Tez kunda Farg‘ona-Marg‘ilon-Qo‘qon va Farg‘ona-Marg‘ilon-Andijon yo‘nalishlarida elektropoyezdlar qatnay boshlaydi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Farg‘ona mexanika zavodiga tashrifi chog‘ida shu haqda ma’lum qilindi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan mamlakatimiz temir yo‘l tarmog‘ini modernizatsiya qilish, aholiga qulay, arzon va xavfsiz transport xizmati ko‘rsatish yo‘lida izchil ishlar amalga oshirilmoqda. Farg‘ona shahridan Qo‘qon va Andijon shaharlariga elektropoyezdlar harakati yo‘lga qo‘yilayotgani bu boradagi muhim qadamlardan bo‘ldi.

Farg‘ona-Qo‘qon temir yo‘lining uzunligi 69,2 kilometr, Farg‘ona-Andijon yo‘nalishining uzunligi 69,5 kilometrni tashkil etadi.

Viloyatda eng ko‘p yo‘lovchilar oqimi Qo‘qon shahriga, so‘ngra Oltiariq tumani, Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlariga to‘g‘ri keladi.

Prezidentimiz topshirig‘iga ko‘ra viloyat markazida yo‘lovchilarning uzog‘ini yaqin, mushkulini oson qilish maqsadida elektropoyezdlar qatnovi yo‘lga qo‘yilmoqda. Elektropoyezdlarda arzon, qulay, ekologik toza, xavfsiz xizmat ko‘rsatiladi.

“O‘zbekiston temir yo‘llari” aksiyadorlik jamiyati tomonidan ushbu yo‘nalishlar uchun 5 elektropoyezd modernizatsiya qilindi. Natijada transport vositalarining tashqi va ichki qiyofasi butunlay o‘zgargan. Vagonlarga konditsioner o‘rnatilgan, o‘rindiqlar zamonaviysiga almashtirilgan.

Har bir poyezd 6 vagondan iborat. Bir yo‘nalishda 600 yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatiladi. Elektropoyezdlar soatiga 120 kilometr tezlikda harakatlanadi.

Joriy yil oxirigacha Farg‘onadan Marg‘ilongacha bo‘lgan 7,7 kilometr temir yo‘lni elektrlashtirish ishlari yakunlanadi. Xorijdan yana 10 elektropoyezd olib kelish rejalashtirilgan.

Prezidentimiz mazkur elektropoyezdlar qatnovining yo‘lga qo‘yilishi viloyat aholisining turmush darajasi va sifatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Ilgari Farg‘onada elektropoyezd qatnaydi desa, birov ishonmasdi. Endi Qo‘qondan Andijonga bir soatda yetib borish mumkin. Bu ham xalqimizning uzog‘ini yaqin qilish, odamlar manfaatini  ko‘zlab amalga oshirilayotgan islohotlarimizning mevasidir, dedi Shavkat Mirziyoyev.

Mazkur ishlarni izchil davom ettirish, Farg‘ona shahar vokzali binosi qurilishini nihoyasiga yetkazish, elektropoyezdlarda yo‘lovchilarga servis xizmati ko‘rsatishni takomillashtirish yuzasidan mutasaddilarga tegishli topshiriqlar berildi.

 

Matnazar Elmurodov, O‘zA