Avval xabar qilganimizdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev ayni paytda poytaxtimizdagi “Humo arena” saroyida bo‘lib o‘tkazilayotgan Navro‘z bayrami tantanalarida ishtirok etib, xalqimizga tabrik yo‘lladi.

Davlatimiz rahbari o‘z tabrigida buyuk xalqimizni bunyodkorlikka ruhlantirayotgan g‘oyalar haqida to‘xtaldi.

– Yangi kun, yangi fasl ramzi bo‘lmish Navro‘zning o‘lmas ruhi va falsafasi yangi O‘zbekiston g‘oyasi bilan behad uyg‘un va hamohangdir.

Butun olam, yeru ko‘k uyg‘onayotgan shu ajib faslda yurtimizdagi yangi Uyg‘onish davri – Uchinchi Renessans orzusi qalblarimizga beqiyos kuch va ishonch olib kirmoqda, – dedi Prezidentimiz. – Xalqimizning fidokorona mehnati bilan biz keng ko‘lamli islohotlarimizni qat’iy davom ettirmoqdamiz. El-yurtimiz manfaati, aziz farzandlarimiz kelajagini ta’minlashga xizmat qiladigan mana shu yakkayu yagona to‘g‘ri yo‘ldan, qanchalik qiyin bo‘lmasin, hech qachon ortga qaytmaymiz.

Ayni shu maqsadni ko‘zlab, mamlakatimizda o‘nlab zamonaviy korxonalar, sanoat hududlari va klasterlar, “IT-park” va texnoparklar, transport-kommunikatsiya tarmoqlari, shinam uy-joylar, yangi-yangi bog‘cha va maktablar, oliy o‘quv yurtlari, tibbiyot, madaniyat va sport maskanlari barpo etilmoqda. Shahar va qishloqlarimiz tobora obod bo‘lib, yurtimiz yanada chiroy ochmoqda, dedi davlatimiz rahbari.

O‘zA