Bugun – 10 yanvar kuni Qozog‘iston Respublikasi Parlamenti Majilisiga saylovlar bo‘lib o‘tmoqda.

2019 yil 9 iyun kuni bo‘lib o‘tgan muddatdan avvalgi prezidentlik saylovida g‘olib bo‘lgan  Qasim-Jomart Toqayev bir qator islohatlarni amalga oshirdi. Shundan so‘ng parlamentga muddatdan avval saylov o‘tkazish masalasi kun tartibiga chiqdi. Avvaliga saylovlar 2020 yilning aprelida o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Ammo Qozog‘istonda COVID-19 tarqalashi munosabati bilan muddatdan avval parlament saylovlarini o‘tkazish g‘oyasi chetga surildi.

“QRda saylovlar to‘g‘risida”gi konstitutsion qonunga binoan Majilisga navbatdagi saylovlar amaldagi chaqiriq deputatlarining vakolati tugashidan  besh oy avval mamlakat prezidenti tomonidan belgilanadi. Shu sababli 2020 yil 21 oktyabrida  Qasim-Jomart Toqayev Majilisga navbatdagi saylovlar o‘tkazilishi to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Bundan avvalgi saylov 2016 yil 20 martida bo‘lib o‘tgan, birinchi sessiya esa o‘sha yilning  25 martida o‘tkazilgan edi. Shu sababli hozirgi deputatlarning vakolat muddati 2021 yil 24 mart kuni yakunlanadi.

Mustaqil Qozog‘istonda sakkizinchi bor parlament saylovlari o‘tkazilar ekan, bu yilgi saylovlar yangicha tartibda bo‘lib o‘tadi. Birinchidan, so‘ngi 16 yilda parlament saylovlari muddatdan avval emas, belgilangan muddatda o‘tkaziladi.

Bu galgi saylovlar Konstitutsiyada belgilangan muddatda – amaldagi chaqiriqdagi deputatlar vakolatlarining tugashidan ikki oy avval bo‘lib o‘tadi. Qozog‘iston xalqlari Assambleyasi tomonidan saylanadigan deputatlar esa 11 yanvarda saralab olinadi.

Ikkinchidan, bu galgi saylovlar koronavirus pandemiyasi sharoitlarida bo‘lib o‘tadi. Bu galgi saylovlarning yana bir jihati, ovoz berishlar saylovlar to‘g‘risidagi qonunchilikka kiritilgan o‘zgartishlarga binoan o‘tkazilmoqda.

2007 yildan boshlab Majilis (parlamentning quyi palatasi) 107 nafar deputatdan iborat: 98 nafari partiyaviy ro‘yxat bo‘yicha proporsional saylov tizimi orqali, 9 nafari Qozog‘iston xalqlari Assambleyeyasi tomonidan saylanadi.

Ayni damda Majilisda uchta siyosiy partiya – “Nur Otan” (81 deputat), “Xalq kommunistlari” va  “Aq jol” (har ikki partiyadan yetti nafardan  deputat bor) vakillari faoliyat yuritadi.

“QRda Saylovlar to‘g‘risida”gi qonunga binoan parlament deputatligiga 125 yoshdan kichik bo‘lmagan va so‘nggi 10 yilda Qozog‘istonda istiqomat qilgan fuqorolar saylanishi mumkin. Sudlanganligi bekor bo‘lmagan, shuningdek  korrupsiya jinoyatlarida xukm qilinganlar deputatlika nomzod sifatida ko‘rsatilmaydi.

Navbatdagi parlament saylovi to‘g‘risida farmon qabul qilinganidan so‘ng prezident xalqqa qilgan murojaatida saylov qonunchiligiga kiritilgan o‘zgartish va qo‘shimchalar haqida ma’lumot berib o‘tdi.

Uning ta’kidlashicha, mamlakatda parlament muholifati instituti joriy qilindi. Endilikda parlament Majilisi doimiy qo‘mitalaridan birining raisi va ikkita kotibi parlament muholifati deputatlari orasidan saylanadi.

Parlament muholifati bitta sessiya davomida kamida bir marta parlament eshituvlarini tashkillashtirish huquqiga ega bo‘ldi. Shuningdek, bitta sessiya mobaynida kamida ikki marta xukumat soati kun tartibini belgilashi mumkin. Bundan tashqari siyosiy partiya fraksiyalarining rahbarlari parlament palatalarining qo‘shma majlisida, Majilis yalpi yig‘ilishlarida, Doimiy qo‘mitalar yig‘ilishlarida, ishchi guruhlar yig‘ilishlarida, parlament eshituvlari va boshqa tadbirlarda  so‘zlash kafolati berildi.

Ikkinchidan, “QRda Saylov to‘g‘risida”gi Konstitutsion qonun va “Siyosiy partiyalar to‘g‘risida” gi qonunda ilk bor xotin-qizlar va yoshlar uchun 30 foizlik kvota ajratilishi belgilab qo‘yildi.

“Bu me’yor xotin-qizlar va yoshlarni parlament va mahalliy kengashlarga jalb qilish uchun samarali mexanizm bo‘ladi hamda ularning mamlakat ijtimoiy-siyosiy jarayonlarida faol ishtirokini ta’minlaydi”, – deya ta’kidladi Qasim-Jomart Toqayev.

Uchinchidan, bu galgi saylovlar ilk bor partiya ro‘yxati asosida o‘tkazilmoqda. Saylovning proporsional modeli jahon demokratik amaliyotiga mos keladi hamda siyosiy tizimni mustahkamlashga, demokratiyani rivojlantirishga, siyosiy partiyalarning yanada  faollashuviga hissa qo‘shadi.

Majilisning  hozirgi tarkibining o‘rtacha yoshi 56 yoshni tashkil qiladi. Qonunchillikka kiritilgan o‘zgartishlar hamda xotin-qizlar va yoshlarga ajratilgan 30 foizlik kvota tufayli yangi chaqiriqdagi Majlis deputatlari yanada “yosharishi» kutilmoqda.

Bu galgi saylov jarayonida yana bir yangilik hukmron Nur Otan partiyasi tomonidan amalga oshirildi. Mazkur partiya fuqorolarni siyosiy jarayonga keng jalb qilish maqsadida ilk bor  praymeriz o‘tkazdi. Ma’lumotlarga ko‘ra,  partiya ichida bo‘lib o‘tgan praymerizda 10 mingga yaqin nomzod qatnashgan. Ovoz berishda esa 662 687 kishi ishtirok etdi.

Sog‘liqni saqlash vaziri Aleksey Soyning ta’kidlashicha, saylov kuni masofa saqlash, niqob taqish choralari ko‘riladi va saylov uchastkalari dezinfeksiya qilinadi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi tana haroratining ko‘tarilishi tashxisi qo‘yilgan qozog‘istonliklarga alohida ovoz berish xonalari ajratilishini aytdi. Bu haqda 3 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan brifingda ma’lum qilingan edi.

“Harorat borligi aniqlanganlar umumiy saylov uchastkasiga kiritilmaydi. Ammo ular uchun alohida xona tashkil etiladi, u yerda bemorlar o‘z saylov huquqlarini amalga oshirishlari mumkin”, — dedi Sanitariya-epidemiologiya nazorati qo‘mitasi raisi Ayjan Esmagambetova.

Sharofiddin To‘laganov, O‘zA