Prezident qarorlari – hayotda va nazoratda

Qoraqalpog‘istonda 3 yil ichida maktabgacha ta’lim tashkilotlari soni 3,3 martaga, bog‘chalarga bolalarni qamrab olish esa 32 foizdan 70 foizgacha ko‘tarilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘istondagi bolalar bog‘chalariga tashkil qilingan press-tur doirasida ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, Qoraqalpog‘istonda 2017 yilga qadar, ya’ni maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etilgan davrgacha, 318 ta maktabgacha ta’lim muassasalari faoliyat ko‘rsatgan. Ularning 308 tasi vazirlik tasarrufida, 3 tasi nodavlat, 7 tasi tashkilotlar tasarrufidagi bog‘chalar bo‘lgan. bugungi kunga kelib bog‘chalar soni 1033 taga yetgan. Ularning 418 tasi davlat, 2 tasi tashkilotlar tasarrufidagi, 7 tasi xususiy, 77 tasi davlat-xususiy sherikchilik asosidagi, 529 tasi esa oilaviy nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari hisoblanadi.

Maktabgacha ta’lim vazirligi tashkil etilgan davrda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 318 ta bolalar bog‘chasiga 3-7 yoshdagi 149 078 nafar boladan 48 106 nafari qamrab olingan bo‘lib, bu 32,3 foizni tashkil qilar edi. 2021 yilga kelib, Qoraqalpog‘iston bo‘yicha 3-7 yoshdagi bolalar soni 156 035 nafarni tashkil etib, shundan 108 714 nafari maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olingan. Bu degani 3 yil ichida bolalarni maktabgacha ta’lim tashkilotlariga qamrab olish darajasi qariyb 70 foizga oshganligini bildiradi.

O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligi tomonidan Qoraqalpog‘istondagi bolalar bog‘chalariga tashkil qilingan press-turda O‘zbekiston va nufuzli xorijiy ommaviy axborot vositalarining vakillari ishtirok etdi. Ushbu tadbirni o‘tkazishdan maqsad, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Maktabgacha ta’lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar, shuningdek, Mo‘ynoq tumanining yangi qiyofasi, Orolbo‘yi mintaqasi bolalari uchun reabilitatsiya markaziga ega ko‘p tarmoqli ixtisoslashtirilgan davlat maktabgacha ta’lim tashkilotida bolalar uchun yaratilayotgan sharoitlar bilan ommaviy axborot vositalari vakillarini tanishtirishdan iborat edi.

Tadbir ishtirokchilari Nukus shahri hamda Mo‘ynoq tumanidagi qator maktabgacha ta’lim tashkilotlarida bo‘ldi.

 

Ye.Qanoatov, O‘zA