Ijtimoiy tarmoqlarda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Beruniy tumanida sodir etilgan bezorilik jinoyati bo‘yicha ma’lumot tarqalgan edi.

Ma’lum bo‘lishicha, 2020 yil 16 dekabr kuni Beruniy tumani, Bunyodkor mahalla fuqarolar yig‘inida doimiy istiqomat qiluvchi fuqaro M.V. hamda uning uyi oldiga noqonuniy ravishda do‘kon qurib olgan, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanayotgan fuqaro S.D o‘rtasida o‘zaro janjal kelib chiqqan. Natijada fuqaro M.V.ga tan jarohati yetkazgan.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi IIV Axborot xizmatining O‘zA muxbiriga ma’lum qilishicha, mazkur holat yuzasidan 2020 yilning 30 dekabr kuni Beruniy tumani Ichki ishlar bo‘limi huzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlariga kirishilgan.

Olib borilayotgan dastlabki tergov harakatlari davomida jinoyat ishi 2021 yilning 19 yanvar kuni O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 109-moddasi 2-qismidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 3-qismi “a” bandiga qayta kvalifikatsiya qilinib, hozirda jinoyat ishi bo‘yicha protsess ishtirokchilari bilan bog‘liq barcha tergov va protsessual harakatlar amalga oshirilmoqda.

Janjalda ishtirok etgan har bir shaxsning harakatlariga qonuniy baho beriladi. Jinoyat ishi Qoraqalpog‘iston Respublikasi prokuraturasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan alohida nazoratga olingan.

Dovud ABIBULLAEV, O‘zA