Qoraqalpog‘iston Respublikasi hududi uchun koronavirus infeksiyasiga qarshi profilaktik emlash maqsadida jami 32 000 doza AstraZeneca va 33 200 doza Xitoy O‘zbekiston olimlari hamkorligida yaratilgan ZF-UZ-VAC 2001 vaksinasi olib kelindi.

– COVAX dasturi doirasida 2021 yilning 1 aprelidan boshlab COVID-19ga qarshi AstraZeneca va ZF-UZ-VAC 2001 vaksinalari bilan bir paytning o‘zida emlash ishlari boshlandi, – deydi Qoraqalpog‘iston Respublikasi Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi OAV va jamoatchilik bilan ishlash bo‘limining vrach epidemiologi Nargiza Matkarimova. – Emlash tadbirlariga dastlab Nukus shahridagi 65 yoshdan yuqori bo‘lgan aholi va tibbiyot xodimlari jalb qilindi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmatining joriy yil 5 apreldagi ko‘rsatma xatiga muvofiq Taxiatosh, Xo‘jayli, Nukus tumanlarida ham bu ishlar boshlab yuborildi. Shu tariqa bugungi kunga qadar hududimizda istiqomat qiluvchi 65 yoshdan yuqori bo‘lgan 837 nafar va 928 nafar tibbiyot hodimi, jami 1765 nafar fuqaroga emlash ishlari o‘tkazildi. Ta’kidlash joizki, shu kungacha emlangan aholi orasida nojo‘ya ta’sir yoki belgilar bilan ro‘yxatga olinganlar qayd etilmadi.

Mutaxascislarning ta’kidlashicha, emlash ishlari faqat shifokor tekshiruvidan o‘tkandan so‘ng amalga oshiriladi. Emlangan fuqaro shifokor va patronaj hamshira nazoratida bo‘ladi. Xavf osti guruhiga mansub aholi qatlamida koronavirusga qarshi ertaroq emlanishga xohish paydo bo‘lsa, u holda ular hududiy oilaviy poliklinikalarda joylashgan emlash punktlariga murojaat qilishi va belgilangan kunda kelib emlanishi mumkin.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA