Avval xabar qilinganidek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban 29 mart kuni rasmiy tashrif bilan mamlakatimizga keldi.

Tashrifning asosiy tadbirlari 30 mart kuni Ko‘ksaroy qarorgohida bo‘lib o‘tdi.

Rasmiy kutib olish marosimidan so‘ng Shavkat Mirziyoyev va Viktor Orban tor doirada uchrashuv o‘tkazdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mehmonni mamlakatimizga tashrifi bilan qutlab, bu tashrif ikki davlat o‘rtasidagi aloqalarda yangi davrni boshlab berishini ta’kidladi.

Viktor Orban yurtimizga kelganidan mamnunligini bildirib, Vengriya O‘zbekiston bilan hamkorlikni kengaytirishdan manfaatdor ekanini qayd etdi.

Muzokarada siyosiy, savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, moliyaviy-texnik va madaniy-gumanitar sohalardagi munosabatlarni rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Tomonlar O‘zbekiston – Vengriya munosabatlarini o‘zaro ishonch va keng doiradagi umumiy manfaatlarga asoslangan strategik sheriklik darajasiga ko‘tarishga tayyor ekanligini tasdiqladi. Uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash, o‘zaro manfaatli yangi sohalarni ishga solish, ishbilarmon doiralar va hududlar o‘rtasidagi aloqalarni qo‘llab-quvvatlashga kelishib olindi.

Tomonlarni qiziqtirgan xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan fikr almashildi. Tinchlik, xavfsizlik va barqarorlikni mustahkamlash bo‘yicha qarashlar va yondashuvlar umumiy ekani tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Vengriya Bosh vaziri Viktor Orban muzokaralarni ikki mamlakat rasmiy delegatsiyalari ishtirokida davom ettirdilar.

Davlatimiz rahbari pandemiya sharoitiga qaramay Vengriyadan shunday katta delegatsiya kelgani o‘zaro do‘stlik va hurmat mustahkam ekanidan dalolat berishini ta’kidladi.

O‘zbek va vengr xalqlarini mushtarak tarixiy ildizlar, yaqin hamkorlik rishtalari birlashtirib keladi. bugungi kunda esa Vengriya O‘zbekistonning Yevropadagi muhim sheriklaridan biri hisoblanadi. Birgalikdagi intilish va amaliy ishlar natijasida bu sheriklik yildan-yilga mustahkamlanib bormoqda.

So‘nggi to‘rt yilda ikki mamlakat o‘rtasidagi o‘zaro savdo aylanmasi hajmi salkam uch barobarga o‘sgan. Murakkab pandemiya sharoitiga qaramay, o‘tgan yili ham bu ijobiy dinamika saqlab qolingan.

Ishbilarmonlar va hududlar o‘rtasida yaqin aloqalar yo‘lga qo‘yilgani bunda muhim omil bo‘lmoqda. Xususan, shu yil fevral oyida Budapeshtda iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning navbatdagi yig‘ilishi va biznes forum o‘tkazilgan edi. Vengriya Bosh vazirining tashrifi doirasida 29 mart kuni Toshkentda ikki mamlakat Ishbilarmonlar kengashining birinchi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Muzokarada ikki tomonlama hamkorlik bobida hali ishga solinmagan juda katta imkoniyatlar borligi ta’kidlandi. Shu bois asosiy e’tibor savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va moliyaviy aloqalarni yanada rivojlantirish masalalariga qaratildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, savdo hajmi muvozanatini tenglashtirish, zarur mahsulotlarni o‘zaro yetkazib berishni ko‘paytirish muhimligini ta’kidladi.

Bu borada Budapeshtda tashkil etilayotgan O‘zbekiston – Vengriya savdo uyi imkoniyatlaridan samarali foydalanish zarurligi qayd etildi.

Sanoat kooperatsiyasi – hamkorlikning yana bir ustuvor yo‘nalishidir. Vengriyaning ilg‘or tajribasi asosida O‘zbekistonda oziq-ovqat sanoati, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash, kimyo va mashinasozlik sohalarida yangi loyihalarni amalga oshirishga kelishib olindi.

Hududlar o‘rtasidagi aloqalar ham rivojlanmoqda. Samarqand va Jizzax viloyatlarida iqtisodiy va ijtimoiy sohalarni modernizatsiya qilish, jumladan, qishloq xo‘jaligini sanoatlashtirish, eksport salohiyatini oshirish borasida Vengriya tajribasini tatbiq etish mo‘ljallanmoqda. Shu maqsadda Vengriyadan yuqori malakali ekspertlar guruhi O‘zbekistonga keldi.

Davlatimiz rahbari ikki mamlakat hududlari o‘rtasida sheriklik aloqalarini o‘rnatish, har yili Mintaqalar forumini o‘tkazish taklifini bildirdi.

Vengriya atom energetikasi, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, mevalarni saqlash va qayta ishlash, baliqchilik hamda urug‘chilik sohalaridagi ilg‘or tajriba va texnologiyalar bilan almashishga tayyorligini bildirdi.

Uchrashuvda madaniy-gumanitar sohalardagi hamkorlikni rivojlantirish masalalariga ham katta e’tibor qaratildi.

Mamlakatlarimiz sog‘liqni saqlash, ilm-fan va ta’lim bo‘yicha tajriba almashib kelmoqda. Joriy o‘quv yilida o‘zbekistonlik talabalar uchun Vengriyadagi oliy o‘quv yurtlarida 100 dan ortiq grant ajratilgan. 2021 yilda Toshkentda Debretsen universiteti ish boshlaydi.

Bu sohalardagi ishlarni izchil davom ettirish, ilm-fan va madaniyat muassasalari o‘rtasidagi aloqalarni mustahkamlashga kelishib olindi.

Tomonlar Birlashgan Millatlar Tashkiloti, Turkiy tilli davlatlar hamkorlik kengashi kabi xalqaro va mintaqaviy tuzilmalar doirasida ham bir-birini qo‘llab-quvvatlab kelmoqda.

Mutasaddilarga muzokaralarda erishilgan kelishuvlar ijrosini to‘liq ta’minlash uchun “yo‘l xaritasi” ishlab chiqish bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

Muzokaralar yakunida Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Viktor Orban O‘zbekiston Respublikasi bilan Vengriya o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiyani imzoladilar.

Shuningdek, tashrif doirasida ko‘p qirrali sheriklikni kengaytirishga qaratilgan 10 dan ortiq hujjat imzolandi. Ular Hududlararo hamkorlik to‘g‘risida hukumatlararo bitim, Tashqi ishlar idoralari o‘rtasida 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi, Strategik va mintaqalararo tadqiqotlar instituti bilan Vengriya Tashqi ishlar va savdo vazirligi o‘rtasida anglashuv memorandumi, Mehnat munosabatlari sohasida hamkorlik to‘g‘risida bitim, Atom energetikasi sohasida kadrlar tayyorlashda hamkorlik to‘g‘risida, Innovatsiyalar sohasida hamkorlik to‘g‘risida anglashuv memorandumlari, Madaniyat sohasida hamkorlik dasturi, Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat mahsulotlari va chorvachilik sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi”, Suv xo‘jaligi sohasida hamkorlik to‘g‘risidagi hadli bitimlardir.

Marosimda ikki mamlakat vazirliklari rahbarlari imzolangan hujjatlarni almashdilar.

Tashrif doirasida O‘zbekistonda Debretsen universitetining ta’lim dasturlarini amalga oshirish to‘g‘risidagi bitim ham imzolandi.

Ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda Prezident Shavkat Mirziyoyev so‘nggi yillarda Vengriya bilan munosabatlar faol rivojlanib, sifat jihatidan yuqori bosqichga ko‘tarilganini ta’kidladi.

– Bugun ochiq va amaliy ruhda bo‘lib o‘tgan muzokaralar chog‘ida O‘zbekiston – Vengriya munosabatlarining deyarli barcha yo‘nalishlarini atroflicha muhokama qildik. Birinchi navbatda iqtisodiy hamkorlik masalalariga jiddiy e’tibor qaratdik. So‘nggi to‘rt yilda tovar ayirboshlash deyarli uch barobarga o‘sgan. Bu ko‘rsatkichni kelgusida bir necha barobarga oshirish niyatidamiz, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Buning uchun ikki mamlakat bozorlariga mahsulotlar yetkazib berishni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini kuchaytirish, farmatsevtika, qishloq xo‘jaligi, chorvachilik, baliqchilik, kartoshkachilik va boshqa sohalarda aniq loyihalarni amalga oshirishga kelishib olingani aytildi.

Tashrif doirasida ikki mamlakat Ishbilarmonlar kengashining birinchi yig‘ilishi samarali o‘tgani, ko‘plab bitim va shartnomalar imzolangani qayd etildi.

Ikki mamlakatning barcha hududlarini faol jalb etgan holda, har yili Mintaqalar forumini o‘tkazishga qaror qilingani ta’kidlandi.

Bosh vazir Viktor Orban O‘zbekiston Prezidenti sa’y-harakatlari tufayli ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar jadal rivojlanayotganini qayd etdi.

– Vengriya bilan O‘zbekiston hamkorligiga asos bor edi. Lekin biz savdo aylanmasini juda past darajadan boshlagan edik. Oqilona siyosat va qat’iyat evaziga tovar ayirboshlashda o‘sishga erishilmoqda. Prezident Mirziyoyevning tashabbuslari bilan hamkorlikning yangi yo‘nalishlari ochilmoqda. Bir nechta “flagman” loyihalar samarali amalga oshirilgani uchun ishbilarmonlar erkinlik va ishonchni his etib, harakat qilmoqda, – dedi Viktor Orban.

Shuningdek, mehmon o‘tgan yili koronavirus bilan bog‘liq qiyin epidemiologik vaziyatda Vengriyaga ko‘rsatgan yordami uchun xalqimizga minnatdorlik izhor etdi.

Xalqaro va mintaqaviy masalalar bo‘yicha ikki mamlakatning qarash va yondashuvlari o‘xshash hamda yaqin ekani yana bir bor e’tirof etildi. Vengriya tomoni O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish rejalarini qo‘llab-quvvatlashini bildirdi.

Madaniy-gumanitar hamkorlikni rivojlantirish, jumladan, ta’lim sohasida aloqalarni kengaytirishga alohida e’tibor qaratildi. Fan, madaniyat va sport sohalaridagi aloqalarni faollashtirishga ham kelishib olingani ma’lum qilindi.

O‘zbek olimi Isoq Ibrohim vengriyalik mashhur Herman Vamberining do‘sti va shogirdi bo‘lgan, salkam o‘ttiz yil Budapeshtda yashab, ilmiy faoliyat olib borgan. U mashhur vengr yozuvchisi Yanosh Aronning “Ajoyib ohuning hikoyati” asarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Ushbu asar yaqinda davlatimiz rahbarining so‘zboshisi bilan Toshkentda nashr etildi.

Davlatimiz rahbari o‘zbek va vengr xalqlari o‘rtasidagi tarixiy do‘stlikning yorqin ifodasi bo‘lgan ushbu kitobni Vengriya Bosh vaziri Orbanga taqdim etdi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev va Bosh vazir Viktor Orban Toshkent viloyati Yuqori Chirchiq tumanida tashkil etilgan O‘zbekiston – Vengriya Kartoshkachilik ilmiy markaziga tashrif buyurdilar.

Ushbu ilmiy muassasa Vengriya qishloq xo‘jaligi va tabiiy fanlar universiteti bilan hamkorlikda Qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi negizida tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbari bu tarmoqqa alohida e’tibor qaratgani bejiz emas. Kartoshka aholining kundalik iste’mol mahsulotlaridan biridir. Uning sifatli va arzon bo‘lishi har bir oila farovonligiga ta’sir qiladi.

Kartoshkaga bo‘lgan ichki bozor talabini qondirish uchun katta miqdorda urug‘lik zarur. O‘zbekistonda yiliga o‘rtacha 80-90 ming gektar maydonda urug‘lik  ekilib, 2,9 million tonna kartoshka yetishtiriladi. Shunga qaramay, yiliga iste’mol uchun 200-300 ming tonna, urug‘lik uchun 15-17 ming tonna kartoshka chetdan keltiriladi.

Endi yangi markaz Vengriyadan keltirilgan kasallikka chidamli navlarni sinovdan o‘tkazish va urug‘lik kartoshka ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Bu yerda mahalliy va xorijiy navlarni chatishtirish orqali kartoshka yetishtirishning barcha bosqichlarida sifatni ta’minlashga qaratilgan kompleks tizim ishlab chiqiladi. 50 dan ortiq navlar mahalliylashtirilib, kartoshkachilik genofondi yaxshilanadi.

Innovatsion usullar samarasida 2021-2023 yillarda hosildorlikni 30-50 foizgacha oshirish mo‘ljallangan. 2024 yilga borib, 21 ming tonna urug‘lik kartoshka yetishtirish, bu boradagi import o‘rnini to‘liq qoplash maqsad qilingan.

Bundan tashqari, bakalavr va magistrlar amaliyoti, ilmiy kadrlar tayyorlash bo‘yicha hamkorlik, mutaxassis va fermerlar o‘rtasida malaka oshirish amaliyoti yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Shavkat Mirziyoyev va Viktor Orban bu yerda yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Ilmiy markazda «in vitro», o‘simliklar patologiyasi, kartoshkani saqlash fiziologiyasi, sifat nazorati bo‘yicha laboratoriyalar tashkil etilgan. Namunalar tayyorlash, yetishtirish va saqlash xonalari zamonaviy jihozlangan. Markaz faoliyatini yo‘lga qo‘yish uchun Vengriyadan 4 nafar ilmiy xodim kelgan.

Davlatimiz rahbari mutaxassis va mutasaddilar bilan muloqot qildi. Kadrlar tayyorlashni kengaytirish, dehqon va fermerlarni bu yerda o‘qitib, sohadagi yutuqlarni barcha hududlarga yetkazish zarurligini ta’kidladi.

Mehmonlar fermerlar uchun tashkil etilgan agroxizmatlar markazi, yurtimiz qishloq xo‘jaligida qo‘llanilayotgan texnika va texnologiyalarni ham ko‘zdan kechirdi.

Oliy martabali mehmon Toshkent shahrida vengriyalik harbiy asirlar dafn etilgan qabristonda bo‘lib, ularning xotirasiga o‘rnatilgan yodgorlik poyiga gul qo‘ydi. Shuningdek, poytaxtimizdagi Rim-katolik cherkoviga tashrif buyurib, ibodat marosimida ishtirok etdi.

Vengriya Bosh vaziri Viktor Orbanning mamlakatimizga rasmiy tashrifi davom etmoqda.

 

O‘zA