O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Muxtar Ibragimov Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat universiteti talaba-yoshlari bilan uchrashdi.

Mamlakatimizda yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoit va imkoniyatlar yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilganligi va bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilayotganligi e’tirof etildi. Har bir jamiyatda insonlarning taqdiri va kelajagi albatta davlatning yetakchi kuchi hisoblanmish yoshlar tarbiyasi bilan chambarchas bog‘liq.

– Yurtimizda yoshlarning intellektual va ijodiy salohiyatini mustahkamlash, ularning mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga daxldorligini oshirish borasida ulkan ishlar olib borilmoqda, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muxtar Ibragimov.

– Zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega, mamlakatning munosib kelajagi uchun javobgarlikni o‘z zimmasiga ola biladigan barkamol, maqsadga intiluvchan va serg‘ayrat yoshlarni tarbiyalash bugunning eng muhim vazifalaridan biri. Biz keng ko‘lamli o‘zgarishlar, jumladan, ta’lim islohotlari orqali O‘zbekistonda yangi Uyg‘onish davri, ya’ni Uchinchi Renessans poydevorini yaratishni o‘zimizga asosiy maqsad qilib belgiladik. Bu haqda gapirar ekanmiz, avvalo, uning mazmun-mohiyatini har birimiz, butun jamiyatimiz chuqur anglashi muhim ahamiyat kasb etadi.

Ochiq muloqot tarzida o‘tgan tadbirda talaba-yoshlarning “Yoshlarni qo‘llab-quvvatlash va aholi salomatligini mustahkamlash yili” Davlat dasturining ahamiyati, ta’lim sohasidagi o‘zgarish va yangilanishlar borasidagi fikr va takliflari bilan ham o‘rtoqlashildi.

 

Dovud Abibullayev, O‘zA