Poytaxtimizda O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan Yangi yil bayramiga bag‘ishlangan “Show sase” loyihasi doirasida ma’daniy-ma’rifiy tadbir o‘tkazildi.
O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan ishlab chiqilgan “Show sase” loyihasidan ko‘zlangan maqsad O‘zbekiston yoshlar ittifoqining maqsad va vazifalarini yoshlar orasida keng targ‘ib etish, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarda yoshlarning ishtirokini yanada faollashtirish, yuksak ma’naviyatli, mustaqil fikrlaydigan, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta o‘zlashtirgan avlodni voyaga yetkazishga ko‘maklashish, ularning ma’naviy barkamol shaxs bo‘lib, jamiyatda o‘z o‘rinini topishi hamda o‘zlari qiziqqan sohaning yetuk mutaxassislari bo‘lib yetishishlarida ko‘maklashishdan iborat.
Yosh targ‘ibotchilar markazining qatnashchilari O‘zbekiston yoshlar ittifoqi tomonidan amalga oshirilayotgan ishlar, yoshlarning mamlakatimizdagi olamshumul o‘zgarishlar jarayonidagi ishtirokini yanada faollashtirish borasidagi dolzarb vazifalar yuzasidan qizg‘in fikr almashdi, yigit-qizlarning intellektual salohiyatini yuzaga chiqarishga oid yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha taklif va mulohazalar bildirildi.
Tadbirning badiiy qismida Yosh targ‘ibotchilar markazi qatnashchilari hamda “Turon” teatr-studiyasi aktyorlari “Mehr va muhabbat” deb nomlangan sahna ko‘rinishi, teatrlashtirilgan shou va boshqa tomoshalar ko‘rsatib, barchada bayram shukuhini uyg‘otdi. Iste’dodli yoshlar tomonidan tayyorlangan rang-barang musiqiy dasturlar, o‘yin va viktorinalar, Vatan, yoshlik mavzularida kuy-qo‘shiqlar ijro etildi.
Tadbirda faol ishtirok etgan yoshlarga esdalik sovg‘alari topshirildi.