“Mehr-3” dasturi doirasida O‘zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan insonparvarlik operatsiyasi amalga oshirilib, diniy ekstremistik g‘oyalarga ishonib to‘g‘ri yo‘lidan adashgan yurtdoshlarimiz orasida Suriya davlatidan mamlakatimizga qaytarilgan sirdaryolik Yulduz Usmanova ota-onasi bag‘riga qaytarildi.

Adashganlarga to‘g‘ri yo‘lni ko‘satish, ularga yordam qo‘lini cho‘zish xalqimizga, millatimizga, dinimizga xos fazilatdir.

Ota-bobolarimiz, qoqilganni suya, yiqilganni turishiga ko‘maklash, adashganni to‘g‘ri yo‘lga sol, shunda chin insonga xos ish qilgan, hajri savob olib, Allohning mukofotiga musharraf bo‘lasan, deya ta’kidlagan…

1990 yilda Sirdaryo viloyatida tug‘ilgan, Usmanova Yulduz Askarovna 2011 yil tumush o‘rtog‘i ortida Rossiya Federatsiyasiga ishlash uchun jo‘nab ketadi. U yerda xalqaro terroristik tashkilotlarning yot g‘oyalari ta’siriga tushib qolib, 2012 yilning sentyabr oyida 3 nafar farzandi bilan avval Eron Islom Respublikasiga, keyin Pokistonga va nihoyat Suriya davlatiga jo‘natiladi.

Suriyaning Shadodiy aholi punktida yashab yurgan paytida unga turmush o‘rtog‘i qurolli to‘qnashuvda o‘lganini aytishadi.

“Islom davlati” xalqaro terroristik tashkiloti jangarisi, asli O‘zbekistonlik boshqa bir davlat xoini bo‘lgan shaxsga turmushga chiqadi. 2015  va 2016 yillarda yana 2 nafar farzandi dunyoga keladi. 2020 yilning mart oyida u shar’iy nikohida bo‘lgan turmush o‘rtog‘i ham harbiy to‘qnashuvlar chog‘ida halok bo‘ladi.

Turli yot g‘oyalarga uchib, hayotning notekis yo‘llarida adashib, o‘zga yurtlarda qiyin ahvolga tushib qolgan 98 nafar yurtdoshimiz qatorida Yulduz Usmonova ham voyaga yetmagan 5 nafar farzandi bilan 2020 yilning 8 dekabr kuni Suriya davlatidan yurtimizga olib kelindi.

Suriyadan keltirilganlarning barchasi, hamma qulayliklarga ega Toshkent viloyatidagi “Bo‘ston” sog‘lomlashtirish muassassasida belgilangan muddat davomida davolanib, tibbiy va psixologik yordamlar ko‘rsatildi va sog‘liqlari tiklandi. Davlatimiz tomonidan ularning hujjatlari rasmiylashtirilib, qayta tiklab berildi va o‘z uylariga kuzatib qo‘yildi.

Ana shu adashganlar qatori Yulduz Usmonova ham o‘zining 5 nafar voyaga yetmagan farzandi bilan joriy yilning 11 yanvarida Guliston shahridagi Madaniyat mahalla fuqarolar yig‘inidagi uyiga olib kelindi.

Yulduzni ota-onasi, yaqin qarindosh-urug‘lari va mahalladoshlari samimiy qalb, yorug‘ chehra bilan kutib oldilar.

Yulduzning otasi Asqar aka, onasi Ra’no opa Usmonovalar farzandi va nabiralarini bag‘riga sog‘-salomat kelganidan sevinch yoshlarini, sog‘inch yoshlarini tiya olmadi. Suyunganlaridan Allohga beadad hamdusanolar, Prezidentimizga behisob rahmatlar aytishdi.

– Kurrai zaminimizning qayeridadir, mana shunday kechirimli O‘zbekistondek yurt va uning mehri daryo Prezidenti inson borligiga ishonish qiyin, – deydi ko‘zlarida yosh bilan Yulduzning onasi Ra’no opa Usmonova nabiralarini bag‘riga bosib. – Suriyaga adashib borganlar faqat o‘zbeklarmi? O‘zbekistondan va uning Prezidentidan boshqa birorta davlat fuqarolarini olib kelayotganini televizorda ko‘rmayapmiz, matbuotda o‘qimayapmizku? 

Pandemiya sabab butun jahon mamlakatlari iqtisodiy qiyinchilikka uchrab turgan bir paytda, urushning o‘chog‘idan, ular mamlakatimizni tashlab ketgan demay, millionlab dollar xarajat qilib, farzandlarimizni bag‘rimizga qaytarishdi. Ana shu ezgu ishlarga bosh-qosh bo‘lgan Davlatimiz rahbariga behisob rahmatlar bo‘lsin. Xalqimizni, yurtimizni baxtiga Prezidentimizning aziz boshlari hamisha omon bo‘lsin. Alloh u kishini va butun O‘zbekistonimizni hamisha o‘z panohida asrasin.

Madaniyat mahalla fuqarolar yig‘ini rais va faollari Yulduz Usmonovani jamiyatga to‘laqonli kirishib ketishi uchun otaliqqa olishlarini, munosib ish bilan ta’minlash, farzandlarini maktab va maktabgacha ta’lim tashkilotlariga joylashtirib, yetuk bilim olishlari uchun ko‘mak berishlarini aytdilar.

Mahalliy hokimlik tomonidan, Yulduz Usmonovaga barcha zarur uy-ro‘zg‘or buyumlari, 11 turdagi kundalik oziq-ovqat mahsulotlari, farzadlari uchun zarur o‘quv qurollari, darsliklar, kiyim-kechaklar inom etildi.

…Alloh kechirimli zot, bilib-bilmay xato qilgan, o‘z aybini tushinib, sidqidil tavba qilganni va bu kabi xatolikni yana qaytarib takrorlamasa, millatiga, diniga, yurtiga xiyonat qilmasa uni albatta kechiradi.

Biz bandalari ham bir adashgan yurtdoshimiz, millatdoshimiz, dindoshimizni to‘g‘ri yo‘lni topishida ko‘mak bersak, hajri savobni amalga oshirgan bo‘lamiz.

Zero Hdisu sharfda aytilganidek, savob ishni har kim qilishi kerak, savob ishni har kun qilish kerak.

A.QAYUMOV, F.TOSHMATOV (surat), O‘zA.