Qoraqalpog‘iston Respublikasi Qorao‘zak tumanida “Har bir yoshga bir gektar” loyihasi doirasida 6 nafar ishsiz yoshga 6 gektar yer maydoni ajratib berildi.

– Menga hududdagi “Aydosbiyashamayli” fermer xo‘jaligiga qarashli yer maydonidan bir gektar yer berildi, — deydi yoshlardan biri Rasul Tinishboyev.

– Yer maydoni ekishga tayyor holga keltirilgan. Yaqin kunlarda shudgor qilib, sabzavot va poliz ekinlari ekishni boshlaymiz. Dala ishlarida fermer xo‘jaligi rahbari Aydos Yeshimbetov yaqindan ko‘mak berar ekan. Yer egasining tajribasi yangi ish boshida bizga katta maktab vazifasini o‘taydi.

Ta’kidlash joiz, joriy yil boshidan buyon mazkur loyiha asosida tumanda 735 nafar yoshga dehqonchilik bilan shug‘ullanishi uchun 738,1 gektar yer maydoni taqdim etilgan. Ushbu sa’y-harakatlar ishsiz yoshlar bandligini ta’minlash orqali ular turmush farovonligini oshirishga xizmat qiladi.

 

Maqsad HABIBULLAEV olgan suratlar, O‘zA