Ko‘ksaroy qarorgohida Qirg‘iz Respublikasi Prezidenti Sadir Japarovni rasmiy kutib olish marosimi bo‘ldi.

Suratga tushish marosimidan so‘ng Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov shohsupaga ko‘tarildi.

O‘zbekiston va Qirg‘iziston davlat madhiyalari yangradi. Davlat rahbarlari faxriy qorovul safi oldidan o‘tdilar.

Shundan so‘ng Prezidentlarning tor doiradagi muzokaralari boshlandi.

Avval xabar qilinganidek, Shavkat Mirziyoyev va Sadir Japarov O‘zbekiston bilan Qirg‘iziston o‘rtasidagi do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va strategik sheriklik munosabatlarini yanada rivojlantirish va mustahkamlash masalalarining barcha yo‘nalishlarini ko‘rib chiqadilar.

Davlat rahbarlari delegatsiyalarning kengaytirilgan tarkibdagi muzokaralarida ikki tomonlama va ko‘p tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalarini, shuningdek, o‘zaro munosabatlarni yanada rivojlantirish istiqbollarini muhokama qiladilar.

Muzokaralar yakunida davlat rahbarlarining Qo‘shma bayonoti qabul qilinishi, shuningdek, qator hukumatlararo va idoralararo hujjatlar imzolanishi ko‘zda tutilgan.

Matnazar Elmurodov, O‘zA