tushirish orqali 25 mingta ish o‘rni yaratishga mas’ul bo‘ladi.
“Sanoatqurilishbank” rahbariga qurilish materiallari ishlab chiqarish loyihalari uchun 300 million dollar mablag‘lar jalb qilish vazifasi qo‘yildi. Bunga qo‘shimcha, loyihalarni kreditlashga davlat tomonidan “Sanoatqurilishbank” orqali qo‘shimcha 200 million dollar ajratiladi.
Yangi turdagi qurilish mahsulotlari ishlab chiqarish uchun, tadbirkorlarga 15 milliard so‘mgacha kafillik beriladi (hozirda 8 milliard so‘m).
Shuningdek, milliy valyutadagi kreditlar bo‘yicha Markaziy bank stavkasidan 10 foizgacha ortiq qismi va xorijiy kreditlar bo‘yicha, foiz stavkasining 50 foizi qoplab beriladi. Qishloq joylaridagi sanoat zonalari hamda konlar va karerlar uchun yer solig‘i 10 baravargacha kamaytiriladi.
Prezident mutasaddilarga qurilish materiallari sanoatini yanada qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qaror loyihasini tayyorlash, umuman, mahalliy sanoatni rivojlantirish bo‘yicha uch oyda aniq natija ko‘rsatish bo‘yicha topshiriqlar berdi.