Yaqin-yaqingacha Orol dengizi Markaziy Osiyo iqtisodiyotini rivojlantirish, oziq-ovqat ishlab chiqarish, aholi bandligini ta’minlash va barqaror ijtimoiy infratuzilmani shakllantirishda muhim o‘rin tutar edi.

Orol bo‘yi suv havzalarida yiliga 35 ming tonnagacha baliq ovlanar, Amudaryo va Sirdaryo deltalaridagi unumdor yerlar, yuqori samarali yaylov va suv havzalari millionlab odamlarning chorvachilik, parrandachilik, baliqchilik va qishloq xo‘jaligi sohalarida ish bilan bandligini ta’minlardi. Mintaqa uchun eng murakkab muammolardan biri Orol dengizining ekologik halokati va ushbu ofat oqibatida yuzaga kelgan aholi genofondi va salomatligi, turmush sharoiti va darajasi, Orolbo‘yining o‘simlik va hayvonot olami bilan bog‘liq o‘tkir muammolardir.

Ayni mavzu yuzasidan O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari G‘olibjon Qurbonov O‘zA muxbiriga quyidagilarni so‘zlab berdi:

– Orol dengizi tarixiga nazar tashlasak, dengizning paydo bo‘lishi tabiiy ko‘rinish ekanligini bilamiz, – deydi G‘.Qurbonov.

– 1911 yildan 1962 yilgacha Orol dengizining suv sathi balanligi 53 metr atrofida edi, keyingi yillardan boshlab qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish ko‘payishi natijasida Orol dengizining suv sathi keskin kamaya boshladi va o‘tgan asrning 90-yillariga kelib, 13 metrga pasaydi. Shu davrda suv dengizning akvatoriya maydonida 66 dan 40 ming kvadrat kilometrgacha kamaydi.

Bu esa ekologik holat yomonlashuviga olib keldi. Sug‘oriladigan yerlarning ko‘payishi kollektor-drenaj suvlari ko‘payishi va Amudaryoning quyi qismida mineralizatsiya miqdori 5-8 gramm/litrda bo‘lishi kuzatildi. O‘sha davrda O‘zbekistonda gektariga 54 kilogrammdan ortiq har xil kimyoviy vositalar qo‘llanilardi. Bu esa sobiq ittifoq davrida qo‘llanilgan miqdordan 25-30 barobar ko‘p edi. Qo‘llanilgan mineral o‘g‘itlardan azotning 35-40, fosforning 15-20 foizgacha miqdori o‘simliklar tomonidan o‘zlashtirilar, qolgan qismi suv bilan dengizda cho‘kindi hosil qilardi.

Orol dengizi suv sathining kamayishi Orolbo‘yi hududida ekologik muvozanatning buzilishiga olib keldi. Dengiz baliqchilik, transportchilik ahamiyatini yo‘qotdi. Dengiz o‘rnida barxan qumlik va sho‘rhoklar paydo bo‘ldi, bu esa o‘z navbatida, tez-tez chang to‘zonli bo‘ronlarning ko‘payishi va tuzlar yog‘ilishiga sabab bo‘lmoqda.

Amudaryoning dengizga quyilish qismidagi deltada juda katta miqdordagi to‘qayzor va qamishzorlar hamda ko‘llar tizimi qurishiga, o‘simlik qoplamlari, hayvonot dunyosining yashash muhiti o‘zgarishi va ularning tur tarkibi keskin kamayishiga olib keldi.

Dengizning chekinishi natijasida cho‘llanish jarayoni kuchayib, havo “Mo‘’tadil dengiz” haroratidan “Keskin kontinental” darajaga o‘zgardi.

Orol dengizi o‘z tarixiy davrida bir necha marotaba suv sathining ko‘tarilishi va pasayishi jarayonini boshdan kechirdi. Buning asosiy sabablaridan biri iqlimning o‘zgarishi edi.

Dengiz cho‘l zonasida joylashgani sababli uning yuzasidan har yili 1 metr qalinlikdagi suv bug‘lanadi. Bu esa keyingi davrda dengizga daryolar olib kelgan suv, yog‘in va yer osti suvlaridan ortiqdir. Shuning uchun iqlimiy o‘zgarishlar natijasida Orol dengizi suvining sathi yillar davomida o‘zgarib turgan.

Tabiatning ushbu salbiy oqibatlari oldini olishning birdan-bir yo‘li bu suvi qurigan hududlarda yashil qoplamalar barpo etishdir.

Bu borada davlatimiz rahbarining tashabbusi va qo‘llab-quvvatlashi bilan Mo‘ynoq tumanida keng ko‘lamda o‘rmon meliorativ tadbirlari olib borildi.

Qabul qilingan qarorlar doirasida Orol dengizining suvi qurigan hududlarida 2018-2020 yillarda jami 1,2 million gektar, shundan 1,13 million gektar urug‘ va 0,07 million gektar ko‘chatdan o‘rmon-meliorativ tadbirlari amalga oshirildi. Shu jumladan, aviatsiya va deltaplan yordamida jami 0,8 million gektar maydonda “yashil qoplamalar” barpo etildi.

Ushbu o‘rmon-meliorativ tadbirlari uchun o‘rmon xo‘jaliklari ishchilari va aholi tomonidan jami 4,3 ming tonna cho‘l o‘simliklari, jumladan, 2,8 ming tonna saksovul, 0,9 ming tonna qoraburoq, 0,5 ming tonna qandim va 0,1 ming tonna cherkez va cho‘l yaylov o‘simliklari urug‘lari jamg‘arildi.

Shu bilan birga, Prezidentimizning Qoraqalpog‘iston Respublikasiga tashrifi davomida berilgan topshiriqlari ijrosini ta’minlash maqsadida Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 24 dekabrdagi “Respublika hududlarida o‘rmonzorlar, shuningdek, Orol dengizi va Orolbo‘yi hududlarida “yashil qoplamalar” barpo etish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.

Ushbu qaror ijrosini ta’minlash bo‘yicha O‘rmon xo‘jaligi davlat qo‘mitasi tomonidan chora-tadbirlar dasturi ishlab chiqilib, hozirda shu asosda o‘rmon-meliorativ tadbirlari olib borilmoqda.

bugungi kungacha Orol dengizining qurigan tubida 221 ming gektar, shundan 140,6 ming gektar kichik aviatsiya yordamida, 79,4 ming gektar maydonda texnikalar yordamida cho‘l o‘simliklarining urug‘idan hamda ming gektar cho‘l o‘simliklarining ko‘chatidan “yashil qoplamalar” barpo etildi.

O‘rmon-meliorativ tadbirlarini amalga oshirish uchun 700 nafar viloyatlardan kelgan mexanizator, o‘rmon xo‘jaligi va FVV ishchi-xodimlari, 592 dona texnika va mexanizm jalb etilgan.

Keyingi bosqichda o‘rmon-meliorativ tadbirlarini davom ettirish maqsadida 150 gektar maydonda cho‘l o‘simliklaridan niholxonalar tashkil etildi.

Ayni paytda cho‘l o‘simliklarining urug‘larini tayyorlash va “yashil qoplamalar” barpo qilish ishlari davom ettirilmoqda.

 

O‘zA muxbiri  

Muhayyo Toshqorayeva yozib oldi.