Yurtimizga barchamiz orziqib kutgan yangilanish va yasharish ayyomi – Navro‘zi olam kirib keldi. Shaharu qishloqlarda, mahallalarda, ovullarda Navro‘z bayramiga bag‘ishlangan xalq sayillari, laparu aytishuvlar, sport musobaqalari bo‘lib o‘tmoqda.

Poytaxtimizdagi “Humo arena” majmuasida Navro‘zga bag‘ishlangan asosiy bayram shodiyonasi boshlandi.

Unda Prezident Shavkat Mirziyoyev ishtirok etib, xalqimizga bayram tabrigi yo‘llamoqda.

– Siz, azizlarni, sizlar orqali ko‘p millatli xalqimizni sharqona yangi yil – Navro‘z bayrami bilan chin qalbimdan muborakbod etaman.

Nuroniy otaxon va onaxonlarimizga, hurmatli aka-ukalar, opa-singillarimizga, navqiron yoshlarimiz, aziz farzandlarimizga, chet ellardagi vatandoshlarimizga – butun el-yurtimizga o‘zimning yuksak hurmat-ehtiromim va eng ezgu tilaklarimni bildiraman.

Hammamiz orziqib va sog‘inib kutgan yangilanish va yasharish ayyomi – Navro‘zi olam barchamizga muborak bo‘lsin!

Buyuk Alisher Navoiy bobomiz aytganidek, yurtimizda har kunimiz Navro‘z bo‘lsin!

Barchangiz xabardorsiz, o‘tgan yili pandemiya tufayli Navro‘z bayramini har doimgidek katta bayram qilib, keng nishonlay olmagan edik.

O‘shanda, bu tashvishli kunlar albatta ortda qoladi, hali ko‘p to‘y-tomosha va sayillarini xalqimiz bilan birgalikda o‘tkazamiz, deb niyat qilgan edik.

Bugun ana shu orzu-niyat va intilishlarimiz ro‘yobga chiqmoqda. Go‘zal yurtimizda yana shodiyonalar, yana quvonchli kunlar boshlanmoqda.

Albatta, barchamiz yaxshi tushunamizki, koronavirus balosi hali to‘la bartaraf bo‘lgani yo‘q. U biz bilan birga, bizning yonimizda yashamoqda.

Xalqimiz sog‘lig‘ini asrash yo‘lida qanday sa’y-harakatlar qilganimiz hammangizga yaxshi ayon. Chet ellardan shifokorlar opkelganimiz, katta-katta shifoxonalar qurganimiz, karantinga qat’iy amal qilganimiz o‘z samaralarini berdi. Endi shuncha mehnatimiz zoye ketmasligi uchun pandemiyaga qarshi kurashni bir lahza ham bo‘shashtirmasligimiz kerak.

Buning uchun o‘zimiz va yaqinlarimizni himoya qilishimiz, beparvolik va beg‘amlikka berilmasdan, doimo hushyor va ogoh bo‘lib yashashimiz, bilimimiz, orttirgan tajribamizga tayanib ish olib borishimiz zarur.

O‘z vaqtida ko‘rgan chora-tadbirlarimiz tufayli bugun hayotimiz tabiiy o‘zaniga qaytib, mehnatkash, bunyodkor xalqimiz ezgu maqsad va rejalarini yangi kuch, yangi g‘ayrat bilan davom ettirmoqda.

Mana shunday yorug‘ kunlarga sog‘-omon yetkazgani uchun Yaratganga cheksiz shukronalar aytish barchamiz uchun ham qarz, ham farzdir, – dedi davlatimiz rahbari.

O‘zA