Xurshida Jalilova 2020 yilning avgust oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Inson huquqlari bo‘yicha Vakili (ombudsman)ga murojaat qilib, nohaq ishdan bo‘shatilganini bildirgan edi.

Murojaatda ta’kidlanishicha, X.Jalilova 2000-2012 yillar mobaynida Samarqand viloyati Ichki ishlar boshqarmasi va uning quyi tizimlarida turli lavozimlarda ishlab kelgan. Biroq 2012 yilda o‘tkazilgan xizmat tekshiruvida uning O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligiga mansub emasligi xulosa qilinib ishdan bo‘shatilgan. Shundan so‘ng, X.Jalilova 8 yil mobaynida ishga tiklanish bo‘yicha ko‘plab davlat idoralariga qayta va qayta murojaat qiladi. Uzoq urinishlar natijasida 2020 yilning mart oyida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlov hay’atining ajrimiga muvofiq, Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tomonidan o‘tkazilgan xizmat tekshiruvi g‘ayriqonuniy deb topilib, X.Jalilovani Samarqand viloyat Ichki ishlar boshqarmasi tergov bo‘limi katta tergovchisi lavozimiga tiklanishi belgilandi.

Lekin Oliy sud qarorining ijrosi o‘z vaqtida ta’minlanmadi. Shundan so‘ng, sobiq IIV xodimasi Ombudsmanga murojaat qiladi. Vakil tomonidan o‘tkazilgan o‘rganishlar davomida aniqlanishicha, Oliy sud qarori da’vogarning Qirg‘iziston Respublikasida fuqaroligi bor yoki yo‘qligi aniqlanayotgani vaji bilan ijro qilinmagan. Masalani hal etish maqsadida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha Vakili Qirg‘iziston Ombudsmeniga murojaat qilib, X.Jalilovaning fuqaroligiga aniqlik kiritdi. Shundan so‘ng, to‘plangan ma’lumotlar asosida ishga tiklash bo‘yicha Vakil Xulosasi O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar Vaziriga yuborildi.

Ichki ishlar vazirligining 2021 yil 8 yanvardagi javob xatiga muvofiq, X.Jalilova bor maxsus unvoni bilan IIV kadrlar safiga qo‘shilib, oradagi uzilish davrini xizmat muddatiga qo‘shgan holda xizmatga tiklangan.

Oliy Majlisning Inson huquqlari

bo‘yicha vakili (ombudsman)

Matbuot xizmati