Shavkat Mirziyoyev 14 yanvar kuni ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qonunni imzoladi.
Jumladan, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeks davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikni buzganlikka oid yangi modda bilan to‘ldirildi.
Kiritilgan qo‘shimchaga binoan, davlat xaridlari rejalarini, shu jumladan reja-jadvallarini shakllantirish va joylashtirish tartibi bo‘yicha qonunchilik talablariga rioya etmaslik, shuningdek davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilgan hollarda davlat xaridlarini amalga oshirish chog‘ida maxsus axborot portaliga davlat xaridlari bo‘yicha e’lonlar joylashtirish tartibini, majburiy muhokama o‘tkazish tartibi va muddatlarini hamda davlat xaridi natijalarini joylashtirish muddatlarini buzish mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan o‘n baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi
Shuningdek, davlat xaridlari to‘g‘risidagi e’lonlarga va xarid hujjatlariga qonunchilikda taqiqlangan hamda raqobatni cheklovchi axborotni, havolalar va talablarni kiritish, xarid hujjatlarini tasdiqlash hamda buyurtmalarni shakllantirish tartiblarini buzish mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n baravaridan o‘n besh baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Tovarlarni, ishlarni va xizmatlarni yetkazib beruvchilarni tender o‘tkazish yo‘li bilan aniqlash talablarini buzish, shuningdek davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikka muvofiq tovarlarni yetkazib beruvchini, ish beruvchini va xizmat ko‘rsatuvchini raqobatli xarid usuli vositasida aniqlash belgilangan hollarda, davlat xaridlarini yagona yetkazib beruvchidan yoki to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnomalar asosida amalga oshirish to‘g‘risida qaror qabul qilish mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.
Davlat xaridlari jarayonidagi affillangan va manfaatlar to‘qnashuvi haqida davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikda belgilangan tartibda xabar bermaslik, shuningdek davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilikda nazarda tutilmagan hollarda, davlat xaridlari bo‘yicha takliflarni qabul qilmaslik yoki takliflarni taqdim etish muddatlarini davlat xaridlari to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga zid ravishda qisqartirish, shuningdek takliflar solingan konvertlarni ochish va xarid hujjatlariga muvofiq takliflarni baholash talablarini buzish mansabdor shaxslarga bazaviy hisoblash miqdorining yigirma baravaridan o‘ttiz baravarigacha miqdorda jarima solishga sabab bo‘ladi.