Mamlakat iqtisodiyotining asosiy tayanch ustuniga aylanib borayotgan yirik soliq to‘lovchilar tarkibi yildan yilga kengayib borayotir.
Buni davlat byudjeti yanada mustahkamlanib borishida tashlanayotgan ijobiy qadamlardan biri, deyish mumkin.
Joriy yilning 11 yanvarida O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisining «Yirik soliq to‘lovchilar ro‘yxatiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida»gi buyrug‘i imzolandi.
Unga ko‘ra, Yirik soliq to‘lovchilar toifasiga kiruvchi yuridik shaxslar tarkibi o‘zgardi. Ushbu sanaga qadar mazkur toifaga kiruvchilar soni 836 tani tashkil etgan.
Joriy yilda Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo davlat soliq inspeksiyasi tomonidan xizmat ko‘rsatiladigan yirik soliq to‘lovchilar tarkibiga aksiz mahsulotlarini ishlab chiqaruvchi 2 ta, «O‘zbekneftegaz» AJ tizimidagi 2 ta hamda 280 ta boshqa yirik korxonalar qo‘shildi. Buning evaziga yirik soliq to‘lovchilar tarkibi jami 1 120 taga yetdi.
Shundan:
– aksiz solig‘iga tortiladigan tovarlarni ishlab chiqaruvchi va aksiz to‘lanadigan xizmat ko‘rsatuvchi korxonalar — 113 ta;
– tijorat banklari, tovar-xom ashyo, fond va valyuta birjalari — 34 ta;
– «Navoiy KMK» DK, «Olmaliq KMK» AJ va ularning tarkibiga kiruvchi tashkilotlar — 12 ta;
– mahsulot taqsimotiga oid bitim bo‘yicha ishlarni bajarishda ishtirok etayotgan tashkilotlar (SRP) — 5 ta;
– mahsulot (tovar, ish va xizmat)larni sotishdan olingan sof tushumi o‘tgan kalendar yil yakuni bo‘yicha 100 milliard so‘mdan yuqori bo‘lgan yoki ketma-ket keladigan o‘n ikki oylik davr yakuni bo‘yicha ushbu miqdordan oshgan yuridik shaxslar — 742 ta;
– uglevodorod xom ashyosi va mineral resurslarni qazib oluvchi, qayta ishlovchi, yetkazib beruvchi va sotuvchi hamda elektr energiyasini ishlab chiqaruvchi va yetkazib beruvchi yuridik shaxslar (avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalari bundan mustasno) — 190 ta;
– O‘zbekiston Respublikasining havo bo‘shlig‘idan yo‘lovchilarni tashish maqsadlarida foydalanuvchi, xalqaro havo aloqalarini amalga oshiruvchi va ularning tarkibiga kiruvchi yuridik shaxslar — 24 tani tashkil etadi.
Yirik soliq to‘lovchilar bo‘yicha hududlararo DSI
Jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot sho‘basi