Milliy matbuot markazida 26 aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti matbuot xizmatining navbatdagi brifingi bo‘lib o‘tdi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot kotibi Sherzod Asadov o‘tgan hafta davlatimiz rahbari ishtirokida bo‘lib o‘tgan hamda joriy hafta kutilayotgan rasmiy tadbirlar haqida OAV vakillariga ma’lumot berdi.

O‘tgan hafta Prezidentimiz “Uzbekistan airways” va “Uzbekistan airports” aksiyadorlik jamiyatlarini transformatsiya qilish bo‘yicha taqdimotlar bilan tanishdi, xizmat ko‘rsatish sohasini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazdi. 23 aprel kuni 6 ta davlat va Yevropa ittifoqining yangi tayinlangan elchilaridan ishonch yorliqlarini qabul qilib oldi, shuningdek, diplomatik missiyasini yakunlayotgan Tojikiston Respublikasining Favqulodda va muxtor elchisi Sodiq Imomiyni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari o‘sha kuni Toshkent shahridagi yangi korxonalar va poytaxtdagi obodonlashtirish ishlari bilan tanishdi.

Ushbu tadbirlar bo‘yicha quyidagi yangiliklar ma’lum qilindi:

– aholi uchun aviachiptalar narxini arzonlashtiriladi, chipta sotib olishdan to samolyotga chiqquncha bo‘lgan barcha jarayon to‘liq raqamlashtiriladi;

– Toshkent xalqaro aeroportiga kirib borishdagi anchadan beri yopiq turgan estakada yo‘li ochilishi kutilmoqda;

– Jahon banki ma’lumotiga ko‘ra, xizmatlarning yalpi ichki mahsulotdagi ulushi rivojlanayotgan davlatlarda 50 foiz, rivojlangan davlatlarda esa 75 foizdan oshadi. Mamlakatimizda o‘tgan yil bu ko‘rsatkich 36 foizni tashkil etgan;

– O‘zbekistonda turizm, axborot texnologiyalari, yo‘l bo‘yi infratuzilmasi, tibbiyot, ta’lim va boshqa yo‘nalishlarda ish o‘rinlarini keskin ko‘paytiriladi, buning uchun jami 500 million dollar yo‘naltiriladi.

Toshkent shahridagi yangi korxonalar va Parvoz mahallasi bilan tanishuv bo‘yicha:

– qayerda elektr tarmoqlariga noqonuniy ulanish bo‘lsa, shu zahoti “Hududiy elektr tarmoqlari” aksiyadorlik jamiyatining Elektr energiyasini hisobga olish markaziga ma’lumot keladi;

– ushbu “aqlli” tizim o‘rnatilgani natijasida yiliga 2-3 milliard kilovat soat elektr energiyasi yo‘qotilmaydigan bo‘ldi. Endi bu qo‘shimcha quvvat elektr taqchilligi kuzatilayotgan hududlarga yo‘naltiriladi;

– sobiq Toshkent aviatsiya zavodi negizidagi Texnoparkda o‘tgan hafta ishga tushirilgan to‘rtta yangi korxonaning o‘zida ming kishi ishli bo‘lgan.

– Fursatdan foydalanib, bir narsani aytmoqchiman. Ota-onalar, maktab va oliygohlar rahbarlari yoshlarimizni shu korxonalarga ekskursiyalarga olib borib, yangi O‘zbekistondagi tarixiy o‘zgarishlarni ko‘rsatishsa, zamonaviy texnologik sohalarga qiziqtirishsa juda yaxshi bo‘lardi – Sherzod Asadov.

– Yashnobod tumanidagi Parvoz mahallasi namuna qilib olinib, Toshkent shahridagi barcha 524 ta mahallani obod qilish uchun ularning har biriga hozirgi holatidan kelib chiqib, o‘rtacha 2 milliard so‘mdan mablag‘ ajratiladi.

Brifingda bu hafta qurilish materiallari sanoatini rivojlantirish bo‘yicha videoselektor o‘tkazilishi, bundan tashqari, hafta davomida ko‘p qavatli uy-joylarga xizmat ko‘rsatishni takomillashtirish, hududlarda iqtisodiyot tarmoqlari samaradorligini oshirish, temir yo‘l transporti tizimidagi transformatsiya jarayonlarini jadallashtirish yuzasidan taqdimotlar o‘tkazilishi kutilayotgani ma’lum qilindi.

Shuningdek, bu hafta Prezident Shavkat Mirziyoyevning Xitoy Xalq Respublikasi Raisi Si Szinpin va Turkmaniston Prezidenti Gurbanguli Berdimuhamedov bilan muloqotlari ham rejalashtirilgani qayd etildi.

 

O‘zA