Joriy yilning 9 yanvar kuni Andijon shahridagi markaziy kortda vazn o‘lchash marosimi o‘tkazilgan bo‘lsa, professional janglar 10 yanvar kuni soat 17:00 da boshlandi.
Har bir jangi 5 daqiqa 3 raunddan iborat bo‘lgan 6 ta (66 kg, 70 kg, 77 kg, 84 kg, +93 kg) vazn toifasida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Ukraina va Tojikiston Respublikalarining professional sportchilari ishtirok etdi.
Dastlabki janglarni 66 km. vazn toifasidagi jangda hamyurtimiz Dilmurod Nurmatov qirg‘izistonlik raqibi Jamxurbek Abdulbaidni dastlabki raunddayoq texnik nokaut holatiga tushirdi. 70 kg. vazndagi uchrashuvda ham Doniyor Sodiqov Tojikiston jamoasi sharafini himoya qilgan Bobirmirzo Yo‘ldoshevni imkoniyatsiz qoldirdi. Aynan shu vazndagi ikkinchi jangda esa afsuski sportchimiz yutqazib qo‘ydi. Qolgan janglarda Mo‘minjon Mamajonov, Mashrabjon Ro‘ziboyev, Shahzod Sobirov, Husniddin Xaniyevlar g‘alabasini nishonlagan bo‘lsa, Alisher Akbarov yutqazib qo‘ydi.
Ushbu markaziy janglarda aralash jang san’atlari olamida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan yurtdoshimiz 84 kg. vazndagi Nursulton Ro‘ziboyev ukrainalik raqibi Maksim Sorokani birinchi raundning dastlabki daqiqasidayoq nokautga uchratib chempionlik kamariga ega chiqdi. Kamar uchun bo‘lgan ikkinchi jangda Shohasan Mirzamatov qozog‘istonlik Qutman Abdukaimovni oktagondan bosh egib chiqib ketishga majbur qildi va kamarga ega chiqdi.
Shunday qilib professionallar o‘rtasida tashkil etilgan bahs kechasi barcha muxlislarda katta taassurot qoldirdi.