Nukusda «Odil sudlovni ta’minlash – Qoraqalpog‘iston Respublikasini korrupsiyadan holi hududga aylantirishning muhim omili» mavzusida konferensiya bo‘lib o‘tdi.

Videokonferensaloqa tarzida o‘tgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi Akademiyasi olimlari, prokuratura, ichki ishlar va sud organlari, mutasaddi soha rahbarlari, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Orolbo‘yi mintaqasini rivojlantirish masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari B.Matmuratov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesining Qonuniylik, sud-huquq va korrupsiyaga qarshi kurashish masalalari qo‘mitasi raisi Z.Reymova so‘zga chiqib, sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar avvalo insan huquq va manfaatlarini himoya qilishga qaratilgani, barcha sohalar kabi sud-huquq tizimida ham korrupsiyaning oldini olish va murosasiz kurashish borasidagi ishlar o‘z samarasini berayotganini qayd etdi.

Korrupsiya jamiyat rivojiga qarshi qaratilgan harakat sifatida har qanday jamiyat va davlatda ijtimoiy-iqtisodiy muammolarning kelib chiqishiga sabab bo‘ladigan omil sifatida baholanadi. Mamlakatimizda sud-huquq tizimini yanada takomillashtirish, fuqarolarni odil sudlovga erishish darajasini yuksaltirish, jamiyatda korrupsiyaga nisbatan murosasiz munosabat shakllantirilmoqda. So‘nggi yillarda tizimda, jumladan, Qoraqalpog‘iston Respublikasida qonun ustuvorligini ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar tahlil qilindi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi tomonidan tasdiqlangan «Yo‘l xaritasi»da sud, prokuratura, tergov va surishtiruv organlari faoliyatiga oid belgilangan ustuvor vazifalarning ijrosi, mamlakatimizda byurokratik to‘siqlarni bartaraf etish va «yashirin iqtisodiyot»ni qisqartirish choralarini ko‘rish, «Korrupsiyasiz soha» loyihasini amalga oshirish yuzasidan olib borilayotgan chora-tadbirlarning ahamiyati to‘g‘risida fikr-mulohazalar bildirildi.

Aniq raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, o‘tgan 2020 yilda Qoraqalpog‘iston Respublikasida 77 nafar shaxs korrupsiyaviy jinoyatni sodir etgani uchun javobgarlikka tortilgan. Shundan xalq ta’limi sohasida 9 nafar mansabdor shaxs tomonidan korrupsion jinoyat sodir etilgan.

Tadbir ishtirokchilari o‘zlarini qiziqtirgan savollariga javob oldi va «Yo‘l xaritasi»dagi topshiriqlarning ijrosini ta’minlash yuzasidan vazifalar belgilandi.

Konferensiyada Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisining o‘rinbosari A.Davletov ishtirok etdi.

 

Dovud Abibullayev,

Maqsad Habibullayev (surat),

O‘zA