Prezident Shavkat Mirziyoyev 18 mart kuni Toshkent viloyatida amalga oshirilayotgan bunyodkorlik va obodonlashtirish ishlari, yirik korxonalar faoliyati bilan tanishdi, aholi bilan muloqot qildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev shu kuni Chinoz tumanidagi Eshonobod mahallasini borib ko‘rdi.

Bu yerda 3 mingdan ziyod aholi yashaydi. Ularga munosib turmush sharoitlari yaratish maqsadida “Obod qishloq” dasturi doirasida uylar, maktablar, yo‘llar va kommunal tarmoqlar ta’mirlanib, zamonaviy madaniyat saroyi barpo etildi.

Fayzobod ko‘chasida qad rostlagan mahalla markazida “Obod va xavfsiz mahalla”, “Mahalla raisi – islohotchi” tamoyillari asosida fuqarolar bilan ishlash, ijtimoiy muammolarni hal qilish bo‘yicha yangi tizimni samarali joriy etish uchun barcha imkoniyat yaratilgan. Binoda mahalla fuqarolar yig‘ini raisi, uning o‘rinbosari va turli yo‘nalishlar bo‘yicha maslahatchilari, profilaktika inspektori o‘zaro uyg‘un va samarali faoliyat ko‘rsatadi.

Aholi, ayniqsa, yoshlarning kitobxonlik madaniyatini yuksaltirish, dam olish sharoitlarini yaxshilash uchun “Kitobxonlar bog‘i”ning barpo qilingani – mahalla hayotida katta voqea bo‘ldi. Bu xiyobon – mamlakatimiz va jahondagi eng nodir me’moriy obidalarning ixcham maketlarini o‘zida mujassam etgan.

Davlatimiz rahbari shu yerda mahallaning turli millatga mansub vakillari bilan suhbatlashdi.

– Bugun kelishimdan maqsad – Toshkent viloyatida ham zamonga munosib sharoit yaratish. Viloyatda salkam 3 million aholi bor. 150 ming nafari ishsiz. Shuning uchun har bir mahalladagi «o‘sish nuqtalari»ni topib, shunga javobgarlarni belgilab, kerakli mablag‘larni berib, odamlarni ish bilan ta’minlashimiz kerak. Ichimlik suvi, elektr energiyasi, yo‘l, ta’lim va boshqa sharoitlarni yaxshilash zarur. Bu maqsadlar, yirik va o‘rta loyihalar uchun viloyatga 119 trillion so‘m yo‘naltiriladi. Hali hech bir viloyatda bunday marra olinmagan, – dedi Prezident.

Muloqotda Chinoz tumanidagi o‘zgarishlar, imkoniyatlar haqida ham gapirildi.

– O‘zi Chinoz tumanida ishsiz bo‘lishi kerak emas. Yeri keng, odamlari mehnatkash. Har bir uyda, har bir ko‘chada madaniyat bo‘lishi kerak. Xalqimiz aytganidek, olma pish, og‘zimga tush, degan bilan natija bo‘lmaydi. Birgalikda harakat qilishimiz zarur. O‘zgarishlarni istasak, hammamiz ongli ravishda o‘zgarishimiz kerak, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mahallada davlat xizmatlari markazi shoxobchasi, bank filiali, tibbiyot punkti, tikuvchilik korxonasi ham tashkil etilgan.

Davlatimiz rahbari «Qo‘jakent tekstil grup» korxonasidagi ish jarayonini ko‘zdan kechirdi.

Bu yerda ikki smenada 500 nafar xotin-qiz ishlamoqda. Oxirgi bir yarim oyda 100 ming dollarlik tayyor kiyimlar eksport qilingan. Korxonaning o‘zida tikish-bichishni o‘rgatuvchi 200 o‘rinli o‘quv markazi ham ochilgan.

Mutasaddilarga tadbirkorlarga ko‘maklashib, bino va mablag‘lar ajratib, bunday kichik korxonalarni ko‘paytirish va 3 ming nafar xotin-qizni ish bilan ta’minlash bo‘yicha ko‘rsatma berildi.

“Mahallabay” tizimi asosida amalga oshirilayotgan ishlar haqida ham ma’lumot berildi. Eng avvalo, odamlarni tashvishlantirayotgan muayyan masalalar aniqlandi. Bular suv, yo‘llar, chiroq, bandlik masalalaridir. Mavhum, uzoq muddatga mo‘ljallangan emas, 3-6 oylik dasturlar ishlab chiqiladi.

Agar dasturlar to‘liq amalga oshirilsa bir yildan so‘ng mavjud muammolarning kattagina qismi hal etiladi, kambag‘allikni qisqartirishga erishiladi.

Prezidentimiz shu yerda ommaviy axborot vositalari vakillari bilan muloqot qildi.

Davlatimiz rahbari Toshkent viloyatining Quyi Chirchiq tumanidagi “TST Sluster” klasteri tomonidan bunyod etilgan sholini qayta ishlash zavodi faoliyati bilan tanishdi.

“TST Rice” nomli ushbu mas’uliyati cheklangan jamiyatda sholi yetishtirish va uni chuqur qayta ishlash bo‘yicha to‘liq sanoat zanjiri yaratilgan. O‘tgan yili 2,6 ming gektardan ortiq yerda “Lazurniy”, “Iskandar”, “Mustaqillik”, “Nukus” navlaridan mo‘l hosil yetishtirilgan.

Aytish joizki, ilgari sholikorlar faoliyati tarqoq bo‘lgani uchun tuzuk daromad ololmasdi. Ayniqsa, sholini qayta ishlashda ko‘plab muammolarga duch kelinardi.

2021 yil 2 fevraldagi “Sholi yetishtirishni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident qaroridan so‘ng sohada o‘zgarishlar boshlandi.

“TST Rice” majmuasi maydoni ham ilgari tashlandiq joy edi. 27 milliard so‘mlikdan ziyod loyiha tufayli ushbu 6 gektar hududda zamonaviy majmua barpo etildi. U xirmon maydoni, umumiy sig‘imi 15 ming tonnalik 2 ta yopiq ombor, sholini tozalash va quritish sexi hamda qayta ishlash zavodini o‘z ichiga olgan.

Sholini tozalash va quritish sexi to‘rtta liniya bilan jihozlangan. Ularning har biri orqali bir smenada 120 tonna sholini quritish imkoni bor. Bu yerda boshqa dukkakli mahsulotlarni tozalash va quritish ham mumkin.

Sholini qayta ishlash zavodi Turkiyaning “Yashar Makina” kompaniyasi uskunalari bilan jihozlangan. Ular yordamida eng yuqori navdagi guruch mahsulotlari ishlab chiqariladi. Chunki “aqlli” uskunalar guruchni nafaqat katta-kichikligi, balki rangi bo‘yicha ham saralaydi.

Hozirgi paytda zavod bir yilda 40 ming tonna mahsulotni qayta ishlash quvvatiga ega. Istiqbolda rejalashtirilgan ikkinchi bosqich ham ishga tushirilgach, korxona quvvati ikki barobarga ortadi.

Bu yerda zamonaviy laboratoriya ham bor. Qabul qilinayotgan sholining namligi, quritish va qayta ishlash jarayonlari, shuningdek, guruch mahsulotlarining sifat ko‘rsatkichlari doimiy nazorat qilib boriladi.

“Daladan dasturxongacha” tamoyili asosida ish yuritayotgan sholichilik klasterida joriy yilda hosildorlikni 60 sentnerdan oshirish, xorijga 100 ming AQSH dollari miqdorida guruch eksport qilish rejalashtirilgan.

“TST Rice” korxonasida 365 nafar, umuman, klasterda 8 ming 750 nafar aholi ishlamoqda.

– Mana, inson huquqlari deymiz. Eng katta huquqlardan biri – ish bilan ta’minlanish. Bizning hamma harakatlarimiz shunga qaratilgan. Odamlarni ishli qilsak, aholi jon boshiga daromadni ko‘paytirsak, sotib olish qobiliyati oshsa, boshqa hamma huquqlar o‘zi joy-joyiga tushadi. Shuning uchun Toshkent viloyatini ishsizlik minimal darajada bo‘lgan hududga aylantirmoqchimiz. Viloyatda buning uchun hamma sharoit bor, – dedi Shavkat Mirziyoyev.

Asosiy e’tibor eksportni ko‘paytirish, yangi bozorlarni o‘zlashtirishga qaratilmoqda. Xususan, kelgusi yili guruch eksportini 500 ming AQSH dollariga yetkazish mo‘ljallangan. Bundan tashqari, “TST Sluster” klasterining 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan to‘rt bosqichli loyihasi doirasida 114 million dollarlik tayyor to‘qimachilik va tikuvchilik mahsulotlari eksport qilinishi ko‘zda tutilgan.

Shu yerda viloyatda qishloq xo‘jaligi va to‘qimachilikni rivojlantirish bo‘yicha loyihalar taqdimoti o‘tkazildi.

Toshkent viloyatiga qilingan tashrifning birinchi kundagi so‘nggi manzili Yuqori Chirchiq tumanidagi “Yevro Global Invest” mas’uliyati cheklangan jamiyati bo‘ldi. Davlatimiz rahbari mazkur MCHJ faoliyati bilan tanishdi.

Bugun yurtimizda qurilish ko‘lami keng. Shu bois yangicha dizayndagi temir-beton materiallariga talab yuqori.

O‘tgan yili dekabrda ish boshlagan “Yevro Global Invest” korxonasi yirik yig‘ma temir-beton panellari tayyorlashga ixtisoslashgan. Mazkur loyihaning umumiy qiymati 40 million yevro. 7 gektarlik ishlab chiqarish maydoniga Italiya, Germaniya va Avstriyadan zamonaviy liniyalar keltirib o‘rnatilgan.

Korxona mahsulotlari jahon standartlariga mos. Mazkur qurilish materiallari ishlatilgan uylar tannarxi boshqalarga nisbatan 30 foiz arzon bo‘ladi. Mahsulotlar rangli qilib tayyorlanishi ham mumkin.

Klaster usulidagi korxona yiliga 500 ming kub metr beton mahsulotlar ishlab chiqarish, 1 million tonna tosh maydalash, yana shuncha asfalt tayyorlash quvvatiga ega. Bu yerda, shuningdek, ichki va tashqi eshiklar, deraza romlari, mebellar ham yasalmoqda.

Davlatimiz rahbari materiallar ishlab chiqarish va qurilishning to‘liq «zanjiri»ni tashkil etib, uy-joylar narxini yanada arzonlashtirish, ko‘proq yoshlarni ishga jalb etish zarurligini ta’kidladi.

– Shunday klasterlarni boshqa hududlarda, Samarqand va vodiy viloyatlarida ham ko‘paytirish kerak. Qurilishda eng muhimi narx, sifat va muddat. Shuning uchun raqobatbardosh qurilish materiallari turi ko‘p bo‘lsa, narx-navo arzonlashadi. Bu korxonada malakali mutaxassislar tayyorlash uchun markaz tashkil etish kerak, – dedi Prezident.

Korxonada ayni paytda 850 nafar ishchi mehnat qiladi. Yil yakunigacha ish o‘rinlarini 1 ming 500 taga yetkazish rejalashtirilgan.

Shu yerda 2021-2022 yillarda Toshkent viloyatida amalga oshiriladigan investitsiya loyihalari taqdimoti o‘tkazildi.

 

O‘zA fotomuxbirlari

A’lo ABDULLAEV,

Temur MAMADAMINOV olgan suratlar