«Hakim ota” ovul fuqarolar yig‘ini Qoraqalpog‘iston Respublikasi Mo‘ynoq tumani markazidan 85 kilometr uzoqda joylashgan. Ushbu hududdagi «Ali ovul», «Do‘stlik», «Uch o‘zak», «Qiziljar» aholi punktlarida 4510 nafar aholi istiqomat qiladi.

Tumanning barcha joylardagi singari ushbu ovul fuqarolar yig‘inida ham «Obod mahalla» dasturi  doirasida keng ko‘lamli qurilish va obodonlashtirish ishlari boshlanish arafasida. Ovul aholisini anchadan buyon qiynab kelayotgan muammo-bu ichimlik suvidir. Shu kungacha ular ichimlik uchun yaroqsiz bo‘lgan suvni is’temol qilib keldi. Bu esa aholi, shu jumladan bolalar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatib, turli kasalliklarni keltirib chiqarar edi.

Aholini ichimlik suvi bilan ta’minlash maqsadida ovul hududidan o‘nta bosma kran qurib berildi. Ammo ularning ayrimlaridan yaroqsiz sho‘r suv chiqqan bo‘lsa, ayrimlari esa bugungi kunga qadar ishdan chiqqan. Qo‘ng‘irot tumanidan tashib keltiriladigan suvni sotib olib foydalanib kelgan, ammo u ham negadir yil boshidan buyon to‘xtab qoldi.

BMT Taraqqiyot Dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasi, O‘zbekiston hukumati Kanadaning mahalliy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi moliyalashtiruvidagi “O‘zbekistonning qurg‘oqchil tumanlarida joylashgan fermer va dehqon xo‘jaliklarining iqlimiy barqarorligini ta’minlash» qo‘shma loyihasi ushbu muammoni barataraf etishda katta yordam bo‘ldi. Ovul fuqarolar yig‘inidagi 17-umumta’lim maktabiga saotiga 500 litr suvni ishlab chiqaradigan qayta osmos uskunasi o‘rnatib berildi. Buning uchun maktab qoshiga quyosh elektr energiyasi bilan ishlaydigan nasos qurildi. bugungi kunda bu yerda chiqarilayotgan toza ichimlik suvini nafaqat maktab jamoasi, balki hudud aholisi ham iste’mol qilib kelmoqda.

–Ushbu uskunaning ishga tushirilishi hamqishloqlarim uchun juda qulay bo‘ldi, – deydi nuroniy Bahodir Doshmuratov. – Aholi ko‘p yillardan buyon ichimlik suvi ta’minoti yomonligidan aziyat chekib kelayotgan edi. Buning uchun, BMT Taraqqiyot Dasturining mamlakatimizdagi vakolatxonasiga minnatdorlik bildiramiz.

Butun dunyoni larzaga solgan koronavirus pandemiyasi davrida har bir korxona, tashkilot, muassasa va o‘quv yurtlari binolarini dezinfeksiyalash muhim ahamiyat kasb etadi. Loyiha doirasida bu yerga tozalash jarayonida qolgan sho‘r suvni gipoxlorid natriy dezinfeksiyalash vositasiga aylantiruvchi uskuna ham qurib berildi. Bu yerda sutkasiga 600 litr vosita ishlab chiqarilmoqda.

Mana shunday uskunalar “Mo‘ynoq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududidagi 1-umumta’lim maktabiga ham o‘rnatildi.

–Ta’lim qozoq va rus tillarida olib boriladigan o‘quv maskanimizda 700 nafardan ziyod o‘quvchi bilim olmoqda, – deydi maktab direktori Salamat Nurjanov. – Beg‘araz yordam sifatida qurib berilgan bu ikki uskuna ham alohida ahamiyatga ega. Birinchi uskuna jamoamizni bugungi kunning dolzarb muammosi bo‘lgan ichimlik suvi bilan ta’minlasa, ikkinchi uskunada ishlab chiqarilayotgan gipoxlorid natriy dezinfeksiyalash vositasi pandemiya davrida o‘qituvchilar va o‘quvchilarni har qanday infeksiyadan zararsizlantirishda qo‘llanilib kelinmoqda.

Loyiha doirasida qurg‘oqchilikka eng ko‘p duchor bo‘ladigan hududlarda iqlim o‘zgarishiga chidamli dehqonchilik va chorvachilik xo‘jaliklarini tashkil etish ishlari olib borilmoqda. Jumladan, loyiha yordamida Orolbo‘yida jami o‘nta, shu jumladan, Mo‘ynoq tumanida bitta yaylov kooperativi tashkil etildi. Ularga zamonaviy texnikalar, lazerli yer tekislagichlar, o‘rib-yig‘ib olish va boshqa uskunalar beg‘araz yordam sifatida berildi.  Bu ishlar chekka ovullar aholisining kundalik muammolarini bartaraf etishga, hududlarda yangi ish o‘rinlarini yaratishga va shu orqali ularning hayot farovonligini ta’minlashga xizmat qilmoqda.

Dovud Abibullayev, Maqsad Habibullayev (surat), O‘zA